Breaking News

Odessadagi zo'ravonliklar nimaga yetaklaydi?


Ko’p narsa, deydi kuzatuvchilar, markaziy hukumat nazoratni eplab, bu qiyin damlarda jamiyatni qanchalik boshqara olishiga bog’liq.
Ko’p narsa, deydi kuzatuvchilar, markaziy hukumat nazoratni eplab, bu qiyin damlarda jamiyatni qanchalik boshqara olishiga bog’liq.
Ukrainada asosan rus tilida gaplashadigan hududlar, mamlakatning sharqiy qismi notinch. Lekin o’tgan kunlar ichida zo’ravonliklar g’arbga ham ko’chgan. Qadim Odessa shahrida 42 faol o’ldirilgan, bari Rossiya tarafdorlari bo’lgan.
Odessa - Ukraina - Rossiya - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00
Yuklab oling

Odessa – Ukrainaning janubi-g’arbiy markazi. Uchinchi eng yirik shahar. Qariyb 1 million aholiga ega. Sharqdagi tartibsiz shaharlardan kamida 700 kilometr uzoqda. O’tgan hafta Odessada boshlangan to’qnashuv qonli tus olib, o’nlab insonlarning o’limi bilan yakunlandi. 4-may kuni, xususan, Rossiya tarafdorlaridan tashkil topgan guruh politsiya idorasiga bostirib kirib, hibsdagi safdoshlarining ozod etilishini talab qila boshlagan. Janjal chiqqan. O’t qo’yilgan.

Kiyevdan maxsus kuchlar safarbar etilib, Odessa ularning nazorati ostida. Shahar politsiyasi zaif, ko’plab xodimlar Rossiya tarafida ekanini aytib, vazifasini bajarmagan.
Odessa tarixi bo’yicha yetakchi ekspert, amerikalik olim Laynel Ingram deydiki, shahar har ikki davlat uchun birdek muhim.

“Odessa - ulkan port. Qora dengiz bo’yidagi strategik obyekt. Okeanga olib chiqadi. Rus inqilobi paytida ham, undan oldin ham Odessa siyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega maskan sanalgan”,- deydi ekspert.

Ukraina hukumati Odessadagi vaziyatni o’nglay olmasa, undan ayrilishi mumkin, deydi Ingram.

“Politsiya bu yerda ham sharqiy shaharlardagi ishni qildi, ya’ni xavfsizlikni saqlash va suverenitetni himoya qilishdek vazifani eplay olmadi. Qaysidir jihatdan bundan bosh tortdi ham. Lekin, umuman olganda, Odessa o’zini ukrain shahar deb biladi”,- deydi Ingram.

Yana bir mutaxassis Mark Shrad tahlilicha, tinchlikni ta’minlay olmagan hukumatga har yerda ishonch pasayadi.

“Shuncha odamning o’limi aholiga qattiq ta’sir qilmoqda. Ular endi kim ukrain, kim rus deya bo’lina boshlagan. Aholini yarashtirish, yaraning bitishi juda qiyin bo’ladi”,- deydi Shrad.

Odessadagi notinchlik Moldovaga ko’chishi mumkin degan xavotirlar bor, xususan Prednestrovye o’lkasiga. Rossiya tarafdorlari ko’p yana bir mintaqa.

“Nazarimda bu to’polonlar hali-beri to’xtamaydi. Odessa Ukraina sharqi, Qrim va Prednestrovye orasidagi ko’prik, ularni bog’lovchi nuqta deb kelamiz. Ko’rdikki, bu yerda ham bir pasda qon to’kildi”,- deydi Shrad.

Odessadagi fojia Ukrainaning boshqa shaharlaridagi rusparast guruhlarga kuch berib, qo’zg’olonlar boshlanishi mumkin degan vahima hukmron. Ko’p narsa, deydi kuzatuvchilar, markaziy hukumat nazoratni eplab, bu qiyin damlarda jamiyatni qanchalik boshqara olishiga bog’liq.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG