Breaking News

“Diqqat markazida” filmi, Di Kaprio "Oskar"ga sazovor bo'ldi


Yakshanba oqshom, 28-fevral kuni, Golivudda “Oskar” kinomukofotining sohiblari aniqlandi. Rejissor Tomas Makkarti suratga olgan “Diqqat markazida” (Spotlight) filmi yilning eng yaxshi kartinasi deb topildi.

“Eng yaxshi original ssenariy” uchun beriladigan sovrin ham shu film ijodkorlariga nasib etdi.

Unda nasroniy, xususan katolik cherkovlarida bolalarni jinsiy xo'rlash, ularga tegajog'lik qilish holatlari yoritiladi. Kartina faktlarga asoslangan bo'lib, 2000-yillarning boshida "Boston Globe" gazetasi olib borgan izlanishlar va chop etgan tahliliy materiallar ortidagi tarixni aks ettiradi.

“Yilning eng yaxshi aktyori” deb Leonardo Di Kaprio topildi. U “Tirik qolgan” (The Revenant) filmidagi bosh roli uchun taqdirlandi. Di Kaprio bungacha besh bor “Oskar” mukofotini olishga nomzod bo’lgan edi. Oltinchi urinishda kinoakademiya nihoyat uning ijodini yuqori baholadi.

“Tirik qolgan” filmi rejissori Alexandro Inyaritu ham "Oskar" oldi.

Bri Larson “Xona” (Room) filmida o’g’irlangan ona rolini ijro etgani uchun “Eng yaxshi aktrisa” uchun sovrinni qo’lga kiritdi.

Eng ko’p “Oskar” haykalchalari “Mard Maks” (Mad Max Fury Road) filmiga berildi - oltita.

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bu yilgi taqdimot marosimida sahnaga chiqib, ko’pchilikni hayratga soldi. Bayden maktab va oliygohlarda tez-tez uchraydigan jinsiy tajovuz hollari haqida so'zlab, bu jinoyatlardan jabr ko'rganlarni quvvatlashga undadi. Ledi Gaga bu mavzuda qo'shiq kuyladi. O'nlab jabrdiydalar sahnaga chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG