Breaking News

Rim Papasi Yaqin Sharqdagi nizolarga e'tibor qaratmoqda


Rim Papasi Fransisk
Rim Papasi Fransisk
Qo’shma Shtatlar Suriyadagi fuqarolik urushi va Isroil-Falastin ixtilofini tugatish masalasida Vatikandan maslahat olmoqda. Rim Papasi Fransisk may oyida Yaqin Sharqqa safar qilishni rejalagan. Seshanba kuni AQSh davlat kotibi Jon Kerri Vatikanda Katolik cherkovi tashqi ishlar vaziri Piyetro Parolin bilan uchrashdi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Rim Papasi tashqi siyosatga katta qiziqish bildirmoqda va nufuzini Suriya hamda Isroil-Falastin mojarolariga barham berish uchun ishga solmoqchi.

Kelasi hafta Jenevada Suriya tinchlik anjumani boshlanishi kutilar ekan, Katolik cherkovining rahbari bu boradagi sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlamoqda.

"Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik muzokaralarining jonlangani ijobiy hol. Har ikki tomon xalqaro hamjamiyat yordamida muammolariga yechim topa olishi uchun ibodat qilaman", - dedi Fransisk.

Kerri arxiyepiskop Piyetro Parolin bilan uchrashuv chog’ida ana shu mavzularni muhokama qilib, Vatikan davlat kotibiga Isroil-Falastin tinchlik muloqoti qanday kechayotgani haqida ma’lumot bergan. Papa may oyida Iordaniya, Isroil va Falastinga bormoqchi.

"Mavzu Vatikanga muqaddas yerlarda nafaqat tinchlik o’rnatish bilan, balki Quddusda barcha e’tiqod vakillarining ibodat qilishlariga imkoniyat yaratish bilan ham ahamiyatlidir", - deydi Kerri.

AQSh vositachiligidagi muzokaralar xavfsizlik bilan bog’liq masalalar tufayli qiyin kechmoqda. Isroil Falastin bo’lajak davlatining bir qismi deb bilgan G’arbiy Sohilni egallayotgani, yahudiy posyolkalarini qurishda davom etayotgani arablar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Isroil esa qo’shni tomondan uchib kelayotgan snaryadlar aholisi xavfsizligiga tahdid solayotganini aytadi.

AQSh sobiq elchisi Adam Erelining aytishicha, har ikki tomon murosa qilishga shoshmayapti.

"Isroil ham, Falastin ham ixtilofga chek qo’yishni istaydi, ammo qarshi tarafga to’g’ri keladigan shartlar asosida kelishishni xohlamaydi. Isroil Falastin davlatining to’la mustaqil bo’lishini istamaydi, hududini xavfsizlik kuchlari nazorat etishini, arablarni Sharqiy Quddusdan uzib qo’yishni xohlaydi. Falastinliklar esa faxrlanishga arzigulik to’laqonli davlatga ega bo’lishga intiladi", - deydi sobiq elchi.

Falastin ahli prezident Mahmud Abbosdan muzokaralardan foyda bo’lishini talab qilmoqda. Qo’shma Shtatlar ham uni murosaga chaqirmoqda.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu nazarida falastinliklar muloqotga jiddiy yondashmayapti.

Vashingtondagi Amerika universiteti professori Xillari Men Leverett nazarida esa AQShning Isroilga milliardlab dollarlik beg’araz yordami, qurollari uni murosaga ishtiyoqsiz qal’aga aylantirdi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri har ikki tomonga bosim qo’ymoqda. Rim Papasining Yaqin Sharqqa may oyiga rejalangan safaridan ham umidlar katta.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG