Breaking News

Senator Jeyms Rish: AQSh Rossiyaga kuchliroq bosim o'tkazishi kerak


Jeyms Rish, respublikachi senator
Jeyms Rish, respublikachi senator

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasining yetakchi a'zolaridan biri, respublikachi senator Jeyms Rish Obama ma'muriyatining Rossiyaga oid siyosatini tanqid qilib chiqdi. Joriy yilgi prezident saylovi uchun kechayotgan kampaniyada ham Obamaning tashqi siyosatini qoralayotganlar ko'p.

"Amerika Ovozi" Gruzin xizmati bilan suhbatda senator Rish deydiki, Vashingtonda Rossiyaning Qrimni egallab olishi va Ukrainadagi ayirmachilarni qo'llab-quvvatlashiga qarshi yetarli darajada jiddiy chora ko'rmadi.

"Sanksiyalar qaysidir darajada ishlayapti, ammo kutilganidek emas. Hozirgidan ko'ra kuchliroq bosim o'tkazishimiz kerak", - deydi senator.

Rish fikricha, AQSh va ittifoqchilari sanksiyalar orqali ta'sir o'tkazish bo'yicha yaxshi tajribaga ega, ammo bundan buyon boshqa choralarni ham qo'llashga o'tish kerak.

Rossiya 2014-yil boshida Qrimni Ukrainadan tortib olganidan beri AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya kompaniyalari va rasmiylariga nisbatan bir qator iqtisodiy jazo choralarini e'lon qildi. Rasmiylarga viza berishni taqiqlash va ularning xorijdagi mol-mulkini muzlatish kabi sanksiyalar bir necha bosqichda amalga oshirildi.

Senator Rish nazarida 2008-yil Rossiya Gruziyaga qo'shin kiritganda ham G'arb qattiqqo'llik bilan javob qaytara olmagan edi va natijada Prezident Vladimir Putin bu safar Suriya va Ukrainaga harbiylarini kiritishdan cho'chimadi.

"Kimdir nimadir qilmasa, shu narsa qayta-qayta sodir bo'laveradi. Bizga buni tarix o'rgatgan. Bu holatda ham shunday bo'ldi. Rossiyaning qilmishlariga qarshi deyarli hech qanday sanksiya qo'yilmadi. Shunday ekan, nega endi Rossiya Qrimga, Ukrainaga kirishdan cho'chishi kerak? Bu qilmishlar uchun hech qanday javobgarliksiz suvdan quruq chiqishlariga ularning ishonchlari komil. Ayniqsa, hozirgi ma'muriyatimizbilan", - deydi senator Rish.

Rossiyaning xorijda harbiy amaliyotlarni kengaytirayotgani uning kuchayayotganidan dalolatmi?

"Putin Ukraina uning nazoratidan chiqib ketayotgani uchun ham shunday qilmoqda. Ta'sirini yo'qotmaslik uchun shunga majbur bo'ldi. Suriyada ham xuddi shunday. Katta sarf-xarajat bilan o'z davlati manfaatlarini himoya qilishga urindi. Rossiya hozir Ukraina yoki Suriyaga harbiy kuchlarini kiritishdan oldingi paytga qaraganda kuchliroq degan qarash tashqi aloqalarda kuch-qudrat tushunchasini noto'g'ri tushunish bilan barobar. Xohlagan narsangizga zo'ravonlikka qo'l urmasdan erishsangiz, shu haqiqiy kuch bo'ladi", - deydi senator.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG