Breaking News

Rossiyada o'zbek muhojirlar, dindorlar iskanjaga olinmoqda


Sankt-Peterburg
Sankt-Peterburg

Rossiyada g'ayriqonuniy ishlayotgan muhojirlar va dindorlarga nisbatan bosim kuchaymoqda. Jumladan, o'zbekistonlik Hasan Sattorov “Turkiston islom harakati” faoliyatini qayta tiklaganlikda gumon qilinib, hibsda. Sattorov O'zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini noqonuniy o'zgartirishga da'vat qilganlikda ayblanmoqda.

Sankt-Peterburgda terrorizm, ekstremizm gumoni bilan O'zbekiston fuqarosi ushlangan-Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:13 0:00

Rossiyada ishlayotgan huquq himoyachilari Sattorov haqida ko'p ma'lumotga ega emas. Biroq endi O'zbekiston konstutsiyaviy tuzumini ag'darish da'vatiga uchganlik gumoni bilan o'nlab o'zbeklar hibsga olinishi mumkin, degan xavotirda.

“Sputnik” axborot agentligi xabariga ko'ra, xalqaro qidiruvda bo'lgan Sattorov 2012-yilda Sankt-Peterburgda “Turkiston islom harakati” faoliyatini tiklagan. Majlislarida Suriya va boshqa mamlakatlarda jihod qilish muhokama qilingan.

Nashr mazkur harakat haqida aniq ma'lumot bermaydi. Huquq faollari taxminiga ko'ra, “O'zbekiston islom harakati”dan ajralib chiqqan guruh nazarda tutilayotgan bo'lishi mumkin.

Rossiyada ishlayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev deydiki, so'nggi paytda musulmonlarga nisbatan tayziqlar yangi ekstremist guruhlarni ko'paytirayapti.

“Bu biz uchun ham yangilik bo'ldi. Albatta biror bir tashkilotni ayblash kerak. 2012-yilga urg'u berilayotgani esa bejiz emas, ya'ni shu paytgacha ancha musulmonlarni jalb qilgan deyishmoqchi. Biz hukumat berayotgan bu ma'lumotga uncha ishonmaymiz, lekin bu yana ancha musulmonlar qamalishi, xonavayron bo'lishini anglatadi. Hozir ular faqat “Hizb ut-Tahrir” uchun qamayapmiz deb charchashdi. Yangi tashkilotlar o'ylab chiqilmoqda. Sankt-Peterburgda “Turkiston islom harakati” borligiga ham, musulmonlar bu tashkilotga qo'shilayotganiga ham ishonmayman”, - deydi u.

Rossiyada yashayotgan musulmonlarning katta qismini markaziy osiyolik mehnat muhojirlari tashkil etadi. Ularning aksariyati o'zbekistonliklar. Diniy ekstremistik faoliyatda ayblanib qamalayotganlar ichida ham o'zbeklar ko'p, ayrimlari o'zbek maxsus xizmati tomonidan o'g'irlab ketilmoqda, O'zbekistonga topshirilmoqda. Davlatlararo qidiruvda bo'lgan Sattorov ham O'zbekistonga jo'natilgan bo'lishi ehtimoldan xoli emas, deydi suhbatdoshlar.

Rossiya va O'zbekiston maxsus xizmatlari o'rtasida diniy ektsremizm bo'yicha yo'lga qo'yilgan hamkorlik har qanday namozxonni ekstremistga yoki jihodchiga chiqarish uchun asos yaratib beradi, degan fikrda faollar.

“O'g'irlanganlar, ekstraditsiya qilinayotganlar materiallarini ko'raman. Hammasida jihodchilar degan narsa ko'p. Ikki davlat o'rtasida hamkorlik bor, deylik Rossiyada birortasini qamashdi, O'zbekistondan darrov xabar keladi, biz uni qidiruvga begandik, deb. Bunday tashkilot ham bor, ular jihodchilar, deb. Hasanov ham xuddi shunday bo'ladi. Bu esa aslida yo'q narsani, to'qib chiqarilayotganini anglatadi”, - deydi Hamroyev.

O'zbekiston huquq tartibot idoralari qancha odamni diniy ekstremizmda gumonlab qidiruvga bergani noma'lum. Faollar deydiki, ularning aksariyati ishchi muhojir o'zbeklar; ko'pi qidiruvda ekanidan bexabar fuqarolar.

So'nggi paytda O'zbekistonda diniy ekstremizm, jihodchilik va “Islomiy davlat”ga aloqadorlik aybi bilan o'tkazilgan ommaviy hibslarda ham asosan mehnat muhojirligidan qaytgan fuqarolarni ko'rish mumkin.

“Ular tashqarida bir-birlari blan yaqin bo'lgan, birga machitlarga borishgan, yig'ilib turishgan, deb ko'rilayapti. Bizning idoralarga esa shunday ma'lumotlar tushayapti mehnat muhojirlari haqida, ya'ni ular tez orada O'zbekistonni tark etib, boshqa jihodchi guruhlarga qo'shilmasligi uchun harakat qilinmoqda. Hozircha shunga qarshi amaliyotlar o'tkazilayotgani aytilayapti”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz mehnat muhojirlari sonini keskin kamaytirdi, ammo diniy motivlar bois O'zbekistonni tark etgan muhojirlar uchun emas. O'zbekistonga qaytishning o'ta xatarli ekanini yaxshi bilgan bu qatlam, tazyiqlarga qaramasdan Rossiyada qolishni afzal biladi, ular oz emas:

“Rossiya o'z qosh-qovog'iga qaramagan musulmonlarni baribir qatago'n qilaveradi. Hozir 500 mingga yaqin o'zbekistonlik qaytmoqchi emas, chunki hammasi qora ro'yxatga tushganini, borganidan so'ng qaytib chiqmasligini yaxshi biladi. Pasport almashishidan maqsad o'zbeklarni olib ketish edi, lekin ko'pchilik borsa qamalishini yaxshi biladi. Xudo bu xalqni shunday qildiki, bu narsa radio-televideniyeda muhokama qilinmasa ham, ular o'zaro bir-birlariga buni yetkazadigan qilib qo'ydi”, - deydi Bahrom Hamroyev.

Eslatish joiz, avvalroq Rossiyaning Tagansk viloyatida 14 nafar o'zbekistonlik qalbaki pasportlar yasash, muhojirlarni Suriyadagi janglar uchun jihodchilikka yollashda ayblanib qamaldi. O'zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulova o'z tarbiyalanuvchisi, rus qizaloqni kallasidan judo qilgani esa butun Rossiyani larzaga soldi.

Bahrom Hamroyev nazarida Rossiyadagi o'zbekistonlik dindorlarga nisbatan avj olayotgan so'nggi bosimlar O'zbekiston maxsus xizmati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshmoqda. O'zbek hukumati muhojirlikdagi dindorlarni yoppasiga ortga qaytarishga kirishgan.

“O'zbekistondagi rejimga katta xatar bu mehnat muhojirlari. Karimov buni hali ularga “dangasalar” deb tuhmat qlishni boshlagandan yaxshi bilgan edi. Endi ular faqat shunchaki ko'cha supuruvchilar emas, ular bu yerda qamalishi mumkin, lekin ortga qaytmaydi”, - deydi Hamroyev.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Rossiyadagi o'zbekistonliklar soni 2 millionga yaqin ko'riladi. Rossiya iqtisodida kuzatilayotgan inqrozdan avval bu raqam 5 million atrofida edi. Muhojirlar O'zbekistonga yuborayotgan mablag' ham avvalgi 5 millarddan, 2015-yil natijalariga ko'ra, 2 millard dollardan oshiqroqni tashkil etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG