Breaking News

Boris Nemsov o'limida ayblanib ikki shaxs hibsda


Boris Nemsov o'ldirilganiga bir hafta bo'ldi. U otib ketlgan joydan odam arimaydi. Moskva, 7-mart, 2015.
Boris Nemsov o'ldirilganiga bir hafta bo'ldi. U otib ketlgan joydan odam arimaydi. Moskva, 7-mart, 2015.

Boris Nemsovning o'limida gumon qilinib, ikki shaxs qo'lga olingan - Anzor Gubashev va Zaur Dadayev. Ism-sharifidan ular Shimoliy Kavkazdan bo'lishi mumkin, biroq rasmiylar bu borada og'iz ochmayapti.

Federal xavfsizlik bo'yicha mas'ul Aleksandr Bortnikov hibslar haqida davlat rahbari Vladimir Putinga ma'lum qilgan.

Muxolifat lideri Nemtsov bir hafta oldin kechqurun Kreml yaqinida otib o'ldirilgan. Unga qarata yetti bor o'z uzilgan, to'rttasi unga tekkan. Nemsovning ayol hamrohi omon qolgan.

Nemsovni demokratiya kurashchisi, erkinlik kuychisi deya biladigan G'arb uning qotilini topib, adolatni ta'minlashga undab kelmoqda. Muxolifatchilarga nisbatan bunday jinoyatlar oldin ham kuzatilgan Rossiya Amerika va Yevropa Ittifoqi nazarida inson huquqlari muntazam poymol etiladigan og'ir bir jamiyat.

Nemsov hayoti doimiy xavf ostida ekanini aytib kelardi biroq vatanni tark etishni xohlamagan. 1-mart kuni uning boshchiligida katta namoyishlar, hukumatga qarshi chiqishlar rejalangan edi. 27-fevralda esa uning o'zi yo'q qilindi. Moskva va boshqa katta shaharlarda namoyishlar o'tib, ularda marhum xotirlandi.

Tarafdorlari nazarida Nemsovning qotili Rossiyada hukmron avtoritar tuzum. Putin shaxsan uning o'ldirilishini buyurmagan bo'lishi mumkin biroq u jamiyatda muxolif fikrlaydiganlarga nisbatan nafratning oshishida javobgar, deydi oppozitsiya vakillari.

Yana bir taxmin shuki, Nemsov Kremlning Ukrainadagi "qora ishlari" haqida aniq ma'lumotlarga ega bo'lgan va uni oshkor etish arafasida yurganida nishonga olingan.

Prezident Putin qotilni topishni buyurar ekan, jinoyatni "buyurtma" ga o'xshatgan.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Latviya poytaxti Rigada uchrashib, Ukrainadagi mojaroni muhokama qilmoqda. Minskda imzolangan sulhga to'liq amal qilinadi va astalik bilan tinchlikka erilishiladi degan umid bor. Aks holda rossiyaparast kuchlarni quvvatlayotgan Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar qo'yiladi, deydi diplomatlar.

Kiyev esa separatistlarni sulhni buzganlikda ayblamoqda, u tomon esa Ukraina hukumatini turli hujumlarda qoralamoqda. Bugun rossiyaparast kuchlar mojaro hududlaridan qurol-aslahasini olib chiqqanini e'lon qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG