Breaking News

Rossiya Vladivostokni mintaqaviy markazga aylantirmoqchi


Rossiyaning Vladivostok shahri sentabr oyida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan 20 davlat rahbarlari sammitiga mezbonlik qildi. Iqtisodiy ahamiyati tobora oshib borayotgan bu shaharning mintaqada katta rol o’ynashi muqarrar.

Sammit tugaganiga qaramay Tinch okeani bo’yida joylashgan bu shaharda qilinadigan ishlar ko’p hali. Rossiya hukumati ulkan rejalar tuzgan. Primorsk o’lkasi yangi gubernatori Vladimir Miklushevskiy sarmoyadorlar ko’nglini ovlash bilan band. Kelasi 10 yilda umumiy qiymati 95 milliard dollarga teng 19 ta loyiha amalga oshirilishi ko’zlangan.

"Qo’shni Xitoyning iqtisodiy qudrati oshar ekan, biz qog’ozbozlikka chek qo’yishimiz kerak", - deydi u.

Shaharning yangi aeroporti yaqinida kelasi yilda “Shimoliy Makao” loyihasi ustida ish boshlanadi. Bu yerda Rossiyadagi eng yirik kazino va dam olish maskani bo’ladi.

"Maqsadimiz yiliga 10-12 million sayyohni jalb etish", - deydi gubernator Miklushevskiy.

Yirik bankir Salavat Rezbayev esa Xitoy sarmoya kiritmasa bo’lmaydi degan fikrda. U Xitoydan Vladivostokdagi yangi port uchun to’rt milliard, yangi shahar uchun esa 30 milliard dollar jalb etish ustida ishlamoqda.

“Bundan yetti yoki 10 yil avval iqtisodning ayrim sektorlariga Xitoy sarmoyalarini jalb etishning imkoni yo’q edi. Bu haqda hech kim o’ylamasdi ham. Endi esa aynan shunday jarayonga guvohmiz. O’zimiz ham buning ustida ishlayapmiz. Hukumat, rasmiylar bizni qo’llab-quvvatlayapti”, - deydi u.

Sentabr boshida prezident Vladimir Putin xorijiy investorlarni jalb etish niyatida ekanini namoyish qilish uchun Vladivostokda “Mazda” markali yapon avtomobillarini ishlab chiqaruvchi qo’shma korxona ochdi.

Yelizaveta Badalova Sollers deb nomlanuvchi bu shirkatning Rossiya tomonidagi vakili. Korxona Vladivostokda nafaqat Mazda, balki Janubiy Koreya bilan Ssang Yong avtomobillarini ham ishlab chiqaradi.

“Vladivostokliklar yaponlarning ishlatilgan mashinalarini sotib olardi. Endi esa ular shu yerda ishlab chiqarilgan avtomobillarni haydashi mumkin,” - deydi Badalova.

Xorijiy sarmoyadorlar Vladivostokning geografik joylashuvidan mamnun. Britaniyalik tadbirkor Klayv Bouen yangi aeroport yaqinida 200 million dollarlik avtomobil sport markazi qurishni rejalamoqda.

“Biz Osiyoning avtomobil sporti sohasidagi asosiy bozorlari, ya’ni Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoydan bor-yo’g’i 1-1,5 soatlik masofadamiz”, deydi u.

Osiyo bilan aloqalarni rivojlantirish orqali Rossiya Vladivostokni mintaqaviy iqtisodiy markazga aylantirish niyatida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG