Breaking News

Anti-amerikanizm Rossiyada muxolifatga qarshi qurol


Moskva
Moskva

AQSh va Rossiya orasidagi rishtalar soviganda sovigan. Vashington-Moskva, Oq uy-Kreml aloqalari yaqin orada iliqlashmaydi, deydi har ikki tomon rasmiylari. Rossiyada anti-amerikanizm har qachongidan avj olib, muxolifatga qarshi harakatlarda qurol sifatida ishlatilmoqda.

Amerika yangi sanksiya qo'ysa, Rossiya chidab o'tirmasligini bildirmoqda.

“Agar AQSh o'ziga zarar qilmoqchi bo'lsa bizga nisbatan cheklovlarni kengaytiradi va buning evaziga bizdan arsenalimiz orqali javob oladi",- dedi Sergey Ryabkov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari.

Amerika va Yevropa rahbarlari nazarida bu ogohlantirish Kremldagi bugungi kayfiyatni yaqqol aks ettiradi - harbiy-agressiv.

Rossiyadagi mustaqil Levada tadqiqot markazi o'tkazgan so'rovlarda omma Yevropa Ittifoqi, Ukraina hamda AQSh xususida o'ta salbiy fikrda ekani aniqlangan.

Levada direktori Lev Gudkov deydiki, rus axborot vositalari ertadan kechgacha G'arbga qarshi propaganda bilan band.

Lev Gudkov Levada tadqiqot markazini boshqaradi
Lev Gudkov Levada tadqiqot markazini boshqaradi

"Anti-amerikanizm 2015-yilga kelib ayniqsa cho'qqiga ko'tarildi. O'tgan yili so'ralganlarning 81 foizi Amerika haqida salbiy fikrda bo'lsa, hozirga kelib bu ko'rsatkich 64 foizda",- deydi Gudkov.

Bir tomondan pasaygan, lekin odamlar bilan gaplashganingizda, nafrat darajasi kuchayganini sezasiz, deydi tadqiqotchi.

Kremlning maqsadi nima?

"Ikki narsa: birinchidan, G'arb va ayniqsa AQSh olg'a surgan qadriyatlar, xususan qonun ustuvorligi, erkinlik va huquqni oyoqosti qilish va uni arzimas narsadek qilib ko'rsatish; ikkinchidan esa Prezident Vladimir Putindan norozi fuqarolarni dushman sifatida tasvirlash. Ular talab qilayotgan islohot va o'zgarishlar Rossiyaga kerak emas, deya ko'rsatish",- deydi Gudkov.

Muxolifatchilar chet el agentlari, sotqinlar sifatida aks ettiriladi. Propaganda bevosita Amerikaga qarshi emas, balki u targ'ib qiladigan qadriyatlarda, ayniqsa shaxs erkinligi, matbuot va fikr erkinligida.

Rossiya Amerika bilan urushga borishi mumkinmi?

"Aholi orasida shunday qo'rquv bor. Uchinchi jahon urushi boshlanishi mumkin degan vahima... Kreml tili bilan aytganda, G'arb Rossiyaning oyoqqa turishiga qarshi, undan qo'rqadi. Biroq Rossiya o'ziga ishonsa, nima uchun bunchalik o'zini ko'rsatishga harakat qilmoqda? Propagandaga nega buncha zo'r bermoqda? Nimadan qo'rqadi?" - deya so'raydi Gudkov.

Rossiya yakkalanishni xohlamaydi, biroq Ukraina va Suriyadagi ishlari xalqaro hamjamiyatdan uni yanada chetlashtirdi.

Gudkov tahlilicha, bu holatni ko'plab ziyolilar yaxshi tushunadi. Demagogiya chuqur ildiz otgan ijtimoiy-siyosiy kasallik. Davlat rahbari aktual muammolarga aql bilan yechim qidirishdan ko'ra xalqning tor fikriga tayanib, uning ko'nglini puch yong'oqqa to'ldirish bilan band bo'ladi.

Putin Rossiya ahlini "qudrat namoyishi" bilan aldab kelmoqda, deydi Gudkov. Aholining uchdan ikki qismi umrida tug'ilgan joyidan boshqa joyga bormaydi yoki boshqa hududda yashamaydi. Putin mana shu qatlamni avrashga o'rgangan va o'z hokimiyatini shu usul bilan mustahkamlagan, deydi ekspert.

Putinga ko'ra, ayb xorijda, Rossiyani ko'ra olmaydigan tashqi dunyoda, jumladan Amerikada. Rossiya aholisi bu gaplarga judayam ishonadi. Gap faqat Amerikaning yomonligida emas, balki unga sotilgan fuqarolar hali ham mamlakatda bemalol yashab yurganida. Ularni yo'q qilish kerak degan tushuncha keng tarqalgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG