Breaking News

Samarqand anjumani - O'zbekiston uchun strategik imkoniyat


O‘zbekistonda Markaziy Osiyo barqarorligi va taraqqiyotiga doir yirik xalqaro anjuman chaqirilgan. 10- noyabr kuni Samarqandda boshlanadigan bu anjumanda qo'shni davlatlar, jumladan Afg‘oniston hamda Eron va Turkiya tashqi ishlar vazirlari, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha Oliy vakili, AQSh rasmiylari qatnashishi kutilmoqda.

Samarqandda yirik xalqaro anjuman - maqsad?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

Toshkent BMT shafeligida o‘tayotgan bu konferensiyani prezident Mirziyoyev olg‘a surayotgan Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, taraqqiyot va barqarorlikka erishish siyosati ning amaliy qadamlari sifatida taqdim etmoqda.

Samarqanddagi konferensiya hozirgacha Markaziy Osiyoda hamkorligi muhokama qilingan uchrashuvlardan shaklan farq qiladi. Unda mintaqaning besh davlatidan tashqari, qo‘shni Afg‘oniston, Eron, Turkiya tashqi ishlar vazirlari, AQSh va MDH davlatlaridan ham rasmiylar qatnashadi. Ikki kun davom etadigan bu anjuman ishtirokchilarning umumiy soni 500 dan oshiq, deb ko‘rsatilgan.

9-noyabr kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilayotgan Yevropa Ittifoqini tashqi siyosat bo‘yicha Oliy vakili Frederika Mogereni ham Samarqanddagi konferensiya ishtirokchilaridan biri bo‘ladi. Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti Yevropa Ittifoqini mintaqaga nisbatan siyosatida qonun ustuvorligi va adolat targ'ibotiga alohida urg'u berishga undamoqda. Blok agar Markaziy Osiyoga sidqidildan yordam berishni istasa, bunga siyosiy irodasi yetsa, deyiladi HRW bayonotida, farovonlik va xavfsizlik avvalo inson huquqlari va demokratiya ta'minotini talab etishini hisobga olishi zarur.

Konferensiya ishida BMT, YXHT, SHHT, MDH kabi bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari nutq so'zlaydi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti Yevropa Ittifoqini mintaqaga nisbatan siyosatida qonun ustuvorligi va adolat targ'ibotiga alohida urg'u berishga undamoqda. Blok agar Markaziy Osiyoga sidqidildan yordam berishni istasa, bunga siyosiy irodasi yetsa, deyiladi HRW bayonotida, farovonlik va xavfsizlik avvalo inson huquqlari va demokratiya ta'minotini talab etishini hisobga olishi zarur.

Toshkent ikki kunlik forumda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek, mintaqa taraqqiyotida hamkor davlatlar ko‘magi va o‘rni muhokama qilinishini xabar bermoqda.

Samarqanddagi forum O‘zbekiston tashabbusiga ko‘ra Markaziy Osiyo hamkorligi muhokama qilinayotgan ilk uchrashuv emas, avvalroq Toshkentda o‘tgan “Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi” deb nomlangan konferensiyada ham hamkorlik yo‘llari, jumladan Samarqanddagi uchrashuvlar tartibi, tarkibi ham muhokama qilingan edi.

Afg‘oniston, Eron, Turkiyani mintaqa tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuvga tortilayotgani hali kuzatilmagan, Markaziy Osiyodagi siyosiy, savdo iqtisodiy munosabatlar rivojlanishi, xavfsizlik bilan bog‘liq masalada bu qo‘shni davlatlar muhim o‘rin tutishi ta’kidlanmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo yo‘nalishi asosan iqtisodiy hamkorlikka qaratilgan. Mintaqa davlatlari aksariyati SHHT, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi tashkilotlarga a’zoligi inobatga olinsa, Toshkentning taklifi muqobil yo‘nalishdek ko‘rinadi, ammo O‘zbekiston hamkorlik dasturida mintaqaviy tashkilotlar tuzish haqida gap yo‘q.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov afg'on rasmiylari bilan
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov afg'on rasmiylari bilan

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston tomonidan surilayotgan Markaziy Osiyo ustuvorligi siyosatini shunday izohlaydi:

“Mintaqaning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega O‘zbekiston bu hudud barqarorligi, taraqqiyotidan hammadan ko‘ra ko‘proq manfaatdor. Iqtisodiy jihatdan rivojlanayotgan Markaziy Osiyo biz uchun eng asosiy ustivorlikdir”, - degan edi Abdulaziz Komilov “Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi” konferensiyasidagi chiqishida.

Mirziyoyev olg‘a surayotgan Marakaziy Osiyo ustuvorligi siyosati hozircha asosan marhum Karimov davrida keskin ziddiyatlashgan O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar aloqalarini tiklanishi bilan kuzatilmoqda.

O'tgan yili O'zbekiston Samarqandda Prezident Islom Karimovni dafn etgan edi
O'tgan yili O'zbekiston Samarqandda Prezident Islom Karimovni dafn etgan edi

O‘tgan sentyabr oyida boshqaruvga kelgan yangi prezident Mirziyoyev hozirgacha Tojikistondan tashqari mintaqani barcha mamlakatlarida davlat tashrifi bilan bo‘lishga, aloqalarda yangi bosqich boshlashga ulgurdi.

Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi ham ayni paytda muhokama qilinayotgani, safar shu yili amalga oshishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bor.

Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi asosiy ziddiyatlar suvdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib kelayotgan edi. Toshkent va Bishkek o‘rtasida bu mojaro o‘zaro davlat tashrifi davomidagi muzokaralarda O‘zbekistonni “Qambarota” GESi qurilishida ishtirok etishiga kelishish bilan yakun topdi.

Qirg'izistonning muddati bitayotgan rahbari Almazbek Atambayevni Toshkentda yaqinda qabul qilgan Mirziyoyev 25 yil davomida ziddiyatli qolgan muammolar bir yil davomida yechilayotganini o‘zaro ishonch kuchayayotganidan darak sifatida ta’kidlab o‘tgan edi.

Tojikiston bilan ham asosiy ziddiyat suvdan foydalanishga taqaladi, so‘nggi vaziyatga ko‘ra O‘zbekiston Tojikistonga ichki bahoda gaz sotishga rozi bo‘lgan, ammo tomonlar “Rog‘un” masalasida qanday yechimga kelishishi hozircha mavhum.

O‘zbekiston bu borada BMTni asosiy vositachi sifatida ko‘radi.

Samarqanddagi konferensiya davomida muhokama qilinishi kutilayotgan mavzulardan biri ham mintaqada suvdan foydalanishning samarali yo‘llarini taklif qilish.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG