Breaking News

Eron Saudiya Arabistoni uchun katta tahdidmi?


Eron qurolli kuchlari
Eron qurolli kuchlari

Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni to’xtatganidan buyon xavotirlar kuchaygan. Mintaqadagi ikki yirik davlat bir-biriga raqib. Ular Suriya va Yamanda o’zaro kuch sinashmoqda. Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlar ham yo Eronga, yo Saudiya Arabistoniga ergashyapti.

Saudiya Arabistonida yangrayotgan fikrlardan biri shuki, agar Suriya yoki Yamanda Eron va ittifoqchilarining qo’li baland kelsa, bu qirollikka harbiy va ruhiy jihatdan zarba bo’ladi.

Yadroviy dastur bo’yicha G’arb bilan kelishuvga erishilgach, Tehronga nisbatan xalqaro sanksiyalar bekor qilindi. Eron jahon bozorlariga chiqmoqda. Ayrimlar buni Saudiya uchun yangi imkoniyat deb hisoblaydi.

“Ikkimiz bir kemada suzib ketayotgandekmiz. Yoki ikkimiz cho’kamiz, yoki birga suzishimiz kerak”, - deydi Saudiya Arabistoni Neft vazirining sobiq maslahatchisi Muhammad al-Sabban.

Janjal

Riyod bozorida savdo qilayotgan odamlardan so’rasangiz, ikki davlat orasidagi nizodan oddiy xalq jabr tortishini aytishadi. Sunniy va shia musulmonlar o’rtasidagi qarama-qarshilik bir necha asr avval boshlangan. Eron - dunyodagi eng qudratli shia davlat. Saudiya Arabistoni esa sunniylar orasida yetakchi.

O’tgan oy Saudiyada obro’li shia ulamosining qatl etilishi dunyo shialari orasida, ayniqsa Eronda katta g’azab va norozilikka sabab bo’ldi.

Namoyishchilar qirollikning Tehrondagi elchixonasiga hujum qilganidan keyin Riyod Eron bilan aloqalarni uzdi. Unga Quvayt, Bahrayn, Sudan va Birlashgan Arab Amirliklari ham qo’shildi.

Eron hukumati hujumlarni qoraladi va 100 dan ziyod odam hibsga olinganini bildirdi. Ammo ko’pchilik voqeada Eron hukumatini ayblaydi.

“Eron qo’shnimiz. Kaltabin siyosat hukumatdan chiqadi, rahbarlar xalqni o’ylamaydi”, - deya fikr bildiradi attor Abu-Talal Sulton. Lekin Eron va Saudiya xalqlari haqida gapirar ekan, “barimiz - musulmonmiz, birodarmiz”, deydi u.

Harbiy xarita

Suriyada Eron Bashar al-Assad hukumatini qo’llab-quvvatlaydi, Yamanda esa hukumatga qarshi chiqayotgan hutiy isyonchilarni. Tahlilchilar nazarida, Tehron shu tariqa mintaqada ittifoqchilarini ko’paytirish payida.

Iroqda shia guruhlar kuchga to’lishi va Misrning Rossiya bilan hamkorligi chuqurlashishini hisobga oladigan bo’lsak, Yaqin Sharqda Eron ustuvorlikni qo’lga kiritishi ehtimoli bor, deydi saudiyalik jurnalist Jamol Xashogi. Bu holatni u Ikkinchi Jahon urushidan oldin Yevropada Germaniyaning kuchaygani bilan qiyoslaydi.

So’nggi oylarda Eronning global sahnadagi ahamiyati oshar ekan, Saudiya o’zini yakkalanib qolgandek his etayapti, deydi Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi maslahatchisi Hamad al-Shahriy.

Qirollik Eronning Suriya, Yaman va boshqa mojarolardagi aralashuvini to’xtatmagan G’arbdan norozi.

"AQSh - hamkorimiz. Erondan mojarolarni dastaklash va isyonchilarga qurol-aslaha yetkazishni bas qilishni talab qilishi kerak edi”, - deydi al-Shahriy.

Qirollik uchun yadroviy dasturga qaraganda Yaqin Sharqdagi urushlar kattaroq xavf, deb hisoblaydi u.

Iqtisodiy xavotirlar, imkoniyatlar

Shu yil oxiriga borib Eron kuniga bir million barrel neft eksport qila boshlashi mumkin. Demak, neft narxi yanada pasayadi. Bu esa asosan neft eksportidan kun ko’radigan Saudiya Arabistoni uchun jiddiy iqtisodiy zarba.

Boshqa tarafdan, yagona bozorda raqobatlashayotgan ikki davlat murosa izlamasa bo’lmaydi, deydi Saudiya banklariga maslahat beruvchi Jon Sfakianakis.

“Neft narxini ko’tarishning yagona yo’li ishlab chiqarish hajmini kamaytirishdir. Lekin Saudiya yakka tartibda bunday ishga qo’l urmaydi, chunki bozorda o’z ulushini boshqalarga boy bergisi yo’q. Buning uchun barcha raqiblar kelishib, ishlab chiqarishni kamaytirishi kerak”, - deydi iqtisodchi.

Qolaversa, orada savdo-sotiq yo’lga qo’yilsa, ham Saudiya Arabistoni, ham Eron bundan foyda ko’radi.

Ikki davlat o’rtasidagi diplomatik aloqalar qachon tiklanishi noma’lum. Yaqinda Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Riyoddan Eronga nisbatan dushmanona siyosatni to’xtatishni so’radi. Saudiya Arabistoni ham Tehronga xuddi shu talabni qo’ymoqda.

Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasida munosabatlarning yaxshilanishidan butun musulmon dunyosi, arab dunyosi naf ko’radi, deydi suhbatdoshlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG