Breaking News

Obamaning yillik hisoboti - ham teleshou, ham jiddiy siyosiy tadbir


Prezident Obama Kongressga yillik hisobot bilan murojaat qilmoqda, 27-yanvar, 2010-yil.
Prezident Obama Kongressga yillik hisobot bilan murojaat qilmoqda, 27-yanvar, 2010-yil.
AQSh Konstitutsiyasiga ko’ra, prezident har yili Kongressning har ikki palatasi oldida o’tgan bir yilda qilingan ishlar bo’yicha hisobot berishi, ichki va tashqi siyosatga doir vazifa va rejalar bilan tanishtirishi kerak. Ertaga prezident Barak Obama uchun ana shunday mas’uliyatli kun. Ma’ruzadan so’ng muxolifat unga baho beradi.

Radio va televideniye hali paydo bo’lmasidan oldin Amerika prezidentlari Kongressga yozma ravishda murojaat qilar edi. Bugunga kelib tadbir siyosiy teleshouga aylangan.

Amerikaliklar mustaqillik uchun Britaniyaga qarshi kurashgan bo’lsa-da, davlat rahbarining parlamentga hisobot berish amaliyoti britanlardan meros bo’lib qolgan.

Prezident o’z nutqida mamlakatning bugungi ahvoliga to’xtalib, keyingi bir yilda siyosat qanday bo’lishini bayon qiladi va Kongressga choralarni amalga oshirishni tavsiya qiladi.

Sobiq prezident Ronald Reygan davridan boshlab, tadbirga mehmonlar taklif etila boshladi. Odatda qahramonlik ko’rsatib, xalq nazariga tushgan oddiy amerikaliklar yoki urushda alohida shijoat ko’rsatgan harbiylarni Kongressda ko’rish mumkin. Keyinchalik esa ayrim xorijiy rahbarlar ham bunday iltifotga muyassar bo’ldi.

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori Mark Romning aytishicha, har bir prezident yillik hisobotdan turli maqsadlarda foydalanadi.

"Ayrimlar siyosatini qonunchilarga bildirmoqchi bo’lsa, boshqalar shuning bahonasida gapini xalqqa ham yetkazishni istaydi. Agar xalq prezident siyosati va maqsadlarini qabul qilsa, Kongress jamoatchilik istagini rad eta olmaydi", - deydi Rom.

Tadbir Vakillar Palatasi binosida o’tkaziladi. Professor Romning aytishicha, bu ham jiddiy bir jarayon, ham siyosiy shoudir.

"Prezident rejalarini bayon qiladi. Uning Kongressdagi tarafdorlari o’rnidan turib, gulduros qarsaklar bilan uni olqishlaydi. Muxolif partiya qonunchilari esa joyidan jilmay, sukut saqlab o’tiradi", - deydi mutaxassis.

Mark Romning aytishicha, mamlakat chuqur iqtisodiy tanazzulda ekan, prezident Obamaning ma’ruzasi umid va rejalarga boy bo’lishi tabiiy.

Xususan, deydi olim, davlat rahbari iqtisodiyot, qurol nazorati, immigratsiya islohoti, afg’on urushi va Eron yadro dasturi kabi mavzularga to’xtaladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG