Breaking News

Suriyada sulh bot-bot buzilmoqda


Suriyadagi zo'ravonliklar yana avjiga chiqayapti. Urishayotgan taraflar xalqaro hamjamiyat vositachiligida erishilgan sulhni bot-bot buzmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'rtada jabr ko'rayotgan tinch aholiga yordam yetkazish qiyin ekanidan shikoyat qiladi.

Suriya armiyasi va uning ittifoqchilari mana bir necha kundirki, shimoldagi Halab shahrida muxolifat bilan olishayapti. Fevral oyida kuchga kirgan sulhdan keyin kuzatilayotgan eng qonli janglar bu, deydi guvohlar. Mamlakatda mashaqqat bilan erishilgan, zo'ravonlikni anchayin kamaytirgan bu sulh butunlay qo'ldan boy berilishi mumkin.

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Damashq, Eron, Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda.

"Xalqaro va mintaqaviy kuchlarning fikri bir joydan chiqishi muhim", - deydi Staffan de Mistura. Jang qilayotgan tomonlar kelasi haftada yana muzokara stoliga qaytishi rejalangan.

Bu orada, BMT va boshqa insonparvarlik tashkilotlari Suriya shaharlariga yordam yetkazish mushkul ekanidan xunob. Qamal holatidagi shaharlarga yegulik, dori-darmon juda kerak.

"Oxirgi bir necha kunda beshta karvon yo'lga chiqishi kerak edi. Bari yo'ldan qaytishga majbur bo'ldi. 287 ming kishi zarur yordamsiz qoldi", - deydi BMT rasmiysi Yan Egeland.

Rossiya va Eron Suriya hukumatiga "Islomiy davlat" to'dasini qator shaharlardan haydab solishga yordam berdi. Xalqaro koalitsiya ham qonxo'r jangari guruhni havodan bombardimon qilishda davom etayapti. Biroq jangarilar hanuz yirik xavf.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG