Breaking News

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda mahalliy kuchlar faollashishi mumkin


"Islomiy davlat" bilan chegarada yuz bergan otishmada halok bo'lgan turk askarining dafn marosimi, Gaziantep, 24-iyul, 2015-yil.
"Islomiy davlat" bilan chegarada yuz bergan otishmada halok bo'lgan turk askarining dafn marosimi, Gaziantep, 24-iyul, 2015-yil.

AQSh hukumatining ma'lum qilishicha, Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi mo'tadil muxolif guruhlarni tayyorgarlikdan o'tkazish va qurollantirish rejasi ko'ngildagidek amalga oshmagan. Shu paytgacha faqat 60 kishi tayyorgarlikdan o'tgan, xolos. Jangari guruhga qarshi harbiy amaliyotga Turkiya ham qo'shilar ekan, rasmiylar mahalliy darajada aksilterror harakatlari jonlanishidan umidvor.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurash, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

AQSh rahbari Barak Obama bir yildan beri o'zini "Islomiy davlat" deb e'lon qilgan guruhga qarshi mahalliy kuchlarni qurollantirishga chaqirib keladi.

Yaqinda Iroqqa borgan Mudofaa vaziri Eshton Karter ham piyoda qo'shinlarning ahamiyatiga alohida urg'u berdi.

"Biz "Islomiy davlat"ni yengamiz, chunki sivilizatsiya doim buzg'unchilikdan ustun kelgan. Lekin guruhni mag'lub qilish uchun bu yerda yaxshi bir armiyaga ega bo'lishimiz kerak. Buning uchun esa barchani qamrab oladigan hukumat bo'lishi muhim", - deydi Karter.

Shu oy boshida Pentagon yetakchisi suriyaliklarni jangarilarga qarshi qurollantirish amaliyoti juda sust ketayotganini, bu dasturda bor-yo'g'i 60 odam qatnashganini aytgan edi. Bu yil, reja bo'yicha, minglab odam tayyorgarlikdan o'tishi belgilangan edi.

Tanqidchilar, jumladan, "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Sara Lia Uitson bu reja hech qachon ishlamaydi, degan fikrda.

"Suriyada haqiqiy mo'tadil muxolifat bormi hozir, bu aniq emas. Mo'tadil guruhlarni hukumatga qarshi qo'liga qurol olishidan oldin, Suriyada demokratik o'zgarishlarni talab qilayotgan paytda qo'llab-quvvatlash lozim edi", - deydi Uitson.

Uning aytishicha, AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotganlarni qo'llab-quvvatlashni istaydi, ammo ularni jangga olib kirgan fuqarolar urushini bir yoqli qilish haqida o'ylamayapti.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallimga ko'ra, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat"ning Suriyada kuchayishini to'xtata olgani yo'q.

Terrorizmga qarshi samarali kurashish uchun mintaqaviy ittifoq zarur, deydi u.

Palmira yaqinidagi Suriya kuchlari zobitining aytishicha, hukumat armiyasi ko'hna shahar va uning atrofini qaytarib olish harakatida.

Chegara ortidan esa Turkiya qiruvchi samolyotlari ilk bor Suriya hududiga kirib, jangari manzillarini o'qqa tuta boshladi.

Ayrim tahlilchilar G'arb amaliyotlaridan ko'ra qo'shni davlatlar ishtiroki muammoni yechishda ko'proq samara berishini aytadi. Chunki mintaqa xavfsizligidan eng ko'p ular manfaatdordir.

Uitsonga ko'ra, Suriyadagi fuqarolar urushini to'xtatishning yagona yo'li tinchlik muzokaralarini o'tkazishdir. "Islomiy davlat" guruhi kuchayar ekan, muloqot boshlanishiga umid ham so'nib bormoqda.

"Suriyada jangari guruhlarning qudrati, harbiy salohiyati oshib borayotgan bir paytda muzokara o'tkazishning imkoni bormi, deb so'rashning o'zi qiyin", - deydi Uitson.

Boshqalar esa mojaroning kuchayishiga qo'shni davlatlarning aralashuvi ham hissa qo'shganini aytadi. Ular taxminicha, "Islomiy davlat"ni mag'lub etishning aniq bir chorasi mavjud emas va fuqarolar urushida hech kim g'olib bo'la olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG