Breaking News

"Islomiy davlat" qiyomat jangi uchun hozirlik ko'rmoqda


Suriya muxolif jangchilari
Suriya muxolif jangchilari

Suriyada bir qishloq bor. Hadisda aytilishicha, Dabiqdagi so'nggi hal qiluvchi jang qiyomatga yetaklaydi. Turkiya qo'shinlari, Amerika harbiy maslahatchilari va Suriya isyonchilari ana shu kurashga hozirlik ko'rayotganday, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan harbiylar.

Amerika mutaxassislari Turkiya askarlari va suriyalik isyonchilarga maslahat-tavsiyalar berib kurashga tayyorlayapti. Bu qo'shinlar Suriyaga, Dabiq tomon tobora chuqurroq kirib bormoqda.

Dabiq Turkiya bilan chegaradan 15 kilometr uzoqda joylashgan. Muqaddas kitoblarda yozilishicha, qishloqda kofirlarga qarshi hal qiluvchi jang bo'lib o'tadi. "Islomiy davlat" koalitsiya va koalitsiya tomonidagi kuchlarni kofirlar deb biladi. Hadisga ko'ra, musulmon qo'shinlarning yarmi qochadi, uchdan biri jangda nobud bo'ladi, qolgan qismi kurashda g'alaba qiladi va so'ng bugungi Istanbulni mahv etadi.

"Islomiy davlat" uchun Dabiq uchun janglar hadis rost kelishiga ishoradir. Qonxo'r jangari guruhga qarshi kurashayotgan tomonlar esa bu qishloqni qo'lga kiritib, terrorchi to'da ustidan mafkuraviy g'alaba qozonmoqchi.

Amerika maxsus kuchlari bir necha hafta oldin Turkiya harbiylari bilan birga Dabiq tevaragida reydlar o'tkazdi. Maqsad "sekin-asta, tag-tugi bilan" chegara hududlarini "Islomiy davlat" elementlaridan tozalash, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan generallar.

Turkiya rahbari Rajab Toyip Erdog'an dushanba kuni qilgan chiqishida uning armiyasi va Suriya muxolif kuchlari chegaradagi 5 ming kilometr kvadrat hududni jangarilardan xalos etishni rejalamoqda, degan edi.

Turkiya kuchlari, shunigdek, Suriya oppozitsiyasi bilan yelkama-yelka kurashib, Dabiq yaqinida "Islomiy davlat" o'rtashib olgan al-Bab shahrini ham jangarilardan tortib olmoqchi.

AQSh rasmiylarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, al-Bab jangarilar uchun xorij razvedkasi markaziga aylangan. O'tgan oy Manbij shahridan siqib chiqarilgan jangarilarning ko'pi aynan al-Babda jon saqlamoqda.

Al-Bab uchun janglarga Turkiya faqat havo kuchlarini safarbar etmoqchi. Amerika tomonidan piyoda askarlar ishtirok etadimi, yo'qmi, noma'lum. Faqat AQShning jangovar samolyotlari amaliyotda qatnashishini aniq ayta olaman, deydi polkovnik Jon Tomas.

"Bu urushda Amerika asosan havodan madad berib keladi", - deydi u. Biroq hududda AQShning maxsus maslahatchilari bor ekan, ularni mudofaa qilish uchun barcha choralarni ko'rishga tayyormiz, deydi Tomas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG