Breaking News

Korrupsiya va siyosiy elita, O'zbekistonga oid yangi tahlil 


O'zbekistonda korrupsiya hukumat boshqaruvida o'tirgan yirik amaldorlar, huquq-tartibot organlariga berilgan hadsiz vakolatlar hisobiga rivojlanmoqda. So'nggi paytda o'tkazilgan surishtiruv va tekshiruvlarning aksariyati siyosiy tuzum va korrupsiyaviy tizimning uzviy bo'gliqligiga ishora qiladi.

Ayrim hisobotlarda, jumladan Ochiq Jamiyat Instituti chiqargan yangi tahlilda, O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash siyosiy maqsadlarga bo'ysundirilgani ta'kidlanadi.

Prezident Islom Karmovning qizi Gulnora Karimova bilan bog'liq jinoiy ishga diqqat qaratilgan bu tadqiqotga ko'ra, O'zbekistonda chuqur ildiz otgan poraxo'rlik barqarorlikka tahdid solayotgan omillardan biri.

Bu tizimdan mo'may daromad topayotgan siyosiy elita ham, siyosiy kuchlarni nazorat qilayotgan hukumat ham manfaatdor. Hukumat korrupsiyaga qarshi kurash shiori ostida siyosiy guruhlarni jilovlashni maqsad qiladi.

Ayni paytda O'zbekiston huquq-tartibot organlari hokimiyat doirasidagi amaldorlarga taqaluvchi Asakadagi avtomobil zavodi bilan bog'liq jinoiy tizimni tergov qilishmoqda.

“Ozodlik” radiosiga ko'ra, “GM-O'zbekiston” avtomobil zavodiga doir tekshiruvlar yuzasidan yana taxminan 50 kishi so'roqqa chaqirilgani. Hibsga olinganlar orasida Soliq qo'mitasi raisi Botir Parpiyevning yaqinlari, jumladan avtomobil biznesi bilan shug'ullanib kelgan o'g'li Dilmurod Parpiyev ham bor.

Avvalroq zavod faoliyati ustidan boshlangan tekshiruv doirasida O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Ulug'bek Ro'ziqulov so'roq qilingan. “O'zavtosanoat” davlat kompaniyasi rahbari o'rinbosari, qo'shma korxona bosh direktori Tohir Jalilov, “Asakabank” rahbari Qahramon Ochilov, shuningdek, zavod miqyosida ishlagan bir necha rahbarlar ham qamoqqa olingan edi.

Gulnora Karimovaning ishi yuzasidan O'zbekistonda o'tgan surishtiruvlar kabi “GM-O'zbekiston” bo'yicha o'tayotgan taftish yuzasidan ham ma'lumotlar oz. Faollar hokimiyatdagi guruhlar o'rtasida kuchlar taqsimoti ketayotganini taxmin qilishadi.

G'arb matbuotida e'lon qilingan va "Panama hujjatlari" nomi bilan mashhur ro'yxatda ham ofshor hisoblarga ega o'nlab o'zbekistonliklarning nomi keltirilgan. Ularning aksariyati huquq-tartibot organlariga yaqin kishilar.

Latviyalik jurnalistlar tomonidan bu mamlakatdagi o'zbek boylariga doir o'tkazilgan surishtiruv natijalari ham bu guruh asosini maxsus xizmatlarga aloqador odamlar tashkil etishini ko'rsatdi.

Huquq himoyachilari O'zbekistondagi siyosiy tuzum kafolati bo'lib kelayotgan huquq-tartibot organlari o'rnini muhim baholashadi.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayevaga ko'ra, 2005-yilda Andijondagi namoyishlarning qonli bostirilishi ketidan maxsus xizmatlarga, huquq-tartibot organlarga hadsiz vakolatlar berildi. Nafaqat xavfsizlikka oid vaziyat, balki iqtisodiy, moliyaviy siyosat nazorati ham kuch ishlatar tizimlar tasarrufiga o'tdi.

“Andijon fojeasi mamlakatda keng miqyosli korrupsiya ildiz otishiga ham sabab bo'ldi. Namoyishchilarga qarata o'q uzishni buyurgan Karimov keyinchalik avjga chiqqan bu jarayonni to'xtatish uchun hech narsa qilmadi. Fojea yuzasidan axborot sizishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida, o'sha noqununiy buyruq bajargan harbiylar, maxsus xizmat vakillariga keng yo'l ochildi, xorij davlatlarida ularga tegishli ofshor hisob raqamlari paydo bo'ldi. Ular mamlakatning eng boy odamlariga aylana boshlashdi, ulardan biri MXXning rahbari Rustam Inoyatov”, - deydi Atayeva.

Gulnora Karimova ishi yuzasidan mustaqil surishtruv o'tkazgan xorijdagi o'zbek faollaridan biri Safar Bekjonga ko'ra, hokimiyatda o'tirgan guruhlarning, jumladan huquq-tartibot organlarining ham korrupsiyaga oid jinoyatlardan jazosizligi kafolatlangan. Korrupsiyaviy tizim nazoratchilari emas, ijrochilarigina jazolanishi mumkin.

“Shu toifadagi odamlar bor, bilimli, tajribali, o'z sohasini ustasi, ammo orqasida birorta klan yo'q. Ularni sistemada ishlatishadi, keyin esa qamalib ketaveradi. Men o'rtada turganman, pastdan olib tepaga uzatganman, deganini hech kim eshitmaydi. Ayrimlari qamalashi, nimaga borayotganini yaxshi biladi, ammo shunga majbur. Qamalib chiqqandan keyin xorijga chiqib ketishga urinadi. Gulnora Karimovaning ishi bo'yicha ham asosan o'rtada turgan ijrochilar qamalib ketdi, ayrimlari Yevropada hamon qochib yurishibdi”, - deydi Bekjon.

Xalqaro hisobotlarda O'zbekiston poraxo'rlik chuqur ildiz otgan davlatlar qatorida qayd etiladi. Mamlakat aholisi korrupsiya, tanish-bilishchilik mavjudligini ijtimoiy hayotning ajralmas bir qismi sifatida ko'rishga majbur.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG