Breaking News

Rossiya Tojikistonda barqarorlikni saqlashda yordam bermoqchi


Tojikistonda o'tgan hafta ro'y bergan otishmalarda o'nlab odam halok bo'lgan. Terror xurujlarida ayblangan Mudofaa vaziri muovini general Abduhalim Nazarzoda ishdan olindi, uni va qurollangan tarafdorlarini qo'lga olish amaliyotlari davom etmoqda. Chegaradosh mamlakatlar vaziyatni kuzatar ekan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonga ko’mak ko’rsatishga tayyormiz, deydi. Yuzaga kelgan vaziyatdan kim manfaatdor, oqibat nima bo’ladi?

Rossiya Tojikistonga barqarorlikni saqlashda ko'maklashmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:12 0:00

Moskvadagi Karnegi markazi tadqiqotchisi Aleksey Malashenko aytadiki, Tojikistondagi voqealar Rossiya bilan aloqalarga ta’sir qilmay qolmaydi, Rossiya Markaziy Osiyodagi har qanday o’zgarishlardan o’z manfaatlari yo'lida foydalanadi. Emomali Rahmon uchun hozir Rossiyadan boshqa yordam beruvchi kuch yo’q, deydi u.

"Moskva ro’y bergan voqealardan nafaqat Tojikistonda, umuman butun mintaqada o’z mavqeini mustahkamlash uchun albatta foydalanadi. Bahorda Tojikiston maxsus kuchlari qo’mondoni Suriya jangarilariga borib qo’shilgandi. Endi esa mudofaa vaziri o’rinbosari bosh ko’tardi. Bularning hammasi respublika jiddiy siyosiy inqirozni boshdan o’tkazayotganini ko’rsatadi. Qo’zg’olonchi general nimaga umid qilgan, aytib bo’lmaydi. Lekin u biron nimaga ishonmasa, bunaqa tavakkal qilmasdi", - deydi Malashenko.

Tojikistondagi o’zbeklar markazi raisi, dosent Ilhom Yusupov aytadiki, shu bahonada ruslar Tojikistonni ta’sir doirasida tutish imkoniyatini qidiradi.

"General Nazarzodani tutib, tergov bo’lmaguncha hamma gaplar xom farazlardan iborat bo’lib qolaveradi. Rossiya davlati bizga yordam berishi bilan qaysi bir yo'llar bilan bo’lsa ham bizni qo’lga olishga intiladi. Biz hech qachon mustaqilligimizni berib qo’ymasligimiz kerak. Hozir terroristik harakatlarni tashkil etadigan uchinchi kuchlar borligi aniq deb o’ylayman. G’arb davlatlarining ham albatta qiziqishi bor, lekin qiziqish rus davlatidek emas. Rossiya mintaqani o’z qanoti ostiga olishga harakat qilyapti, ehtimol ruslar ikki tomonga ham yordam berayotgan bo’lishi mumkin", - deydi Yusupov.

Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, Tojikiston prezidenti endi O’zbekistondagi kabi qattiq diktaturani o’rnatishga majbur bo’ladi.

"Chunki vaziyat o’zi shunga olib borayotgandi. Hukumat islom partiyasini yopishga intilayotgandi. Tayyor bahona paydo bo’ldi. Endi Tojkiston hukumatiga hech kim e’tiroz ham bildirmaydi, otishmalar, qon to’kilishi… Bu - jiddiy bahona. Bu Rossiya uchun ham qo’l keladi, bu yerda ular o’z harbiy bazasini endi bemalol kuchaytirishi mumkin. Hukumat ham bunga rozi bo’ladi. Lekin shunday sharoitda G’arb mamlakatlari tomoshabin bo’lib qolmasligi kerak. Demokratik tamoyillar oyog'osti qilinmasligi zarur", - deydi Yo’ldoshev.

Ziyoli Ziyovuddin Rahatov fikricha, o’tgan qurolli to’qnashuvlar Tojikistonda davlat to’ntarishiga urinish emas. Ba’zi rus tahlilchilari o’z manfaatlaridan kelib chiqib fikr bildirishmoqda. Bu yerda sobiq oppozitsiya vakillari bosh ko’targan, ularga ishonib bo’lmaydi, deydi.

"Hozir ichki dushman o’z qiyofasini ko’rsatdi. Kimning kim ekani ayon bo’lmoqda. Jamiyatga yot unsurlar tag-tugi bilan yo’qotilishi zarur", - deydi Ziyovuddin.

Rudakiy tumanidan Ernazar Eraliyev fikricha, mavjud vaziyatdan eng ko’p siyosiy manfaat ko’ruvchi Rossiya bo’ladi. Chunki chor Rossiyasi qadimdan bu mintaqa boyliklariga ko’z tikib kelgan.

"Rossiya o’z manfaati uchun ko’p narsani qiladi, harakatini davom ettiradi. Bir vaqtlari Toshkent, Xo'jand, Qo’qonda temir yo’llarni ruslar nima uchun qurdi? Hamma narsani o’zlariga tashib ketish uchun. O’zining issig’idan o’zi olov oladi qabilida bu yerdagi vaziyatdan foydalanib kelishadi. Bunaqa odamlar yo'q emas. Bu avvaldan bor, bugunam bor, keyin ham bo’laveradi", - deydi Eraliyev.

Xo'janddagi o’rta maktab direktori, hukmron Xalq demokratik partiyasi vakili Fayzullo Fayziyev aytadiki, nima bo’lganda ham Tojikiston Rossiya soyasida ish ko’rishga majbur bo’ladi.

"Istasak-istamasak, bu yerda - Tojikistonda Rossiya strategik manfaatlari o’rin olgan. Bundan qochib bo’lmaydi, har qanday sharoitda ham biz Rossiya bilan hisoblashishga majbur ekanligimizni tan olishimiz kerak. Lekin milliy manfaatlarimizga ziyon yetkazmasligimiz zarur", - deydi Fayziyev.

Mahaliiy kuzatuvchilar so'zlariga ko’ra, o’tgan hodisalardan keyin Tojikistonda islom partiyasiga barham berilishi aniq bo’lib qolgan. G’arb mamlakatlari ham hukumatni oppozitsiyaga siyosiy bosim ko’rsatishda ayblashi qiyin bo’ladi.

XS
SM
MD
LG