Breaking News

AQSh Myanmada zo'ravonliklarni mustaqil tergov qilishga chaqirmoqda


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Myanma noharbiy rahbari Au San Su Chi bilan matbuot anjumani paytida, 15-noyabr, 2017-yil
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Myanma noharbiy rahbari Au San Su Chi bilan matbuot anjumani paytida, 15-noyabr, 2017-yil

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Myanmada xavfsizlik kuchlarining roxinjalik musulmonlarga qarshi zo’ravonliklari haqidagi da’volarni mustaqil ravishda taftish qilishga chaqirmoqda. Sobiq Birmaga ilk bor tashrif buyurgan Tillerson mamlakat armiyasi rahbari bilan uchrashdi, davlat maslahatchisi Au San Su Chi bilan matbuot anjumanida qatnashdi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotining yangi hisobotida aytilishicha, Myanma xavfsizlik kuchlari g’arbdagi Rakxayn shtatida etnik tozalashlar paytida musulmon qizlar va ayollarni jinsiy zo’rlagan.

Inson huquqlari guruhiga ko’ra, xavfsizlik kuchlari roxinjalik xotin-qizlarni va jamoalarni jinsiy zo’ravonlik orqali vahimaga solmoqda.

“Biz bilan gaplashgan qiz va ayollarning aksariyatini guruh bo’lib zo’rlashgan, ba’zida 9-10 kishi zo’rlagan va, asosan, askarlar shu ishni qilgan”, - deydi tashkilot tadqiqotchisi Skay Viler.

Jabrdiydalar kechinmalarini videoda so’zlab beradi.

“Bir singlim bor. Qochmoqchi bo’lganimizda, askarlar bizni tutib olishdi. Uyimizning orqasiga olib o’tib, zo’rlashdi. O’zimni murdaday his qildim. So’ng hushimdan ketdim”, - deydi ulardan biri.

Guruh hisoboti Tillersonning Myanmaga ilk tashrifidan so’ng chop etildi. AQSh davlat kotibi “etnik tozalashlar” atamasini qo’llamagan bo’lsa-da, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda ozchilikdagi elatlarga qarshi sodir etilayotgan jiddiy huquqbuzarliklardan xavotirda ekanini aytdi.

“AQSh Myanma hukumatining qochqinlarga o’z xohishi bilan mamlakatga qaytishga ruxsat berganini olqishlaydi. Biz hukumatdan bu odamlarga fuqarolikka yo’l berishni so’raymiz”, - dedi Tillerson.

Myanmaning noharbiy rahbari Au San Su Chi roxinjaliklarga qarshi zo’ravonliklar paytida jim turgani haqidagi tanqid va da’volarni inkor etdi.

“Rakxaynda ko’plab boshqa jamoalar borligini ham unutmaylik. Agar ular bir-biri bilan totuvlikda yashasa, hech kim ularni bir-biriga qarshi qo’ya olmaydi. Ularni bir-biridan uzoqlashtiruvchi bayonotlar qilmaslik kerak. Shunga bayonot qilishda ehtiyotkormiz”, - deydi u.

Tillerson AQSh Kongressining butun mamlakatga qarshi sanksiyalar joriy etish rejasiga qo’shilmaydi. Agar shunday qonun qabul qilinsa, Qo’shma Shtatlar Myanma bilan harbiy mashg’ulotlarga chek qo’yishi, qimmatbaho toshlar savdosiga qo’yilgan cheklovni tiklashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG