Breaking News

Tillerson: Birinchi bomba tashlanguncha Pxenyan bilan muzokara qilamiz


Xalqaro hayot - 17-oktabr, 2017-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning aytishicha, Shimoliy Koreya rejimini yadro quroli dasturidan qaytarish bo'yicha diplomatik muzokaralar "birinchi bomba tashlanguncha" davom etadi. Bu bilan u muammo tinch yo'l bilan hal bo'lmasa, harbiy choraga qo'l urilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreya bilan diplomatik muzokara yordam berishiga ishonmaydi. Lekin bu aslida muloqot taktikasi bo'lishi mumkin.

"Boshqa odamlarga qaraganda mening qarashim, yo'lim boshqacha bo'lsa kerak. Keskinroq choralar tarafdoriman", - deydi Tramp.

Ammo bunday qarash yadro quroli tashiydigan ballistik raketa yasayotgan Shimoliy Koreyaga qarshi ehtimoliy urush keltirib chiqarishi mumkin.

"Nafaqat Tramp, balki butun ma'muriyat yaqin kelajak uchun tayyorgarlik ko'ryapti. Mening tushunishimcha, diplomatiya ish bermasa, bu kelasi yil bo'lishi mumkin", - deydi Yonsey universiteti professori Jon Deluri.

So'nggi so'rovlarga ko'ra, Shimoliy Koreyaning raketa va yadroviy inshootlarini oldindan zarba berib yo'q qilish qarorini qo'lab-quvvatlovchi amerikaliklar soni oshib bormoqda. Lekin aholining katta qismi hanuz harbiy choraga qarshi.

Shimoliy Koreyaning AQShga ehtimoliy xurujini to'xtatish uchun oldindan hujum qilish qarori o'zini oqlasa-da, buning to'g'riligini isbotlash qiyin.

Har qanday harbiy amaliyot, jumladan, Shimoliy Koreya yadro dasturlarini ishdan chiqaruvchi kiber hujum yoki Kim Chen Unni o'ldirish operatsiyasi Pxenyanning Janubiy Koreyaga qarshi urush boshlashiga sabab bo'ladi. Bu o'lkada 28 ming AQSh askari joylashgan. Mintaqada hatto yadro urushi kelib chiqishi mumkin.

"Bu ham axloqan, ham diplomatik jihatdan, ham siyosiy va strategik tarafdan ulkan ofat bo'ladi. Nafaqat Koreya xalqi va mintaqa uchun, balki AQSh uchun ham", - deydi Shimoliy Koreya bo'yicha ekspert Deyvid Straub.

Shimoliy Koreyaga ko'ra, Tramp ma'muriyatining dushman kayfiyati hamda Janubiy Koreya bilan harbiy mashg'ulotlarning ko'paygani Pxenyanning yadro quroliga ega bo'lish harakatini oqlaydi.

Pxenyan uzoq masofaga uchadigan yangi raketani sinovdan o'tkazishi kutilyapti.

Munozarada hech bir tomon yon berish niyatida emas, bu esa ziddiyatni yanada kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG