Breaking News

AQSh davlat kotibi matbuot bilan muloqot qilmayotgani uchun tanqid ostida


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson matbuot bilan hamkorlik qilmayotgani uchun tanqid qilinmoqda. 2-fevral kuni ish boshlagan rasmiy xorijlik hamkasblari bilan uchrashuvlari chog’ida jurnalistlar savollarini inkor etayotgani aytilmoqda. Bir holatda hatto ko’p yillik tajribaga ega muxbir (Andrea Mitchel) Ukraina tashqi ishlar vaziri bilan muloqot paytida xonadan haydab yuborilgan.

Tillerson Osiyoga ilk safarida Davlat departamentiga biriktirilgan jurnalistlarni o’z samolyotiga chiqarmagani ham shov-shuvga sabab bo’ldi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQSh sobiq elchisi Laura Kennedi bunday vaziyatdan taajjubda ekanini bildirdi.

“Davlat departamentidagi salkam 40 yillik xizmatim davomida davlat kotibi lavozimida ishlagan odamlarning har bir xorijiy safari esimda qolmagan bo’lsa-da, oldingi davlat kotiblari hamisha matbuotni qadrlagan va o’zlari bilan olib yurgan”, - deydi sobiq diplomat.

Nafaqaga chiqgan Kennedi 2001-yilda Turkmanistonga elchi etib tayinlangan, so’ng 2004-yilda davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha yordamchisining o’rinbosari bo’lgan edi.

Uning aytishicha, Shimoliy Koreya raketa sinovlari va xalqaro hamjamiyatning bu sinovlardan xavotiri sabab Tillersonning Osiyoga safari matbuot uchun ahamiyatlidir. Uning Xitoyga tashrifini hisobga olganda matbuotga safarni yoritishga imkon berilmagani afsuslanarli hol, deydi Kennedi.

“Xitoy kabi erkin matbuot yo’q mamlakatga borsangu, ammo yoningda o’z erkin matbuoting bo’lmasa, Amerikaning erkin matbuotni targ’ib qilishga qaratilgan qadriyatlari haqida boshqalarda noto’g’ri tushuncha shakllanadi”, - deydi u.

Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Tonerdan shu haqda so’ralganida, u biz bunday tushuncha hosil bo’lishini istamaymiz, deb javob berdi.

Toner Tillersonning Yaponiyaga safari chog’ida matbuot bilan muloqot rejalanganini ta’kidlaydi.

Davlat kotibi samolyotida manzilga yetish imkoniyatidan mahrum bo’lgan jurnalistlarning ba’zilari tijoriy reyslarda mustaqil ravishda yo’lga otlanmoqda, boshqalari esa Osiyodagi muxbirlari yordamiga tayanadi.

Juma kuni Oq uyda prezident matbuot kotibi Shon Spayserdan shu haqda so’raldi. Jumladan jurnalistlar Tillersonning bu qarori ortida Donald Tramp turganmikan, deya qiziqdi. Spayserning aytishicha, davlat kotibi xarajatlarni qisqartirish uchun kichikroq hajmli samolyotda uchishga qaror qilgan.

“Oq uy har bir vazirning safari bilan shug’ullanmaydi”, - dedi u.

Odatda yuqori lavozimli rasmiy samolyotida uchgan muxbirlar xarajatlarini ularning tashkilotlari qoplaydi.

Davlat kotibi lavozimiga tayinlanishidan oldin “EksonMobil” kompaniyasini boshqargan Reks Tillerson ilgari ham matbuot bilan yaqindan muloqotda bo’lmagani ta’kidlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG