Breaking News

AQSh Kongressi zaharli moddalar nazoratini qayta ko'rib chiqmoqda


AQSh Kongressi zaharli moddalar nazoratini qayta ko'rib chiqmoqda
AQSh Kongressi zaharli moddalar nazoratini qayta ko'rib chiqmoqda

AQSh Kongressi qo'mitasida "Zaharli moddalar nazorati" haqidagi qonun loyihasiga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida munozara boshlandi. Islohot tarafdorlari qishloq xo'jaligi va xalq iste'moli mollarida yuzlab turdagi kimyoviy aralashmalarning ishlatilishiga qarshi. O'tmishda qonunni tuzatish harakatlari foyda bermagan.

"Zaharli moddalar nazorati" haqidagi qonun 35 yil oldin qabul qilingan. Sog'liqni saqlash mutasaddilari va atrof-muhit himoyachilari uni isloh qilishga chaqirib keladi. Hujjat 80 mingga yaqin kimyoviy moddalarning sanoatda ishlatilishini nazorat qiladi. Jumladan hosilni yetishtirishda qo'l keluvchi pestitsidlarni. Biroq, deydi tanqidchilar, qonun samara bermayapti. Demokrat senator Frenk Lotenberg islohot boshida turibdi.

"O'tgan tinglovlarda qonunda ko'plab xatolar borligi haqida gapirgan edik. Ular xavfli va g'aznaga qimmatga tushadi. Olimlar oziq-ovqat orqali inson organizmiga 212 ta sanoat kimyosining tushishini aniqlagan. Oltitasi karsinogen", - deydi qonunchi.

Kimyolardan biri bisfenol-a bo'lib, bolalarga mo'ljallangan qattiq plastmass butilka va boshqa idishlarni tayyorlashda ishlatiladi. Olimlar bisfenol-a rak va boshqa kasalliklarga yetaklashi mumkin, deydi.

Islohotchilar kimyoni oziq-ovqat va sanoatda ishlatishdan oldin uni bolalar salomatligi uchun xavfsiz ekanini tekshirishni, o'yinchoqlardan tortib ovqat solingan konservalargacha bo'lgan mahsulotlarda kimyoviy moddalar tarkibini oshkor qilishni, Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligiga salomatlik uchun xavfli bo'lgan ximikatlarni taqiqlash vakolatini berishni taklif qilmoqda.

Qonunchilar har bir islohot zaminida ilmiy dalil bo'lsin, demoqda. Ammo ba'zilar nazoratni kuchaytirishga qarshi.

Respublikachi senator Jeyms Inxofning aytishicha, ish o'rinlari islohotlar qurboniga aylanmasligi kerak.

"Qonun ham inson salomatligini himoya qilishi, ham iqtisodiyotga og'iri tushmasligi kerak", - deydi u.

Demokrat senator Kirsten Gillibrend nazarida toksinli moddalarni nazorat etuvchi qonun zaif bo'lib, Amerika bo'ylab 50 shtatdan yarmigina kimyoviy xavfsizlikka doir hujjatni qabul qilgan.

"Federal qonun 35 yil oldin kuchga kirganidan beri bolalar orasida rakka chalinish hollari, tug'ma defektlar, astma, allergiya, autizm, bepushtlik ko'payib, bolalarda o'zlashtirish qobiliyati pasaydi. Ular tug'ilmasidan oldin yuzlab ximikatlarga duchor bo'ladi", - deydi senator ayol.

Kimyo sanoati taklif etilayotgan islohotlarni tanqid qilib, qattiqroq nazorat biznesni to'xtatishi, ishlab chiqaruvchilarga qimmatga tushishi, mahsulotlar tarkibini oshkor etish bilan shu paytgacha sir saqlanayotgan ayrim retsept va formulalarni ham oshkor etishga to'g'ri kelishini aytadi. Masalan, Koka-Kola ichimliklarini tayyorlash sirini.

Kal Duli Amerika Kimyo kengashi prezidenti. Tashkilot umumiy oboroti 720 milliard dollarga teng sanoat manfaatlarini himoya qiladi.

"Taklif etilayotgan xavfsizlik choralari amerikalik ishlab chiqaruvchilarning innovatsion tashabbuslari va ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan harakatlari uchun qazilgan choxdir", - deydi Duli.

Senator Frenk Lotenberg va qonunni o'zgartirishga jazm qilgan boshqa qonunchilar yaqin kunlarda tashabbusni qo'mitada ovozga qo'yadi. Tasdiqdan o'tsa, Vakillar Palatasiga uzatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG