Breaking News

Tramp 13 milliard dollarlik harbiy kemadan turib, qudrat haqida bong urdi


Virjiniya shtati, 2-mart, 2017
Virjiniya shtati, 2-mart, 2017

Prezident Donald Tramp bu hafta Virjiniya shtatiga borib, Atlantika okeani sohilidagi yirik harbiy kemani ko'zdan kechirdi. Tarixda bunday katta va qimmat suv vositasi bo'lmagan.

"USS Gerald R. Ford", sobiq prezident Jerald Ford nomi bitilgan kema, 13 milliard dollarga tushgan. Uning faoliyati uchun kam mablag' ajratilar edi, deydi Tramp. Prezident talabni qondirishni va'da qilmoqda.

AQSh dunyodagi eng qudratli davlat bo'lib qoladi, har jihatdan, deydi Tramp. Harbiy salohiyatni oshirish - zamon talabi, deya bong urdi u.

VIDEO (ingliz tilida): Tramp deydiki, harbiy jihatdan dunyoda Amerikaga teng keladigan davlat bo'lmaydi

Trump on 'Great Rebuilding' of the American Military
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:03 0:00

"Qo'shma Shtatlar xavfsizligini ta'minlash uchun uning xizmatidagi har bir erkak va ayolga barcha zarur vositani beramiz", - deydi Tramp.

Harbiy dengiz floti va boshqa mudofaa tizimlari, prezident fikricha, oldingi rahbarlar tomonidan yetarlicha moliyalanmagan.

"Yadroviy qurollar joylashgan harbiy kemalar... Bu qurollarni ishlatishni xohlamaymiz lekin bu kemalar xavfsizligini ta'minlash, vaqtida ta'mirlab turish va ularni yuritadigan o'tkir mutaxassislar yetishtirish o'ta dolzarb vazifadir", - deydi Tramp.

"Huntington Ingalls Industries" degan kompaniya bunyod etgan ushbu kema dunyodagi eng zamonaviy va har tomonlama kuchli suv vositasi deya e'tirof etladi.

Prezident mudofaa byudjetini oldingi yilgidan 54 milliard dollarga oshirmoqchi. Bu misli ko'rilmagan daraja, deydi u. Jami 654 milliard dollar bo'ladi. Iloji bo'lsa yana 30 milliard dollar qo'shish kerak, deydi Tramp.

Tashqi siyosatni amalga oshirish uchun mas'ul Davlat departamenti byudjeti esa 50 milliard dollar xolos. Tramp uni yanada kamaytirmoqchi.

Virjiniya shtatida turgan yirik harbiy vosita
Virjiniya shtatida turgan yirik harbiy vosita

Harbiy sarfiyat bobida AQShga teng keladigan davlat yo'q. Eng yirik harbiy byudjet bu mamlakatnikidir.

Yetakchi mutaxassis, siyosiy tahlilchi Todd Harrison:

"Tramp juda bo'rttirib gapiradi. Harbiy xarajat oldindan yuqori. Prezident qo'shayotgan mablag' u qadar yuqori emas. Chunki mudofaa byudjeti muntazam ravishda kengayib boradi. Obama ma'muriyati, masalan, uni 6-7 foizga oshirayotgan edi. Yaqin tarixga qarasangiz, raqamlar ko'tarilib borganini ko'rasiz".

Yana bir ekspert Veronik de Rugi tahlilicha esa mablag'i oshirish bilan harbiy salohiyat oshib qolmaydi.

"Ko'proq pul ajratsak, muammolar hal bo'ladi, to'siq va masalalar bartaraf etiladi, deb o'ylashadi. Siyosiy kaltabinlik bu", - deydi olima.

Xavfsizlik va mudofaa ta'minoti kuchli iroda va qarorlar talab qiladi. Kongress bir yoqadan bosh chiqarib, zarur choralar uchun yo'l ochadimi? Amerika oldidagi jumboqlarni, tobora murakkablashib borayotgan dunyoni rahbarlar va qonunchilar qanchalik tushunadi?

AQShning Ruminiyadagi harbiy bazasi
AQShning Ruminiyadagi harbiy bazasi

Prezident Trampning xalqaro tizimlar va xalqaro hayot haqida bilimi past, degan qarash keng tarqalgan.

Sobiq diplomat Joshua Voker nazarida Amerika global liderlikni qo'ldan boy berishni istamasa, chuqurroq o'ylashi va kengroq rejalashi lozim.

"Azaliy hamkor Turkiya, masalan, Amerika Yaqin Sharqda faolroq rol o'ynashini, mintaqadagi qo'shinlari sonini oshirishini xohlaydi", - deydi Voker. "Suriyada tinchlikni ta'minlash uchun AQSh harbiy chora ko'rishi kerak, degan gaplarni eshitasiz. Iroqda vaziyat tang. U yerda ham qo'shinlar sonini ko'paytirsin, deyishadi".

Boshqa tarafdan esa Rossiya va Xitoy AQSh harbiy qudrati oshib, uning kuchlari bu yirik davlatlar chegarasiga yaqinlashishini aslo istamaydi va bunga yo'l qo'ymoqchi ham emas.

Kongress respublikachilar qo'lida bo'lsa-da, ular Prezident Trampning har bir taklifini ma'qullaydi yoki xarajatni oshirishga tayyor deb o'ylash katta xato, deydi siyosatdonlar. Oq uy va Kongress orasida qizg'in janglar kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG