Breaking News

Diyorbakirda tinchlik farovonlikka ham yo'l ochmoqda


Diyorbakirda bolalar arg'imchoq uchmoqda
Diyorbakirda bolalar arg'imchoq uchmoqda

Diyorbakir - Turkiyaning asosan kurdlar yashaydigan mintaqasida joylashgan eng katta shahar. Kurd isyonchilari va rasmiy Anqara o’rtasidagi tunchlik jarayoni boshlanganidan beri shaharda tinchlik-osoyishtalik hukm suradi. Ammo yaqinda bu yerda yuz bergan zo’ravonliklar yana eski xavotirlar va qo’rquvlarni qaytargan ko’rinadi.

Diyorbakirda qurilish avjida. Hukumat va kurd isyonchilari o’rtasidagi tinchlik muzokaralarining eng ko’zga tashlanarli mahsuli bu.

Diyor minoralari deb nomlangan hashamatli qurilish loyihasini Ali Qoraqosh yuritadi. Uning ota-onasi 90-yillarda siyosiy ta’qiblardan Shvetsiyaga qochgan, Qoraqosh o’sha yerda katta bo’lgan.

Tinchlik hamda biznes imkoniyatlari o’laroq u vataniga qaytishga qaror qildi.

“2007-yil umidlarga to’la davr edi. Davlat sarmoya kiritganlarga imtiyozlar yaratdi, tinchlik jarayoni boshlandi. Bu menga o’xshagan tadbirkorlarga umid baxsh etdi. Diyorbakir katta aholiga ega ulkan bozor, bu yerda yangi uylarga ehtiyoj katta. Shaharda yiliga 10-15 ming yangi xonadon qurilmoqda”, - deydi u.

UNESCO Diyorbakir atrofidagi mashhur shahar devorini Jahon madaniyati merosi ro’yxatiga kiritmoqchi. Bu esa turizm rivojlanishi uchun turtki bo’lishi aniq.

Yaqingacha armiya va isyonchilar o’rtasida janglar kechgan joylarda kafe va restoranlar ochilyapti. Hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi farovon yashayotgan xalq urushga qaytmaydi, deydi.

Partiyaning Diyorbakirdagi a’zosi Fotima Onchu iqtisodiy taraqqiyot ustuvor masala etib belgilanganini aytadi.

“Shahar ravnaq topishida hukumat olib borayotgan siyosatning hissasi katta. Iqtisodiy ma’noda soliq imtiyozlari, ijobiy biznes muhit yaratish haqida gap ketayapti. O’sishni ana shunday omillar ta’minlaydi. Lekin, fikrimcha, xavfsizlikni mustahkamlamay turib taraqqiyotga erishib bo’lmaydi”, - deydi partiya a’zosi.

O’tgan yili oktabrda Diyorbakir ahli zo’ravonlik qaytganiga guvoh bo’ldi: qariyb 50 odam halok bo’lgan o’shanda. Ko’plar haqiqiy tinchlik bo’lishi uchun hali ko’p ishlar qilinishi kerak, deydi.

Shaharning Bog’lar dahasida xavfsizlik kuchlari tomonidan o’z qishloqlaridan haydab chiqarilgan minglab odamlar yashaydi.

“Demokratik Jamiyat Kongressi” kurd aholi manfaatlari uchun kurashuvchi turli guruhlarni o’z ichiga oladi. Bu tashkilot raislaridan biri Hilmi Aydog’duning ta’kidlashicha, siyosiy murosa bo’lmasa tinchlik va barqarorlik uzoqqa bormaydi.

“Qashshoqlik urushga yetaklagan sabablarning bittasi xolos. Kurdiston mojarosiga milliy g’urur, til, o’zlik va madaniyatni toptash ham turtki bo’lgan. Odamlar demokratik huquqlari konstitutsiya bilan kafolatlanishini istaydi. Shu talablar bajarilmas ekan, iqtisodiy farovonlik mintaqadagi og’ir vaziyatni o’nglay olmaydi”, - deydi Aydog’du.

Qonli hujumlar paytida Diyorbakirdagi tinchlikka ishonib, sarmoya kiritganlarning yuragi qon bo’ldi, deydi qurilish kompaniyasi egasi Ali Qoraqosh.

“Tinchlik jarayoni haqidagi so’nggi yangiliklar tashvishlanarli. Muzokara to’xtasa savdo-sotiq ham tugaydi. Hozirgi ahvol yaxshi. Odamlar qo’rqmay do’konlarga boradi. Ammo tinchlikka raxna solinsa mana shu xavfsizlik hissi, ishonch yana yo’qoladi”, - deydi tadbirkor.

Diyorbakir bir paytlar eng badavlat va farovon shahar bo’lgan. Mustahkam tinchlik qaror topsa to’kin-sochinlik ham qaytadi, degan umid bor. Ammo sulh jarayoni kabi kelajak ham hozircha mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG