Breaking News

Turkiya va AQSh aloqalari yanada taranglashmoqda


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Nyu-Yorkda Turkiya fuqarolariga qarshi boshlangan sud ishini o'ziga va hukumatiga qarshi qaratilgan siyosiy davlat to'ntarishi deb atadi. U, shuningdek, Suriyadagi AQSh ittifoqchisi bo'lgan kurdlarga qarshi harbiy harakat boshlashi haqida ogohlantirdi. Bu esa NATO va Anqara o'rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirmoqda.

Prezident Erdog'anga ko'ra, AQShda Turkiya banki rasmiysiga qarshi boshlangan jinoiy ish uni hokimiyatdan ag'darish yo'lida Vashingtonning navbatdagi urinishidir. U parlamentga murojaatida shu haqda gapirdi.

"15-iyul kuni Turkiyada harbiy to'ntarishnimuvaffaqiyatli amalga oshira olmaganlar endi boshqa yo'llarni qidirishmoqda. AQShdagi ish siyosiy davlat to'nratishi sari bir urinish", - dedi Turkiya rahbari.

Anqara Vashingtonni AQShda yashovchi turk ruhoniysi Fathulla Gulen bilan hamkorlik qilayotganlikda ham ayblamoqda. Turkiyaga ko'ra, 2016-yilgi muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish ortida shu shaxs turibdi. Turkiya uning ekstraditsiya qilinishini so'ragan. Gulen 2016-yilgi voqealarga hech qanday aloqasi yo'qligini aytadi.

NATO bilan sovuq aloqalar Nyu-Yorkdagi sud ishi ortidan battar taranglashdi. Turkiya Xalq bankining yetakchi rasmiysi Mehmet Hoqon Attila AQSh sanksiyalarini aylanib o'tib Eron bilan ishlaganlikda ayblanmoqda.

Agar u aybdor deb topilsa, Turkiya va G'arb aloqalari yanada sovuqlashadi, deydi tahlilchi Attila Yeshilada.

"Inqiroz kuchaymoqda. AQSh sanksiyalar bilan tahdid solishi mumkin. Tahdidning o'zi Turkiya bank tizimiga katta soya soladi. Turk kompaniyalari uchun chet eldan kredit olish rosa qiyinlashadi", - deydi u.

Turkiya moliyaviy majburiyatlarini bajarishi uchun har oy 16 milliard dollar qarz olishi kerak. Erdog'an Suriyadagi kurd jangarilariga ham hujum qilishi haqida ogohlantirdi. Bu guruh IShIDga qarshi kurashda AQSh ittifoqchisi sanaladi. Anqara nazarida esa kurdlarning bu to'dasi terrorchi tashkilotdir.

Siyosiy sharhlovchi Semih Idiz bu tahdidlar orqali Turkiya Vashingtonga bosim qo'ymoqchi, degan fikrda.

"Turkiya xavfli o'yin o'ynayapti. U o'zi xohlagan narsani olishiga kafolat yo'q. Anqara o'zining strategik jihatdan Vashington uchun muhim ekaniga ishonmoqda. Rossiyadan ham shu maqsadda foydalanmoqda. Erdog'an kutilayotgan jarimani kamaytirish uchun bosim o'tkazishga urinmoqda", - deydi Idiz.

Turkiyaning Rossiya bilan yaqinlashayotgani ham Vashingtonni bezovta qilmoqda. Erdog'an, shuningdek, o'tgan hafta Parijga safar qildi. Davlat matbuoti Fransiyani Turkiya uchun AQShdan ko'ra ishonchliroq hamkor ekani haqida yozmoqda.

Lekin Parij va Moskvaning har ikkisi IShIDga qarshi kurashda kurdlarni qo'llamoqda. Shunday ekan, Anqara ularga qarshi ochiqchasiga tahdid qila olmaydi, deydi kuzatuvchilar. Ularga ko'ra, Vashington bilan munosabatlar sovuqlashishda davom etsa, Turkiya boshqa davlatlar bilan ittifoqchilik aloqalarini yanada kuchaytiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG