Breaking News

Kiyev Kreml tanqidchilariga Ukraina fuqaroligini berdi


Prezident Petro Poroshenko (o'ngda) Vladimir Fedorin va Mariya Gaydarga Ukraina pasportini topshirmoqda, Kiyev, 4-avgust, 2015-yil.
Prezident Petro Poroshenko (o'ngda) Vladimir Fedorin va Mariya Gaydarga Ukraina pasportini topshirmoqda, Kiyev, 4-avgust, 2015-yil.

Ukraina Rossiyaning sobiq bosh vaziri qizi hamda taniqli jurnalistga fuqarolik berdi.

Mariya Gaydar va Vladimir Fedorin Kreml tanqidchilari hisoblanadi. Ular Qrimning Rossiyaga majburan qo’shib olingani hamda Ukraina sharqida urush ketayotgani uchun Kremlni qoralagan.

Prezident Petro Poroshenko ularga Ukraina pasportlarini topshirar ekan, bunday dedi:

“Siz hech kim ovozi o’chmasligini, hech kim vijdoniga qarshi chiqmasligi kerakligini namoyish qildingiz. Sizning xolis pozitsiyangiz, fikrlaringiz va Ukrainadan turib bergan ma’lumotlaringiz Kreml propagandasiga muqobil ish bo'ldi. Millionlab rossiyaliklar uchun bu bebaho”.

Mariya Gaydar Rossiya hukumatini 1992-yilda, ya’ni Sovet Ittifoqi parchalangandan so’ng olti oy boshqargan Yegor Gaydarning qizi. O’tgan oy u Odessa viloyati gubernatori muovini etib tayinlangan va bu voqea Rossiyada katta shov-shuvga sabab bo’lgan edi. Ko’plab rossiyaliklar uni vatan xoini deya tamg’aladi.

"Mushtarak dushman"

Gaydar Ukraina fuqarosi bo’lganini muhim hodisa deydi.

“Men Ukraina uchun murakkab davrda bu yerdaman, Ukraina xalqi qiyinchiliklariga hamdard bo’lmoqchiman. Bizning mushtarak dushmanimiz bor. Bu ham Rossiya, ham bu yerda odamlar qonini to’kayotgan avtoritar rejim. Dushmanni yengib, boshqa yo’l – erkinlik, demokratiya, hurmat va hamkorlik hamda qo’shnilar orasidagi totuvlik borligini namoyish qilish uchun men qo’limdan kelganicha harakat qilaman”, - dedi Gaydar.

U so’nggi yillarda Rossiyada turli mahalliy hukumatlarda ishlagan, Prezident Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi. U Rossiyadan Ukrainaga shu yil boshida ko’chib o’tgan edi.

Fedorin – taniqli jurnalist, Ukrainadagi “Forbes” jurnalining sobiq bosh muharriri. Ukraina fuqaroligini olish u uchun hayotidagi eng muhim qarorlardan biri bo’lganini aytadi.

Yangi pasportini olar ekan, u Ukrainani sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi demokratiya mash’ali deb atadi va bu hududda yashaydigan odamlar dunyoning erkin xalqlari jamoasiga qo’shilishga umid qilaishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG