Breaking News

Amerika Ukrainaga qurol uzatishi mumkin


Ukraina armiyasi
Ukraina armiyasi

AQShning "Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Vashington Ukrainaga qurol va harbiy uskuna uzatish ustida o'ylanmoqda. Prezident Obama hali bu borada bir qarorga kelgani yo'q, deyiladi maqolada.

Unga ko'ra, AQSh Ukraina sharqidagi mojaroda Kiyev yonini olarkan, Davlat kotibi Jon Kerri, Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari general Martin Dempsi, Obamaning milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays qurol uzatish masalasida yangidan maslahat qilmoqchi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko AQShdan noyabr oyida qurol so'ragan. Mudofaa vaziri Chak Xeygel va NATO qo'mondoni general Filip Bridlav bunga rozi.

"Nyu-York Tayms"ning bildirishicha, sakkiz nafar sobiq rasmiy Obamaga murojaat qilib, Ukrainaga uch milliard dollarga teng qurol va harbiy uskuna berishga chaqirmoqda.

Dekabr oyida AQSh rahbari Kiyevga 350 million dollarga teng harbiy yordam berish to'g'risidagi hujjatni ma'qullagan edi, ammo qurol o'shanda berilmagan. Ayrim tahlilchilar nazarida Rossiya AQShning bunday harakatini provokatsiya deb ko'rishi mumkin.

Vashington Kremlni Ukraina sharqida isyonchilarga harbiy yordam berayotganlikda, qo'shin yuborayotganlikda ayblab keladi. Biroq o'tgan hafta Ukraina armiyasining bosh shtabi sharqda Rossiya fuqarolari jang qilayotganini ta'kidlagan holda qo'shni mamlakat armiyasi yo'qligini tan oldi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri shu hafta Ukraina va Germaniyada bo'lib, Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama qiladi.

“Tunu kun Ukraina xayolimizda", - deydi davlat kotibi.

Davlat departamentiga ko'ra, Kerri Kiyevda AQShning markaziy hukumatga bo'lgan xayrixohligini bildirmoqchi.

“Rossiya bo'lginchilarga tank, og'ir qurollar, raketalar uzatishni bas qilishi kerak", - deydi Kerri.

Kreml isyonchilarga yordam berayotganini inkor etib, AQShdan dalil talab qilib keladi.

Bu orada Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari o'tgan hafta Bryusselda majlis qilib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar muddatini olti oyga cho'zishga kelishib oldi.

Shu kungacha Ukrainadagi fuqarolar urushida 5100 dan ziyod odam o'lgan. Isyonchilar Donbassda qator hududlarni nazoratga olganini ma'lum qilmoqda. Ularning vakillari shanba kuni Minskda hukumat bilan sulhga kelisha olmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG