Breaking News

BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan vafot etdi


Kofi Annan BMTga ikki muddat rahbarlik qilgan.
Kofi Annan BMTga ikki muddat rahbarlik qilgan.

Dunyoning eng taniqli diplomatlaridan biri Kofi Annan 80 yoshida vafot etdi. U BMT tarixidagi birinchi afro-amerikalik bosh kotib edi.

Shveysariyada joylashgan Kofi Annan jamg'armasining ma'lum qilishicha, u qisqa muddat davom etgan kasallik ortidan olamdan o'tgan.

"Qayerda uqubat va ehtiyoj bo'lsa, u o'sha yerga borardi va chuqur mehr-muruvvati va g'amxo'rligi bilan ko'plab odamlar hayotida iz qoldirgan", - deyiladi 'Twitter" orqali e'lon qilingan bayonotda.

Annan umri davomidagi butun ish faoliyatini BMTda o'tkazdi. U tashkilot ichidagi turli lavozim pillapoyalaridan ko'tarilib borib, 1997-yil BMTning 7-bosh kotibi bo'ldi. Ayni paytda u rahbarlik uchun BMT ichidan tanlab olingan ilk diplomatdir. Annan ikki muddat bosh kotiblik qildi. 2001-yil BMT bilan birgalikda u tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.

Mashaqqatli davrlar

Annan bosh kotibligi davrida dunyo bir qator fojialarni boshdan o'tkazdi. BMTning o'zi ham bahsli ziddiyatlarga duchor bo'ldi. Natijada u aksariyat vaqtini global tashkilotning boy berilgan obro'-e'tiborini qayta tiklashga sarfladi.

Kofi Annan
Kofi Annan

Uning yuksak axloqiy tamoyillari hamda dunyoning qudratli davlatlari bilan muzokara olib bora olish salohiyati BMTni muvaffaqiyatli boshqarishida qo'l keldi.

Kofi Annan BMTni tark etganda tashkilot tinchlikni saqlash, qashshoqlikka qarshi kurashish, inson huquqlari va taraqqiyot masalalarida yangi javob choralarini ishlab chiqish bo'yicha ancha ilg'or edi.

BMT bosh kotibligidan ketgandan so'ng ham u tashkilot ishidan uzoqlashmadi. Masalan, 2012-yil Annan Suriya bo'yicha BMT va Arab ligasining maxsus vakili bo'ldi. O'z jamg'armasi orqali ham ko'plab global muammolarga qarshi kurashishda davom etdi.

Iroq urushidagi eng qora lahzalar

Annan BMT rahbarligidagi faoliyatini Sovet Ittifoqi qulashidan olti yil o'tib boshladi. 2001-yil 11-sentabr AQShda yuz bergan xuruj ortidan boshlangan terrorga qarshi global kurash yillarida ishladi. AQShning Iroqqa urush boshlashi arafasidagi keskin bahslarda qatnashdi.

"Mening eng qora lahzalarim Iroq urushi bilan bog'liq. Biz uni to'xtata olmadik", - degan edi Kofi Annan 2013-yil "Taym Magazine" nashriga bergan suhbatida.

"Juda qattiq ishladim. Telefonda dunyo yetakchilari bilan tinimsiz gaplashdim. AQSh Xavfsizlik kengashi qo'llab-quvvatloviga ega bo'lmagan", - deya eslaydi u.

Janubiy Afrika sobiq prezidenti, aparteidga qarshi kurashgan faol Nelson Mandela va Kofi Annan birga tushgan surat
Janubiy Afrika sobiq prezidenti, aparteidga qarshi kurashgan faol Nelson Mandela va Kofi Annan birga tushgan surat

"So'ng ular kengashsiz ish boshlashga qaror qilishdi. Kengash urushga ruxsat bermasdan to'g'ri qilgan. BMT Iroq urushini ma'qullaganda nima bo'lishini tasavvur qila olasizmi? Obro'yimiz qanday bo'lardi? O'sha paytda Prezident Bush BMT foydasiz tashkilotga aylanyapti, deb aytgan edi, chunki urushni ma'qullamagan edik. Lekin hozir biz vaziyatni yaxshiroq bilamiz", - degan edi Kofi Annan.

Gana farzandi

Kofi Annan 1938-yil 8-aprelda Gananing Kumasi shahrida viloyat gubernatori oilasida dunyoga kelgan. Uning bobolari qibala yetakchilari bo'lgan.

U ingliz va fransuz tillaridan tashqari, bir qator boshqa Afrika tillarini ham bilgan. U Kumasidagi Ilmf-fan va texnologiya universitetida o'qigan. Bakalavr darajasi bo'yicha o'qishini AQShda Minnesota shtatida davom ettirgan. So'ng Jenevada xalqaro aloqlar bo'yicha magistrlik darajasini olib, BMTda karyerasini boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG