Breaking News

Markaziy Osiyo: AQSh Davlat kotibi muovini Tomas Shennon bilan muloqot


AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini Tomas Shennon "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 13-aprel, 2018
AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini Tomas Shennon "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 13-aprel, 2018

AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini Tomas Shennon "Amerika Ovozi" bilan maxsus suhbatda nafaqat O'zbekiston va Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvni tushuntirdi, balki Afg'oniston, Pokiston va global ahamiyatga ega mavzular haqida ham gaplashdi. Shennon nazarida O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev o'zgarishlar qilishga qodir va bu borada kuchli irodaga ega lider. Islohotlar jarayoni murakkab, lekin orqaga qaytmaslik kerak, deydi u, qadamma-qadam, bir maromda oldinga intilaverish lozim. Vashington bu borada yaqindan yordam berishga bel bog'lagan. Qanday qilib? Intervyuni to'liq holda taqdim etamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Avvalo, suhbatlashish imkoniyati uchun rahmat.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Sizga ham rahmat!

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Markaziy Osiyoga borib turibsiz. Bilishimizcha, siz mintaqa shaydosisiz.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Judayam.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: So'nggi marta borganingizda Toshkentda Afg'oniston yuzasidan o'tgan anjumanda AQSh delegatsiyasiga boshchilik qildingiz. Afg'oniston borasida yig'in ko'p va muloqot keng. Toshkentdagisi nimasi bilan boshqacha?

Kobuldagi muloqot Toshkentga ko'chdi va xalqarolashdi. Ishtirokchilarning soni oshdi, Tolibonga chaqiriq kuchaydi.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Toshkent anjumani Kobul protsessi degan jarayon bilan bog'liq. Prezident G'ani Tolibonni tinchlik muzokarasiga chaqirgan va afg'onlar, birodarlar, orasida murosa qilish maqsadi aynan shu platformada muhokamada. Toshkentdagi yig'inning muhim jihati shuki, unda aynan shu maqsad haqida gap ketdi. Kobuldagi muloqot Toshkentga ko'chdi va xalqarolashdi. Ishtirokchilarning soni oshdi, Tolibonga chaqiriq kuchaydi. Yagona yo'l muzokara qilish va xalqaro hamjamiyat Kobul taklifini yoqlaydi va afg'onlar bir-biri bilan yarashishini istaydi, deya baralla bayon qilindi.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Lekin xalqaro hamjamiyatning o'zi Afg'oniston borasida yakdilmi? Ko'plab ishtirokchilar o'zaro ziddiyatdagi tomonlar.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: To'g'ri, o'rinli savol. Ko'plab davlatlar, Afg'onistonning qo'shnilari Afg'onistonda turlicha manfaatlarga ega. Lekin hamma tinchlik istaydi. Murosa qilish muhim ekanini biladi. Hamma o'z manfaatlarini himoya qilishi uchun mamlakatda barqarorlik tomon yetaklovchi qadamlar tashlanishi kerak.

Menimcha, bu anjumanning asosiy yutug'i - O'zbekiston mana shu dolzarb masala muhokamasini ochiq va keng maydonga aylantirdi. Davlatlarni o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda muloqot stoliga olib keldi. Anjuman Afg'onistonda Tolibon va markaziy hukumat orasida murosa zarurati nafaqat bu yurt, balki xalqaro tinchlik va farovonlik, taraqqiyot va yangi imkoniyatlar tomon yo'l ochishini ko'rsatib berdi. Ayniqsa, xavfsizlik masalasiga urg'u berildi.

AQSh Davlat departamenti, Vashington
AQSh Davlat departamenti, Vashington

Write Your Quote Here ...Ko'plab davlatlar, Afg'onistonning qo'shnilari Afg'onistonda turlicha manfaatlarga ega.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Sizningcha, Pokiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Afg'oniston va Markaziy Osiyoning besh davlati bu borada bir yoqadan bosh chiqara oladimi? Aytishga oson...

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Albatta.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Kelishmovchiliklar talay ular orasida...

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Diplomatik sinov bu. Masala va vazifa shunda. O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun ham shunday. Bu anjuman O'zbekiston tashabbusi va uning mehnati mahsuli. Markaziy Osiyo bir ovozdan quvvatladi uni. Afg'oniston tinchligi naqadar muhim ekani tan olindi. Demak, umid bor.

Biz barcha hukumatlar bergan so'zining ustidan chiqishi uchun harakat qilamiz. Chiqmasa, nega, deb o'rganamiz. Afg'onistondagi urush qanday olib borilishi kerakligi yuzasidan yakdillik yo'q edi. Bugun biz urushni emas, tinchlikni muhokama qilayapmiz. Murosaga qanday erishish yo'llarini. Afg'onlar nima qilishi kerak, xalqaro hamjamiyat nima qila oladi?

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Xo'sh, endi nima? Anjumanda hamma memorandum bilan chiqdi. Keyingi konkret qadamlar nima?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Tomonlar o'zaro mashlahatlashmoqda. Hamkorlar bilan muloqotdamiz, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va xususan O'zbekiston bilan. Toshkentdagi anjumanda hammamiz bir-birimiz bilan gaplashib oldik. Keyingi qadamlar ustida ishlayapmiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Pokistonda vaziyat oxirgi kunlarda qaltis. Bilishimizcha, AQSh diplomatlari postidan 40 kilometrdan uzoqqa bora olmayapti. Tramp ma'muriyati qarshilik bildirgan, shundaymi?

Odatda, narigi tomonning qadamiga mos qadam qo'yamiz.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Diplomatlarimizning safar qilishi cheklangan. Pokiston hukumati ruxsatisiz uzoqqa bora olmaydi. Diplomatiyada bu tabiiy hol. Lekin, qayd etaman, Pokiston bilan muloqotdamiz. Afg'oniston haqida va o'zaro hamkorlik yuzasidan doimiy aloqadamiz. Birga ishlash umididamiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: AQSh ham Pokiston diplomatlariga cheklov qo'yadimi Vashingtonda?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Odatda, narigi tomonning qadamiga mos qadam qo'yamiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Demak, cheklov kutish mumkin. O'zbekistonga qaytsak, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bir necha bor ko'rishdingiz, gaplashdingiz. Qanday rahbar u, nazaringizda?

Nazarimda, Mirziyoyev a'lo darajali sherik.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Qisqa davrda katta ishlar qila olgan lider. O'zbekistonni qo'shnilarga ochdi va mintaqa unga ijobiy javob berdi. Afg'oniston anjumani uning mintaqaviy faolligining yaqqol isboti. Masalani, o'z tashabbusini xalqaro maydonga olib chiqdi va olqishlandi.

Biz Mirziyoyev bilan keng strategik muloqot olib borayapmiz. Hamkorlik kengayishi uchun zamin hozirlayapmiz. Nazarimda, Mirziyoyev a'lo darajali sherik.

AQSh-O'zbekiston muzokaralari, Toshkent, mart, 2018
AQSh-O'zbekiston muzokaralari, Toshkent, mart, 2018

O'zbekiston xalqi singari biz ham shoshmasdan tahlil qilayapmiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Bilasiz, O'zbekiston islohotlar jarayonida cheksiz yordam va quvvatlovga muhtoj. Bu borada O'zbekiston rahbariyati bilan gaplashgansiz. Keng qamrovli uchrashuvlar o'tkazgansiz. Siz boy tajribaga ega diplomatsiz. AQSh dunyo bo'ylab turli davlatlarda islohotlar jarayonini qanday quvvatlaganini bilasiz. Amerika islohotlarda yordam beraman deb chiqqanida nimani eplaydi-yu, nimani eplay olmaydi?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Ajoyib savol. Islohotlarga yordamimiz hamkor davlatning irodasiga bog'liq. Real o'zgarishlar qilaman degan tomon bilan ishlaganimizda, ko'magimiz samara bergan. Sabr-toqat hamda davomiylik va bir maromda harakat qilishga kelganda orada tushunmovchiliklar bo'ladi. Aytmoqchimanki, islohotlar boshlayotganda jarayonni belgilab olish kerak. Protsess siyosiy jihatdan to'xtovsiz bo'lishini ta'minlovchi qarorlar qilish kerak. Shundagina, qadamma-qadam yutuqqa erishish mumkin. Har bir qadam maqsadga muvofiq bo'lishi zarur. Jarayon sekin, vaqt kerak. Markaziy Osiyoda islohotlar qilish oson emasligini tushunamiz. Boy o'tmishga ega mintaqa, lekin siyosiy tuzumlar bu borada tajribaga ega emas. Sovet o'tmishi, mustaqillik yillaridagi mashaqqatli davr, xalqaro maydonda o'rin topish, xavfsizlikni ta'minlash - qiyin sinovlar. Islohotlarda samarali yordam bera olish bizdan o'sha murakkab muhitni tushuna olishni talab qiladi. Lekin ko'p narsa islohotlar boshida turgan hukumat va uning rahbariga bog'liq.

Islohotlarga yordamimiz hamkor davlatning irodasiga bog'liq.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Demak, Mirziyoyev siz uchun kuchli irodali sherik, yaqindan ishlasa bo'ladigan?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Yaxshi ishlayapmiz u bilan. O'zbekiston xalqi singari biz ham shoshmasdan tahlil qilayapmiz. Bir-birimizdan o'rganayapmiz. O'z uchrashuv va muloqotlarimga asoslanib, ishonchim komilki, O'zbekiston hukumati biz bilan yaqindan ishlashni va keng hamkorlik qilishni istaydi.

O'zbekiston hukumati va biz barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda harakat qilishga kelishib olganmiz. Aloqalarimiz kuchayar ekan, har bir ishimiz islohotlar jarayonida madad bo'lsin, deymiz. Biz O'zbekiston Yevropa davlatlari va Osiyo mamlakatlari bilan ham hamkorlikni oshirsin, deymiz.

Toshkent, mart, 2018
Toshkent, mart, 2018

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: AQSh tashqi siyosiy prioritetlarida Markaziy Osiyo qay o'rinda?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Biz uchun juda muhim mintaqa. Turli o'yinlar va kuchlar orasida qolmay mustaqil bir region sifatida oyoqqa turishga harakat qilayotgan hudud.

Uzoqdagi ishonchli tayanch bo'lishni istaymiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Vashington u yerda o'yin o'ynamayotganini qayd etib keladi.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Shunday. Maqsadimiz Markaziy Osiyoning besh davlati bilan yaqindan hamkorlik qilish va mintaqa atrofidagi mamlakatlardan farq qiladigan, o'ziga xos bir sherik bo'lish. Uzoqdagi ishonchli tayanch bo'lishni istaymiz.

Boshqa davlatlar singari bu mintaqa mamlakatlari ham o'z tarixiga ega. Qo'shnilar bilan til topishishga majbur. Shu bilan birga dunyo bilan bog'lanishni, xalqaro tizimlarga ulanishni istaydi. Biz ham shuni xohlaymiz - mushtarak manfaatlarga ega sherik bo'lishni.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Markaziy Osiyo rahbarlari bilan gaplashganingizda ulardan kelasi 10-15 yil uchun biror reja yoki uzoq muddatni ko'zlovchi maqsad haqida eshitasizmi? AQSh kelajakni, odatda, shunday rejalaydi. Strategiya shunga qarab belgilanadi.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Mana shu maqsadlar haqida ish ketmoqda hozir. Mintaqada birdamlik kuchaygani sari uzoq muddatli rejalar va kelajak haqida tasavvur shakllanadi. O'zlari bu borada gaplashmoqda. Ular bir-birining yaqin kelajakdagi vazifa va xavotirlarini tushunadi. Chegara xavfsizligi, suv ta'minoti, tijorat, xizmatlar, Afg'oniston va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish uchun real harakat bor. O'zbekistonning ochilayotgani bu jarayondagi asosiy turtki. Hukumatlar yangicha ruhda strategik fikrlay boshlagan.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Siz regionni 10-15 yilda qayerda ko'rasiz? Qayerda ko'rishni xohlar edingiz?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Hammasi qarorlarga bog'liq. Afg'onistonda nima bo'lishiga bog'liq. Markaziy Osiyo va uning atrofidagi davlatlar orasidagi hamkorlikka bog'liq. Bizning ular bilan aloqamizga bog'liq.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Rossiya va Xitoy bilan, masalan.

Markaziy Osiyo barqaror va to'q davlatlar jamlanmasi sifatida ko'tarila oladi.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya... O'z tajribamga asoslanib, mintaqa rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari bilan so'zlashuvlarimga tayanib aytamanki, Markaziy Osiyo qudratli davlatlar orasida o'yinchoq bo'lishni aslo istamaydi. U tijoriy, siyosiy va madaniy ko'prik bo'lishni istaydi. Hindiston okeani tepasidagi gurkiragan, hamkorlik va raqobat yonma-yon yuradigan, neft va gaz quvurlari o'tgan, 21-asrdagi taraqqiyot va o'zgarishlar maydoni bo'lishni, strategik hudud sifatida ahamiyatini oshirib, o'z farovonligini ta'minlashni, boshqalarga ham madad bo'lishni istaydi.

Markaziy Osiyo barqaror va to'q davlatlar jamlanmasi sifatida ko'tarila oladi. Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo va boshqa taraflar bilan mustahkam rishtalarga ega, o'ziga ishongan davlatlar bo'la oladi. Sarmoya, tijorat, hamjihatlik va totuvlik maydoni.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Mintaqa rahbarlaridan ham shunga o'xshash gaplarni eshitamiz.

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Shunday.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Markaziy Osiyo xususida bilganlaringizga asoslanib, asosiy muammolar nimada degan bo'lardingiz?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Avvalo, xavfsizlik bilan bog'liq masalalar. Real tahdidlar bor. Qonli ekstremizm, Afg'onistondagi yangi to'dalar, xususan, "Islomiy davlat"ning Xuroson bo'limi hukumatlarni xavotirga soladi. Afg'onistonda tinchlikka erishilmas ekan, mintaqa ham xavf ostida, deya tashvishlanishadi.

Biz bu borada harakatdamiz, terrorizmga qarshi zarba berishda davom etayapmiz, lekin Afg'onistondagi mojaroga barham berilmas ekan, bu mamlakat tahdid o'chog'i bo'lib qolaveradi. Mintaqa davlatlari bu borada jiddiy o'ylab keladi.

Yana bir vazifa - demokratik harakat qilish. Shu paytgacha erishilgan yutuqlarni boy bermaslik; inson huquqlari, mehnat huquqlari va oshkoralik ta'minoti hamda siyosiy erkinlik tomon intilish. Biz demokratik o'zgarishlar tarafdorimiz va ularni quvvatlaymiz. Demokratiya va huquq targ'ibotini davom ettiramiz va buni sheriklarimizga dangal aytamiz.

Kapitoliy, Kongress joylashgan bino, Vashington
Kapitoliy, Kongress joylashgan bino, Vashington

Xavfsizlik yuzasidan yordam uchun mablag' bor.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Yordam uchun ajratiladigan mablag' kamayib bormoqda. Mintaqa uchun, ayniqsa... Nima kutish mumkin real madad sifatida?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Xavfsizlik yuzasidan yordam uchun mablag' bor. Lekin, umuman olganda, to'g'ri, ko'proq moliya zarur. Vashingtonda tashqi yordam borasida qizg'in bahslar ketmoqda. Kongress bu masalaga yangicha e'tibor bilan qaramoqda. Aynan nima sohada yordam pulini oshirish kerak? Byudjetlar hajmi yuzasidan debat ketmoqda.

Markaziy Osiyoning ahamiyati tan olinib, u yerdagi manfaatlarimiz yo'lida qancha sarflash kerak? Rolimizni boy bermaslik uchun nima qilish kerak? Yaqin va uzoq muddatda nima qilmoqchimiz? Mana shular borasida bir qarorga kelishimiz kerak.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Afg'onistonni tahdid o'chog'i dedingiz. Pokistonga ham xavotir bilan qarashadi. Bilasiz, yaqin o'tmishda u yerda o'zbek jangarilar ko'p edi. Pokistondan hamon ularning faoliyati haqida eshitib turamiz. Markaziy Osiyo bu davlat bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi qanday ishlashi mumkin? Siz qanday yordam bera olasiz bu borada?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Tomonlarning o'zi kelishib olishi kerak - kimga nima muhim? Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun nima qilmoq zarurligiga urg'u berish kerak, urushni qanday davom ettirishga emas. Mana shu jarayonda Pokiston juda muhim rol o'ynaydi va o'ynashi kerak. Agar sidqidildan ahd qilsa, o'zi va Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar ochilishi aniq.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Markaziy Osiyo davlatlari va Pokiston orasida qator yo'nalishlarda hamkorlik bor, ikki tomonlama aloqa mavjud. Lekin aynan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga kelganda mintaqa kuchli sheriklarga tayanishni istaydi. Shuni aytishadi rasmiylar mintaqada. Ular AQShdan ko'proq harakat kutadi. Pokistonga bosimni ushlab tursin, deyishadi.

Rossiyaning mintaqadagi tarixiy roli ziddiyatli.

Davlat kotibi muovini Thomas Shennon: Tushunamiz buni, lekin hamma narsa bizga bog'liq emas. Pokiston uchun Xitoy juda muhim davlat.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Rossiyachi?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Pokiston uchun Xitoy eng kattasi. Rossiyaning mintaqadagi tarixiy roli ziddiyatli. Lekin biz Rossiya bilan ham dunyoning bu qismi yuzasidan keng muloqotga shaymiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Rossiya Afg'onistonda faollashib borayotgani sizni qanchalik xavotirga soladi?

Davlat kotibi muovini Tomas Shennon: Nima qilayotganiga bog'liq. Agar maqsad tinchlik bo'lsa va Rossiya afg'onlarning murosa qilishi tarafdori bo'lsa, biz buni olqishlaymiz.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi”: Katta rahmat suhbat uchun.

Davlat kotibi muovini Thomas Shennon: Sizga ham rahmat.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG