Breaking News

AQShda oziq-ovqat talonlari bekor qilinadimi?


Kambag'allar uchun bepu beriladigan ovqat
Kambag'allar uchun bepu beriladigan ovqat
AQSh qonunchilari kambag’allarga bepul oziq-ovqat talonlarini berishni ko’zda tutadigan dastur yuzasidan murosa qilishga yaqin turibdi. Bu maqsadda federal byudjetdan ajratiladigan mablag’ kelasi 10 yilda sakkiz milliard dollarga kamayadi.

Respublikachilar 80 milliard dollarlik dasturni bundan ham ko’proq kesishni talab qilgan edi. Ularning fikricha, muhtoj oilalar yetarli yordam oladi. Ammo Nyu-Yorkdagi kambag’allarga yordam beradigan bir nodavlat tashkiloti Kongress qarori nochor oilalarni yanada qiyin ahvolga solib qo’yishidan xavotirda.

Vinsom Stoun davlatdan oziq-ovqat talonlarini olib kun kechiradigan fuqarolardan biri. Yordamsiz oilam och qolardi, deydi u. Shunday bo’lsa-da, ayol ba’zida Bruklindagi “Ocharchilikka qarshi kampaniya” nodavlat tashkilotiga qarashli bepul oziq-ovqat do’konidan “bozor” qilishga majbur.

“Ochig’ini aytsam, bu do’kon bo’lmaganida nima yerdik, hayronman. Bu juda yomon narsa, o’ylashni ham istamaydi odam, chunki o’z bolalaringga nima ovqat berishni bilmasang, ular och qolishini o’ylasang. Dahshat. Yuragim orqaga tortib ketadi.”

Stoun ham, uning turmush o’rto’g’i ham ishlaydi, lekin kam maosh oladi. Noyabr oyida Kongress talonlar uchun ajratiladigan mablag’ni kesishga qaror qildi. Bu oila uchun bir oylik yordam puli 50 dollarga kamaydi.

“Bu haqida ko’p o’ylamaslikka harakat qilaman, chunki aks holda aqldan ozish hech gap emas. Turar-joy ijarasi, elektr toki va gaz uchun to’lovlardan keyin pul kam qolib, bepul oziq-ovqat do’koniga borishga majburman,” - deydi ayol.

Meloni Samuels “Ocharchilikka qarshi kampaniya” tashkilotiga bundan 16 yil avval asos solgan. Mamlakatda iqtisodiy vaziyat yaxshilanayapti, lekin odamlarga buning ta’siri sezilganicha yo’q, deydi u.

"Oilasi, bola-chaqasi uchun yetarli yegulik topish ilinjida yurgan odamlar bir bepul do’kondan boshqasiga boradi. Shunday qudratli va boy mamlakat uchun bu uyat,” - deydi Samuels.

Kongress qarorini qo’llab-quvvatlayotganlar fikricha, kamaytirilganidan keyin ham yordam puli muhtoj oilalar uchun yetarli.

“Yordam pulini qisqartirish to’g’ri, chunki ishsizlik sur’ati pasayayotganiga qaramay, oziq-ovqat talonlariga talabgorlar ko’paymoqda,” - deydi konservativ qarashlarga ega iqtisodchi Diana Furxgot-Rot.

Uning fikricha, oziq-ovqat talonlarini suiiste’mol qilayotganlar kam emas. Shtatlar federal byudjetdan ularga beriladigan pul kamaymasligi uchun aholisidan talonlarni tejamay ishlatishga undayapti, deydi ekspert.

“O’tmishda bu dasturning chegarasi bo’lardi. Masalan, talon faqat uch oyga berilib, bu davr mobaynida odamlar ish topishga majbur edi. Hozir esa bunday talablar yo’q. Oqibatda, hatto kuch-quvvatga to’la, bemalol ishlay oladigan odam ham talonga cheksiz muddat yashashi mumkin”.

Meloni Samuels esa odamlar haqiqatan ham og’ir ahvolda, deydi.

“Qahraton qish kuni bepul do’konga kelib ko’chada, do’kon ochilguncha 3-4 soatlab navbatda turish, ba’zida esa yomg’irda, ba’zida jazirama issiqda kutish oson emas, axir. Ular buni istaydi deysizmi? Yo’q, bunday ahvolga tushishni hech kim xohlamaydi. Bu hayot-mamot masalasi”.

AQSh hukumati ma’lumotiga ko’ra, 47 million amerikalik, ya’ni har olti kishidan biri davlatdan oziq-ovqat talonlari oladi. Mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yaxshilanar ekan, bundaylarning soni kamayadi, deydi mutaxassislar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG