Breaking News

Rossiya informatsion urushda G'arbdan ustunmi?


Moskva ko'chalarida turib, matbuot mustaqilligini talab qilayotgan ruslar
Moskva ko'chalarida turib, matbuot mustaqilligini talab qilayotgan ruslar

Rossiya 2014-yilda Qrimni bosib oldi. Kreml Ukraina sharqidagi qurollangan ayirmachilarni quvvatlay boshladi. Bir paytning o'zida bu harakatlarni oqlaydigan kuchli information urush ham olib borildi. Propaganda nafaqat Rossiya ahli, balki uzoq va yaqin mamlakatlarga ham qaratildi.

Rossiya informatsiya urushida yutayaptimi? “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” kabi AQSh tomonidan moliyalangan teleradiolar hamda omma fikrini o’rganuvchi nufuzli tashkilot "Gallup" yaqinda Vashingtonda anjuman o’tkazib, yuqoridagi savol ustida munozara olib bordi.

“Gallup” sobiq Sovet respublikalarida so'rovlar o'tkazgan. Ularning 12 tasida aholi Ukraina va Qrimdagi voqealarni yaqindan kuzatib, Rossiya matbuotini G’arbnikiga qaraganda ishonchliroq deb baholagan. Shuningdek, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Belarus, Armaniston va O’zbekistonda so’ralganlarning aksariyati Rossiya axborot vositalariga tayanishini aytgan. Bu jamiyatlarda Qrim Rossiyaning bir qismiga aylangani quvvatlangan.

“Gallup” tashkiloti yetakchi eksperti Neli Yesipova deydiki, shaharliklar va oliy ma’lumotlilar Rossiyaning Qrim siyosatini ko’proq ma’qullaydi.

Amerika yoki Yevropa yuqorida tilga olingan davlatlarda odamlar fikri o’zgarsin desa, o’z ta’sir kuchini oshirmoqchi bo’lsa, kommunikatsion strategiyasini yangilashi lozim. Gap nafaqat mazmunda, balki ma’lumot odamlarga qanday taqdim etilayotganida, deydi tadqiqotchi. Aholi Rossiya bilan yaqin aloqada va rus matbuoti odamlarga nima yoqishini yaxshi biladi, dedi Yesipova.

AQSh Xalqaro teleradio agentligidan Jeffri Trimbl nazarida G’arb axborot vositalari bir paytning o’zida avtoritar davlatlar va terror tizimlarining propagandasiga javob berishga majbur.

"XXI asrda matbuotda manipulyatsiya, psixologik xurujlar va yolg’on ko’p",- deydi Trimbl.

Rossiya va Xitoy, uning fikricha, dunyo aholisi fikrini o'ziga nisbatan ijobiy tarzda shakllantirish uchun serqirra axborot urushi olib bormoqda. Trimbl buni "g'alaba" deb baholashga shoshmaydi. Asosiy vazifa, deydi u, haqiqatni yoritish.

Ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri beqiyos. Bir tomonda faktlar va real vaziyat, ikkinchi tomonda esa uydirma va noxolislik. Odamlarga ularni farqlashda yordam berish kerak, bu - jurnalistlarning burchi, deydi Vashingtondagi anjumanda so’zlagan mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG