Breaking News

"Grin karta" nima va lotereyani qanday o'ynaysiz?


Har yili dunyo bo’ylab millionlab odam AQShda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritish uchun “grin karta” lotereyasini o’ynaydi. Ammo ular orasida omadi chopganlar juda kam. Dasturda yutmaganlar qayta ishtirok etish mumkin. 2014-yil uchun “grin karta” tanlovi shu yilning 2-oktabridan boshlandi. Hujjatlarni topshirish bir oy davom etadi.

"Grin karta" lotereyasi boshlandi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00
Yuklab oling

Ro’zbi Mazhariy bu borada omadi chopganlardan. U AQShga “grin karta” dasturi orqali 1999-yilda kelgan.

“O’sha paytda harbiy xizmatda edim. Bir kuni singlimdan xat oldim. “Ro’zbi, menga darhol qong’iroq qil” deb yozibdi. Singlimga telefon qilsam, u menga yangilikni aytdi. Juda xursand bo’ldim. Uyga borib, vizani qo’lga kiritgach, yetti kun tinimsiz o’yin-kulgi qildim”, - deydi u.

Rasman “Turli millat vakillari uchun immigratsion vizalar”, xalq tilida esa “Grin karta” deb ataladigan bu dasturda dunyoning ko’plab o’lkalaridan xorijiy fuqarolar ishtirok etadi. Ular orasida o’zbekistonliklar ham bor. O’tgan yili jahon bo’ylab 55 ming “grin karta” uchun sakkiz million kishi qatnashgan.

Eronlik Naim Karimiy “grin karta” uchun uch marta hujjat topshirgan, lekin biror marta omadi chopmadi. Hozir Kanadada istiqomat qilayotgan bo’lsa ham, “grin karta” olish orzusidan hanuz voz kechgani yo’q.

“Bu safar omadim chopadi, deya umid qilyapman. Bu yil men uchun juda omadli kelyapti. Universitetni bitirdim, uylandim, ish topdim. “Grin karta”da uchinchi emas, to’rtinchi urinishda omadim chopsa, ajabmas”, - deydi Karimiy.

“Grin karta” dasturiga hujjatlarni topshirish internet orqali amalga oshiriladi. Natijalarni ham kelasi yilning may oyida internet orqali bilsa bo’ladi. AQSh Viza idorasi vakili Karen King gapiradi:

“Hozir biz tashkil etgan tizimda ishtirokchi hamma narsani bir o’zi qiladi. Kimlargadir pul to’lab, vositachilar orqali hujjat topshirishga hojat yo’q. Natijani ham o’zlariga berilgan maxsus raqam orqali aniqlashadi. Tanlov natijalari e’lon qilingach, biz ularni yana saytga kirib, o’z anketalarini tekshirishlarini so’raymiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

“Grin karta” dasturi AQShda soni kam bo’lgan millat vakillari miqdorini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Braziliya yoki Bangladesh kabi davlatlar uchun programma to’xtatilgan. O’zbekiston uchun har yili to’rt ming atrofida o’rin ajratiladi.

“Oson bo’lmadi. Kelajak uchun jiddiy reja qilishim kerak, besh yildan keyin, 10 yildan keyin nima qilaman, deb uzoq o’yladim. Oradan 12 yil o’tgach, mana, grin karta yutib oldim. Bu narsa hayotimni butunlay o’zgartirib yubordi”, - deydi eronlik Ro’zbi Mazhariy.

“Grin karta” dasturida ishtirok etmoqchi bo’lganlar AQSh Davlat departamentining rasmiy veb-sahifasi (www.dvlottery.state.gov) orqali hujjat topshirishlari lozim. Anketani to’ldirish yo’l-yo’riqlari turli xorijiy tillarda, xususan, o’zbek tilida ham mavjud: http://travel.state.gov/pdf/DV_2014_Instructions_UZBEK.pdf

Grin karta nima? Green Card Lottery
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:40 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG