Breaking News

AQShda saratonga qarshi kurashda nodavlat tashkilotlari faol


"Moychechak-g'ildirak" nomli o'quv quroli yordamida qizlar ko'krak saratoni haqida bilimga ega bo'ladi.
"Moychechak-g'ildirak" nomli o'quv quroli yordamida qizlar ko'krak saratoni haqida bilimga ega bo'ladi.
Amerikada ko’krak saratoniga chalinayotganlar va undan jon berayotganlar soni o’tgan yillarda ancha kamaydi. Lekin Saraton uyushmasining ogohlantirishicha, bu yilning o’zida 230 mingdan oshiq ayolga tashxis qo’yilishi mumkin. 40 ming ayol esa kasallikdan qurbon bo’ladi. Bu, albatta, tibbiy ma’lumotlarga qarab qilinayotgan taxmin.

Ayni damda AQShda uch millionga yaqin ayol ko’krak saratoni bilan kurashmoqda, dunyo bo’ylab esa o’nlab million. O’tgan yili 1,6 million ayol undan vafot etgan.

Kasallikni vaqtida aniqlash va darhol muolaja boshlash bag’oyat muhim, deydi shifokorlar. Ammo xotin-qizlarga buni tushuntirish oson emas. “Aloqada bo’l” deb nomlangan tashkilot faol targ’ibot olib bormoqda.
Ko'krak rakiga qarshi kurash, targ'ibot - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00
Yuklab oling

Los-Anjelesda o’smirlar ko’krak saratoni haqida “moychechak-g’ildirak” deb nomlangan vosita orqali ma’lumot olmoqda. Gul shaklidagi bu o’quv quroli yordamida ular ko’krakni tekshirish va shubha tug’ilsa, doktorga murojaat qilishni o’rganadi. Tahdid ehtimoli qizlar ulg’aygan sari oshib boradi.

Meri Ann Vasilga bundan 10 yil avval, yoshi 39 daligida ko’krak saratoni diagnozi qo’yilgan edi.

“O’g’lim endi 10 ga kirgandi, qizlarim 12 va 13 yosh edi. Men ularga qarab, oilamda shu paytgacha hech qachon ko’krak saratoni bo’lmagan, deb o’ylaganim esimda,” - deydi ayol.

Ko’krak saratoni avloddan avlodga o’tadi. Vasil farzandlariga zarur ma’lumot berish uchun shu ta’lim dasturini ishlab chiqdi. Dastur hozir 26 mamlakatda qo’llaniladi.

Rakning bu turi rivojlangan mamlakatlarda ko’proq tarqalgan. Masalan, AQShda har sakkiz ayoldan biri ko’krak saratoniga uchraydi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Afrikada kasallik ancha kam tarqalgan, sabab – ovqat va turmush tarzi boshqacha ekani. Lekin u yerda ham ko’paymoqda.

Ko’krak saratoniga chalinish ehtimoli yuqori ekanini bilgach kino yulduzi Anjelina Joli o’tgan yili ikkala ko’kragini jarrohlik yo’li bilan olib tashlashga qaror qildi. Bu jamoatchilik e’tiborini kasallikka qaratdi.

Anjelina Jolining shifokori Kristi Fank ta’lim va tibbiy testlardan o’tib turish katta ahamiyatga ega, deydi. Doktor Fank yaqinda Los-Anjelesda bu mavzuda ma’ruza qildi. “Aloqada bo’l” jamg’armasi uni va hamkasblarini xizmati uchun taqdirladi.

“Shunday dori yoki vaksina topiladi-ki, kasallik hatto boshlanmay turib, darhol yo’q bo’ladi, deb barchamiz umid qilamiz. Afsuski, hozircha buning iloji yo’q. Bugungi kunda eng samarali qurol – kasallikni vaqtida aniqlash. Vaqtida davolana boshlagan ayollarning 98 foizi tuzalib ketadi,” - deydi doktor Fank.

Aktyor Rob Louning buvisi ham, onasi ham ko’krak saratonidan vafot etgan.

“Haqiqiy qahramonlar… Og’ir kasallik bilan olishyapti. Ba’zilar ularga yordam berish uchun pul ajratyapi. Boshqalar esa, masalan shifokorlar, eng zo’r texnologiyalar yordamida kasallikka qarshi kurashmoqda. Albatta, bu insonlar menga ilhom bahsh etadi,” - deydi u.

Meri Ann Vasil esa saraton qaytarilmasligi uchun muolaja olmoqda. Bu xastalikni yengish mumkinligi haqida gapirsam, kuchimga kuch qo’shiladi, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG