Breaking News

AQSh terror xurujlari ko'payishi mumkinligidan ogohlantirmoqda


AQSh xavfsizlik sohasi mutasaddilari "Islomiy davlat" to'dasi e'lon qilgan xalifalik tugatilsa, jangarilar kurashning yashirin bosqichiga o'tishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

AQSh va xalqaro koalitsiya shu paytgacha taxmin qilgan reja bo'yicha, agar jangarilar Iroq va Suriyadagi huududlarini boy bersa, guruh zaiflashib parchalanib ketishi kerak edi.

"Islomiy davlat"ning mag'lubiyati yaqinlashib borar ekan, endi rasmiylar guruhning yangi shakl va strategiya bilan hujumlarni davom ettirishi mumkinligidan xavotirda.

"Xalifalik ketidan terrorchilar diasporasi qolishini hammamiz bilamiz, - deydi Federal Qidiruv Byurosi direktori Jeyms Komi. - Bizning ishimiz ularni aniqlash, AQShga kelib begunoh odamlarga zarar yetkazmasidan oldin joylarini aniqlash".

Suriyadagi urush maydonlarida 120 dan ortiq davlatdan kelgan 40 ming xorijlik jangari borligi aytiladi. Ularning aksariyati "Islomiy davlat" saflarida.

Komi va boshqa rasmiylarning ogohlantirishicha, xalifalik barbod bo'lsa, bu jangarilar ortga, uylariga qaytishga urinadi.

Terrorizmga qarshi milliy markaz direktori Nikolas Rasmussenning aytishicha, IShID o'tgan ikki yil davomida tashqi amaliyotlarni ijro etish malakasini oshirib bordi.

"Ularnning terror imkoniyatlarini yo'qqa chiqarish uchun Iroqdagi g'alabaning o'zi kifoya emas. Vaqt o'tishi bilan ularning imkoniyatlarini kamaytirib boramiz, ammo bu ko'p vaqt olishi mumkin", - deydi u.

Ma'lumotlarga ko'ra, guruh soxta hujjatlar tayyorlab, vakillarini Yevropa davlatlariga kiritishning uddasidan chiqmoqda. Parij va Bryusselda ro'y bergan xurujlar shundan dalolat beradi.

AQSh xavfsizlik idoralari sayohat hujjatlarini tekshirish jarayonini yanada kuchaytirgan. Shunga qaramay, terrorchilarning mamlakatga kirish yo'llarini butunlay yo'q qilib bo'lmaydi, deydi tahlilchilar.

Yevropada so'nggi paytlarda bir necha yirik xurujlarning yuz bergani bu mintaqada allaqachon jangarilar mustahkam o'rnashib olganidan dalolat qiladi, deydi kuzatuvchilar.

Iroq va Suriyaga safar qilgan yuzlab yevropalik jangarilar endi ortga qaytayotgani aytiladi. Bu borada AQSh xavfsizroq. Chunki Yaqin Sharqdagi guruhlarga qo'shilish uchun jo'nab ketishga uringan amerikaliklarni to'xtatib qolish amaliyoti AQShda ancha yaxshi yo'lga qo'yilgan.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda "Islomiy davlat"dan ilhomlanib xurujlarni amalga oshirishga undovchi chaqiriqlar ko'paygan.

Xavfsizlik bo'yicha rasmiylar 1000 ga yaqin ana shunday holatni kuzatib borayotganini, ammo ularni aniqlash va topish qiyin ekanini aytadi.

"San-Bernardino, Orlando kabi yana bir xuruj yuz berishi ehtimolining mavjudligi - mening e'tiborimdagi birinchi masala", - deydi Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG