Breaking News

AQSh Venesuelaga nisbatan harbiy chora ko'rish haqida o'ylanmoqda


Venesuelada bir necha oydan beri hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti.
Venesuelada bir necha oydan beri hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Venesueladagi holatni "xavfli boshboshdoqlik" deb atab, harbiy chora qo'llash masalasini ham ko'rib chiqayotganini aytdi.

"Venesuela bo'yicha qilishimiz mumkin bo'lgan ishlar ko'p. Kerak bo'lsa, ehtimoliy harbiy chora ham ulardan biri", - dedi AQSh rahbari.

Trampga ko'ra, harbiy aralashuv e'tibordan soqit qilingani yo'q va buni AQSh amalga oshira oladi.

"Venesuelada odamlar azob chekyapti va o'lyapti", - dedi Tramp.

Pentagonga ko'ra, AQSh harbiylari xorijdagi AQSh fuqarolari va manfaatlarini himoya qilishga tayyor. Idora so'zlovchisi Mark Raytning aytishicha, Mudofaa vazirligi dunyo bo'ylab ehtimoliy harbiy harakatlar uchun zarur rejalarni tuzib qo'ygan va ularni prezidentga taqdim etish vazirlikning vazifasi.

Senatdagi Qurolli kuchlar qo'mitasi a'zosi, demokrat senator Ben Sassining aytishicha, Kongress bunday chorani qo'llab-quvvatlashi ehtimoli past.

Venesuela Mudofaa vaziri Vladimir Padrino televideniye orqali murojaatida AQSh rahbarining gaplarinini "ahmoqgarchilik" deb atadi.

Venesuela Tashqi ishlar vazirligi ham Tramp so'zlariga doir bayonot chiqarishi kutilyapti.

Venesuelada bir necha oydan beri hukumatga qarshi namoyishlar bo'lib o'tmoqda. Xavfsizlik kuchlari bilan to'qnashuvlarda yuzlab odam halok bo'lgan, behisob odamlar hibsga olingan.

Dunyo bo'ylab neft narxlari tushishi oqibatida Venesuela iqtisodiyoti inqiroz yoqasiga kelib qolgani aytiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG