Breaking News

Qirg'izistonda o'zbek jurnalistlari o'ta ehtiyotkor bo'lishga majbur


O'sh, Qirg'iziston
O'sh, Qirg'iziston

O'zbekistonda hokimiyat almashishi qo'shni davlatlarda yashayotgan o'zbeklar hayotida ham ayrim o'zgarishlar qilayotgani ta'kidlanadi.

​Qirg'iziston, Tojikiston matbuotida O'zbekistonga oid tanqidiy chiqishlar ozaygan, mahalliy o'zbeklar siyosiy-ijtimoiy hayotda bosimlar kamayishiga, chegaralar ochilib, bordi-keldi avvaligidek tiklanishiga umid qiladi. Shunga qaramasdan, qo'shni davlatlar, ayniqsa Qirg'izistondagi o'zbeklarni hamon xavotirlar tark etmagan.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hali Tojikiston, Qirg'izistonga rasmiy tashrif bilan bormadi, ammo hukumatlar o'rtasida muzokalarlar, turli darajadagi delegatsiyalar uchrashuvi yo'lga qo'yilgan. Qirg'iziston bilan chegara bo'yicha muzokaralar, Tojikiston bilan chorak asr avval bekor qilingan aviaqatnov qayta tiklandi, Dushanbeda o'zbek mahsulotlarining ko'rgazmasi katta qiziqish bilan o'tkazildi.

Qo'shni Qirg'izistondagi o'zbeklar O'zbekistonda yangi hokimiyat bilan bog'liq o'zgarishlarni iliq qarshi olmoqda. Bu yurt janubida elatlararo qirg'indan yetti yil o'tdi, ammo o'zbek jamoatchiligida hamon xavotir mavjud. Ular siyosiy hayotdan chetda, o'zbek tilidagi nashrlar, televideniye faoliyati qayta tiklanmagan.

Qirg'iziston so'z erkinligi bo'yicha mintaqada oldingi o'rinda, lekin keyingi paytda bu mustaqillik ham ancha jiddiy zarbalarga uchradi, davlat rahbarining o'zi bir nechta nashrlarni sudga berdi.

“Amerika ovozi”ning O'shdagi muxbiri Muhiddin Zarif so'zlariga ko'ra, Qirg'iziston so'z erkinligi bo'yicha mintaqa yetakchi o'rinda turadi. O'zbek tilidagi nashrlarni rivojlantirishga rasmiy to'siqlar yo'q, ammo jurnalistlarni hadik tark etmagan:

“So'nggi yetti yilda Qirg'izistonda o'zbek tilidagi matbuot muntazam kamayib borayapti, avval o'zbek tilidagi bo'lgan “O'shTV”, “MezonTV” kabi televideniye faoliyati qayta tiklanmadi. Albatta, yoshlar axborotni ko'proq internet orqali olishadi, lekin yoshi keksalar ko'proq gazetalarga bog'lanib qolishgan. Gazetalar esa kam, nusxalari ham juda oz. Qirg'iziston so'z erkinligi bo'yicha mintaqada oldingi o'rinda, lekin keyingi paytda bu mustaqillik ham ancha jiddiy zarbalarga uchradi, davlat rahbarining o'zi bir nechta nashrlarni sudga berdi”.

Ayni paytda, Amerika Ovozining "Amerika Manzaralari" nomli telko'rsatuvidan foydalanayatgan Keremet TV va qirg'iz, rus va o'zbek dasturlarini efirga uzatgan Intymak TV chetida, Qirg'izistonda o'zbek tilidagi birorta telekanal yo'q, jumladan o'zbeklar hayoti, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda to'qnash kelayotgan muammosini yoritib borayotgan jiddiy nashrlar ham. Bu bo'shliq esa asosan Rossiya ommaviy axborot vositalari hisobiga to'ldirilmoqda:

“O'zbek tilidagi matbuot o'rni Rossiya axborot vositalari hisobiga to'ldrilmoqda, ayniqsa, telediveniyesi kengroq kirib kelmoqda, Rossiyaning turli teleshoulari, madaniyat va sport haqidagi telekanallariga odamlar ko'proq diqqat qaratmoqda. Siyosatdan uzoqroq bo'lishga harakat qilishadi, yangiliklar bilan cheklanishadi. Boshqa bir tendensiya esa keyingi yillarda hayotning o'zi o'zbeklarni qirg'iz axborot vositalarini ko'rishga, ijtimoiy hayotga aralashishga chorlayapti, odamlar qirg'iz tilini o'rganishga, mamlakatda nimalar bo'layotganini bilishga harakat qilayapti. Uchinchidan, bu avvaldan ham mavjud holat, ko'pchilik O'zbekiston telekanallarini ko'radi, ammo matbuotini o'qiy olmaydi, davriy nashlar kelishi to'xtagan, lekin O'zbekistondagi ko'ngilochar nashrlarga talab kuchli”, - deydi Muhiddin Zarif.

Kimdir tushunmasligi, nafaqat deylik rahbarlar, mulozimlar, balki aholining ma'lum qismi ham, o'zbek matbuotining chiqishini to'g'ri tushunmasligi haqidagi xavotir o'zbek jurnalistlarini ehtiyot bo'lishga undaydi.

Qirg'izistonda matbuot mintaqa davlatlariga solishtirganda nisbatan erkin, ammo:

“Qirg'izistondagi so'z erkinligi imkoniyatidan o'zbek jurnalistlari amalda foydalanishlari mumkin, lekin to'liq emas, chunki ular o'zlarini senzura qilishga majbur, buning uchun sabablar yetarli, ayniqsa o'zbeklar kechirgan qiyin davrlar. Kimdir tushunmasligi, nafaqat deylik rahbarlar, mulozimlar, balki aholining ma'lum qismi ham, o'zbek matbuotining chiqishini to'g'ri tushunmasligi haqidagi xavotir o'zbek jurnalistlarini ehtiyot bo'lishga undaydi. Bu esa o'z-o'zidan o'zbek tilidagi nashrlarning ta'sirini, doirasini toraytirib qo'ygan”, - deydi Muhiddin Zarif.

Qirg'izistondagi o'zbek jamoatchiligi, jurnalistlaridagi bu xavotirlar bugun ham asossiz emasdek. Qirg'izistonlik jurnalist Ulug'bek Boboqulov “Farg'ona.ru” nashrida e'lon qilingan maqolasida Qirg'iziston jamoatchiligining ijtimoiy tarmoqlardagi milliy munosabatlarga doir chiqishlarini tahlil qilgan.

“Sartlar”ni, “o'zbeklar”ni Qirg'izistondan quvish, o'ldrishga chaqiriqlari ochiq aytilgan bu chiqishlar milliy nizodan yetti yil o'tib ham mamlakatdagi vaziyat hamon xavotirli ekanidan darak beradi. Favqulotda vaziyatda O'zbekistondagi yangi hokimiyat munosabati qanday bo'lishi mavhum.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG