Breaking News

O'zbekiston paxtada, saylov bilan kimning ishi bor?


O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, 21-dekabrga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik avjida. Biroq aholining shashti past, saylovdan foyda bo’lishiga ishonch yo’q.

Oliy Majlis saylovlari yaqinlashmoqda, jamoatchilik qanday fikrda? Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:47 0:00
Yuklab oling

Saylovda tom ma'noda biror muxolif partiya qatnashmaydi. Deputatlik o'rinlari allaqachon taqsimlangan va partiyalar biror jihatdan mavjud siyosatni tanqid ostiga olmaydi.

"Adolatli saylovlar uchun“ nodavlat tashkiloti rahbari Abdulla Tojiboy o'g'li:

"O'zbekistondagi saylovlarni kuzatib kelayotganim uchun ham shuni ayta olamanki, partiyalarning hammasi bir-biriga o'xshash, muxoliflik yo'q. Ikkinchidan to'rt partiyadan ko'rsatiladigan nomzodlar, ularning necha foiz ovoz olishi, kimlar saylanishi, hatto Oliy Majlis spikeri ham qaysi partiyadan va kim bo'lishi oldindan tayin, belgilab qo'yilgan. Bu saylov O'zbekistonda go'yo demokratiya, saylovda to'rt partiya ishtirok etayapti, deyish uchungina o'tkaziladi. Yangilari ham hozirgilariga o'xshagan qo'g'irchoq deputatlar bo'ladi, shunchaki ovoz berishda qo'l ko'tarib turaveradi“.

Saylovda O'zbekiston liberal demokratlar partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, "Adolat" va "Milliy tiklanish“ partiyalari ishtiroki kutilmoqda. Shuningdek, Ekologik harakat a'zolari uchun ham o'rinlar ajratilgan.

Har bir partiya saylovda qatnashish uchun kamida 40 ming tarafdorning imzosini yig'ishi kerak. Markaziy saylov komissiyasi deputatlikka nomzodlar ro'yxatini 12-oktabrgacha qabul qiladi.

Oliy Majlisning hozirgi tarkibi ham shu to'rt partiyadan iborat. Bu partiyalarning hammasi hukumat tomonidan tuzilgan va boshqariladi. Mamlakatda muxolif partiyalar haqiqatdan ham mavjud emas. 1990 va 2000-yillarda paydo bo'lganlari tugatilgan, a'zolari quvilgan.

Xorijda faoliyat yuritishga majbur muxolifat odatda bu saylovlarni boykot qiladi.

Siyosatshunos Anvar Nazirov deydiki, jamoatchilik bu saylovlardan katta o'zgarish kutayotgani yo'q.

"Jamoatchilik, xalq ishida ham deputatlar, yumshoqroq aytganda, katta obro'ga ega emas... Shuning uchun ham hech kim qiziqayotgani yo'q. Ko'pchilik sezmadi ham saylov boshlanganini. Mana paxta kampaniyasi boshlanganini hamma sezdi. Parlament saylovi natijasida qandaydir dekorativ o'zgarishlar bo'lishi mumkin, lekin o'zgarishni O'zbekistonda faqat ijrochi hukumat qiladi. Bizda qonun chiqaruvchi organ shunchaki bir bezak, dekoratsiyaga aylangan, undan hech kim hech narsani kutmaydi“, - deydi Nazirov.

Aslida parlament saylovlari O'zbekiston prezidentligi uchun saylovlardan keyin o'tishi lozim edi. Islom Karimovning prezidentlik muddati dekabr oyida tugaydi, ammo qonunchilikka kiritilgan o'zgarishlarga ko'ra, prezidentlik saylovlari parlament saylovlaridan keyinga, 2015-yilga ko'chirildi.

"Prezidentlik uchun saylovlarning ko'chirlishi, menimcha, ko'proq texnik sabablarga ega. Maqsad oldin parlament saylovlarini o'tkazib, keyin prezident saylovlarini o'tkazish bo'lishi mumkin. Lekin, mening nazarimda, bu narsada hech qanday farq yo'q edi. Aytganimdek, parlamentni xalq ham, jamoatchilik ham siyosiy kuch sifatida bilmaydi. Islom Karimovni 23 yildan buyon bilamiz. U odamning xarakterida hokimyatdan ketish yoki o'zining o'rniga voris tayinlash degan narsa yo'q. Shuning uchun ham men bunday muhokamalarga boshidanoq ishonmagan edim. Prezident Karimov o'z faoliyatini davom ettirishga tayyor. Parlamendan uning o'rini bosadigan hech kim chiqmaydi ham”, - deydi siyosatshunos Anvar Nazirov.

Oliy Majlis saylovlari 2009-yilda, prezident saylovlari esa 2007-yilda o'tgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG