Breaking News

Karimovning siyosiy mahbuslari Mirziyoyevning ham siyosiy mahbuslarimi?


2016-yilda O’zbekiston qamoqxonasidagi siyosiy mahbuslardan uch nafarining jazo muddati uzaytirildi. 23 yil qamoqda o’tirgan 72 yoshli Samandar Qo’qonovning muddatiga yana 3 yil qo’shildi. Yangi rahbar Shavkat Mirziyoyev esa islohotlar haqida gapirmoqda. Qanaqa islohot?

Uzoq yillardan beri qamoqda o'tirgan muxolifatchilarning jazosi uzaytirildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:25 0:00

1993- yilda 20 yillik qamoqqa hukm qilingan Samandar Qo’qonov mustaqillikni ilk yillaridanoq muxolifatga nisbatan kuchaygan tazyiqlarning dastlabki qurbonlaridan bo’ldi. Faollar nazarida, yangi hukumat uchun ham qiynoq va tazyiq muxolifatga qarshi kurash usuli.

Joriy yilda uch siyosiy mahbus - A’zam Farmonov, G’anixon Mamatxonov va Samanqar Qo’qonov – uzoqroq qamoqda qolaidgan bo’ldi. Ularning hammasi jazo o’tasha tartibini buzishda ayblangan. A’zam Farmonovga 5 yil; G’anixon Mamatxonovga 2 yil; Samandar Qoqonovga esa ikki bor, 2014-yilda 2 yil, shu yilning 7- oktabrida yana 5 yillik qamoq jazosi qo’shib berildi.

Siyosiy va diniy mahbuslarga belgilangan jazo muddatini qamoqxona ichki tartibini buzish aybi bilan uzaytirish Karimov davrida keng qo’llanilgan chora. Samandar Qo’qonovga belgilangan jazo muddati yangi hukumat, o’zgarishlar, shu jumladan sud tizimida ham islohotlar va’dasini berayotgan yangi rahbar boshqaruvi ostida kuzatilmoqda.

"O'tyuraklar klubi" tomonidan ishlangan plakat
"O'tyuraklar klubi" tomonidan ishlangan plakat

O’zbekiston tarixidagi eng uzoq yillik siyosiy mahbusga aylangan Samandar Qo’qonovga jazo qo’shib berish haqidagi qaror muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevni chetlab o’tganiga ishonish qiyin.

“O’tyuraklar klubi” inson huquqlari tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyevaga ko’ra, Mirziyoyev hukumatdagi yangi odam emas.

“Men Shavkat Mirziyiyev uzoq yillik siyosiy mahbusga jazo qo’shib berilganidan xabarsiz qoldirilgan deb hisoblamayman. Boisi - siyosiy mahbuslar ozodligi uzoq yillardan buyon talab qilib kelinadi. Uning virtual qabulxonasiga ham siyosiy-diniy mahbuslarni ozod etish haqidagi talablar topshirilayapti. Qolaversa, Mirziyoyev o’zga sayyoradan tushib qolgan odam emas. 10 yildan ortiq Bosh vazir bo’lib ishladi. Siyosiy mahbuslarni, aynan Samandar Qo’qonovning eng uzoq qamoqda qolayotgan mahbus ekanligini ham biladi. Ya’ni Shavkat Mirziyoyev roziligisiz yoki ko’rsatmasisiz biron harakat qilinganiga ishonmayman. Qo’qonov taqdiriga nisbatan bu tazyiqda yangi rahbarning ham shaxsan hissasi bor”, - deb hisoblaydi Mo’tabar Tojiboyeva.

Qamoqxona ma’muriyatidan Samandar Qo’qonovning olilasiga kelgan maktubda jazo muddatini qo’shib berilishi mahkum tomonidan muntazam ravishda jazo o’tash tartibini buzib kelinishida, deb ko’rsatilgan. Aynan shu jihat bois Mirziyoyev taqdimiga ko’ra Senat tomonidan oktabr oyida e’lon qilingan amnistiya siyosiy va diniy mahbuslarga qo’llanilmasligi aytildi. Bu mahbuslarning aksariyati qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblangan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan faol Muhammadsolih Abutov diniy ayblovlar bilan O’zbekiston qamoqxonasida jazo o’tagan, qamoqda unga ham uch yillik jazo muddati qo’shib berilgan. Unga ko’ra, bunday chora siyosiy-diniy mahbuslarga nisbatan uyushtiriladi, keng qo’llaniladi:

“Bu raskrutka deyiladi va bu o‘zbek qamoqxonasida juda keng avj olgan. Mahbus bir yil ichida ikki marta izolyatorga, bir marta kartserga tushsa, ashaddiy tartibbuzar hisoblanadi va unga nisbatan jinoiy ish ochiladi. Qamoqxonada, ayniqsa dindorlarni deyarli har oyda bir marta jazoga tortadi”.

Samandar Qo’qonovga jazo muddati qo’shib berilishidan oldin qamoqxonadagi siyosiy mahbuslardan biri, huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi. Huquq himoyachisi ozodlikka chiqishini O’zbekistonda hokimyat o’zgarishidan keyingi o’zgarishlarga, xalqaro tashkilotlar talabiga ham bog’liq deb hisoblayd

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruvini qo’lga olganiga ikki oy bo’layapti. Shu vaqt mobaynida u islohotlarga moyillik ko’rsatayotgan rahbar sifatida tanildi, hatto hukumatga muxolif bo’lib kelgan faollar tomonidan ham oqishlanayotgani kuzatiladi.

Mo’tabar Tojiboyeva fikricha, davlat boshqaruvidagi ikki oy siyosiy o’zgarishlar boshlanganiga ishorat berish uchun yetarli vaqt, ammo vaziyat siyosiy mahbuslarga munosabat o’zgarmaslgini ko’rsatmoqda.

“Mirziyoyevning bir ishorasi bilan Qo’qonov ozodlikka chiqishi mumkin edi. Unga jazo muddati qo’shib berilishi Mirziyoyevning siyosiy obro’siga jiddiy putur yetkazadi. Bu siyosiy diniy mahbuslar taqdiri o’zgarishsiz qolishiga qaratilgan bir signal. Mirziyoyev tomonidan qilingan “o’zgarishlar” esa faqatgina saylov munosabati bilan qilinayotgan tashviqot. Agar Mirziyoyev Karimov yo’lini emas, demokratik islohotlar yo’lidan ketmoqchi bo’lganida shu ikki oy davomida jiddiy siyosiy o’zgarishlar qilgan bo’lar edi”, - deydi Tojiboyeva.

Shavkat Mirziyoyev 4- dekabrda kutilayotgan prezidentlik saylovlarida shubhasiz go’lib sifatida e’tirof etiladi. Bu g’oliblik prezidentlik saylovlarini adolatli, ochiq o’tishiga qarab emas, muxolif nomzodlarsiz, siyosiy erkinliklar cheklangan bir sharoitda o’tishiga qabar baholanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG