Breaking News

Sara Kendzior: O’qimishli fuqarolarga imkon bermaslik - O’zbekiston fojiasi


Yaqinda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi O’zbekistonda bo’ldi. Mustaqil kuzatuvchilar nazarida ittifoq O’zbekstonni inson huquqlarini himoya qilish va demokratik islohotlarni boshlashga ko’ndira olmayapti.

Amerikalik antropolog Sara Kendziorning aytishicha, O’zbekiston hukumati o’zgarishlarga tayyor emas.

Sara Kendzior Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassis. Al-Jazira va yana bir nechta jiddiy internet sahifalar uchun maqolalar, o’z fikrlarini yozib turadi.

Ketrin Eshtonning o’tgan oy oxirida O’zbekistonga safaridan so’ng Sara internetda tanqidiy maqola yozdi. Mutaxassis Yevropa Ittifoqi vakilining O’zbekistonda fuqarolik jamiyatiga doir gaplarini tanqid qildi.

"Eshton “fuqarolik jamiyati” degan iborani ishlatib, O’zbekistonda xuddiki haqiqatda katta fuqarolik jamiyati, ko’zga ko’ringan faollar, fuqaroviy yoki siyosiy tashabbuslarga mustaqil ravishda qo’l ura oladigan odamlar borday gapirdi", - deydi tahlilchi.

Sara Kendzior Islom Karimov rejimining ashaddiy tanqidchilaridan. Bolalar majburiy mehnati, siyosiy repressiyalar, senzura, korrupsiyaga qarshi maqolalar yozadi.

Sara O’zbekiston rahbarining to’ng’ich qizi Gulnora Karimova bilan Tvitterda tortishgan, qo’shiqchilik faoliyatini mazax qilgan. O’zbekiston islohotlarga muhtoj, deydi bu mutaxassis. Ammo Karimovni o’zgarishlarga kim ko’ndira oladi?

"Odamlar xorijiy hamkorlar imkoniyatlarini, O’zbekistonga ta’siri darajasini odatda oshirib yuboradi. Rasmiy Toshkent chetdagi gaplarga e’tibor bermaydi. Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga gapi o’tmaydi. Amerika ham Afg’onistondagi ehtiyojlari sabab respublika bilan muloqot qilmoqda. Aslida O’zbekiston tashqi siyosatida aniq bir yo’nalish, mafkura bor deb bo’lmaydi, shu sababdan xorijiy davlatlar ham u bilan qanday aloqa qilishni bilmayapti", - deydi Sara Kendzior.

Gulnora Karimova bilan yaqinda Tvitter orqali tortishgan yana bir tahlilchi Endryu Strolayn islohotlar bo’yicha bitilgan fikrlarini ochiq xat shaklida chop etdi.

Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi markaz rahbarlaridan biri bo’lmish bu ekspert O’zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan inson huquqlari faollari, mustaqil jurnalistlar va siyosiy mahbuslar ro’yxatini keltirib, Gulnora Karimovadan ularning ishlarini qayta ko’rib chiqishda yordam so’radi.

Endryu Strolayn Tvitterdagi tortishuvlar quruq gap sifatida qolib ketishi mumkin deb, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro guruhlar ma’lumotlari asosida bitilgan ochiq xat Gulnora Karimovaning diqqatini tortib, amaliy natija berishiga umid qilmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, moda, musiqa, parfyumeriya, kino va xayriya yordamida o’z xalqi va xorijdagilar mehrini qozonishga urinayotgan Gulnora Karimova katta siyosatga qadam tashlab, o’zini mustaqil va qibiliyatli arbob sifatida ko’rsatmoqchi bo’lsa, Endryu Strolaynning ochiq xatida bitilgan muammolar u uchun yaxshi sinov.

Tahlilchi Sara Kendzior nazarida O’zbekistonda o’zgarishlarni chetdan qilib bo’lmaydi.

"Hozirgi siyosiy muhitda O’zbekistonning o’zi islohotlarga qo’l urishi kerak. Buning uchun hech bo’lmaganda Birma kabi siyosatni o’zgartirish lozim. Axir barqarorlikni saqlagan holda fuqarolar huquqlarini kengaytirish yo’lini topsa bo’ladiku. O’qimishli aholisi, aqlli yoshlari bo’la turib, ularga imkon bermaslik O’zbekistonning fojiasidir", - deydi tahlilchi.

Biroq boshqa kuzatuvchilarga ko’ra, Karimov rejimi hokimiyatda ekan, bunday o’zgarishlarga umid qilmaslik kerak.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG