Breaking News

Yangi Jahon savdo markazidagi tomosha maydonchasi ishga tushdi


541 metrli osmono’par binoni qurish uchun 45 ming tonna po’lat, 159 ming kubometr sement ishlatilgan.
541 metrli osmono’par binoni qurish uchun 45 ming tonna po’lat, 159 ming kubometr sement ishlatilgan.

2001-yil 11-sentabr xurujida vayron bo’lgan egizak binolar o’rniga qurilgan yangi Jahon savdo markazida tomosha maydonchasi ishga tushdi. U yerdan turib sayyohlar Atlantika okeanigacha bo’lgan Nyu-York shahri tevaragini tomosha qilishlari mumkin.

Jahon savdo markazi observatoriyasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

Loyihada e’tibor Nyu-Yorkka, kelajakka qaratildi. Ammo o’tmish ham unutilgani yo’q. Butun dunyodan kelgan odamlar 541 metrli osmono’par binoga chiqish uchun navbatini kutdi. Bu Shimoliy Amerika materigidagi eng baland imorat.

Qurilish shu yil boshida tugallandi. Bir necha yilni olgan bunyodkorlikda 45 ming tonna po’lat, 159 ming kubometr sement ishlatilib, 28 ming kvadrat metr ofis maydoni yaratildi.

Nihoyat imorat cho’qqisidagi sayyohlik markazi - Yagona dunyo observatoriyasi ham ishga tushdi. Deyv Chekets uni boshqaruvchi kompaniya rahbari.

“Hammasini tugatdik. Qurilish ishlari qanday ketayotganini eshitdingiz. Imoratni tikladik”, - deydi u.

Tomosha maydonchasi so’nggi uch qavatda joylashgan. Liftdan chiqishda Nyu-York manzarasi aks etgan 47 soniyali videoni tomosha qilasiz. Undan so’ng bino qurilishi tarixiga oid yana bir video qo’yiladi. Nihoyat tepaga chiqqaningizda Manhetten va undan olis hududlar ko’z oldingizda gavdalanadi. Ochiq havoda, to’rt tomonda 80 kilometrgacha bo’lgan masofani ko’rish mumkin.

Bino poyida maxsus ochilish marosimi o’tkazildi. Imorat cho’qqisiga ko’tarilish bir kishi uchun 30 dollardan ko’proqqa tushadi. Ammo birinchi kun sayyohlari uchun bu muhim emas.

“Juda ajoyib, juda baland”, - deydi germaniyalik sayyoh.

“Fantastika”, - deydi yana bir odam.

“Orzularimdan biri ushaldi”, - deydi arizonalik yigit.

Lyuksemburglik sayyoh ham hayratda.

“Minora yerto’lasidagi po’lat ustunlar mening mamlakatimdan kelgan. Qarang, dunyoning eng kichik mamlakati dunyoning eng katta shahriga yordam bergan”, - deydi u.

Bino qurilishiga hissa qo’shgan “Dallas kovboylari” kompaniyasi rahbari Jerri Jouns binoning ramziy ahamiyatiga e’tibor qaratadi.

“Tiz cho’kib qolganda, yana oyoqqa turishdek gap. Bu mamlakatning irodasi kuchli”, - deydi u.

Nyu-York transport idorasiga kelasi 15 yilda tomosha maydonchasidan 875 million dollar daromad kelishi kutilyapti. Muhimi, deydi mas’ullar, yangi markaz kelajak uchun umid va xotira maskani bo’lib qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG