Breaking News

Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar


Dyuk Universiteti talabalari
Dyuk Universiteti talabalari

Jahonda oziq-ovqatga talab oshar ekan, qishloq xo’jaligiga ham e’tibor oshib bormoqda. Masalan, Amerikada fermerlik bugun ommabop kasb. Yoshlar dehqonchilik va chorvadorlikka jalb qilinmoqda. Samara yomon emas, ammo to’siq va qiyinchiliklar ham talay.

Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar
Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar

Yaqinda Shimoliy Karolina shtatining Dyuk universitetida ilk bor hosil festivali o’tkazildi. Mahalliy ferma xo’jaligi rahbari Emili Sloss mehmonlarga chorak gektar yerga ekilgan sabzavot va ko’katlarni ko’z-ko’z qildi.

"Sintetik o’g’it va pestetsidlardan foydalanmaymiz", - deydi u.

Emili mana shu universitetning sobiq talabasi. O’tgan yili bitirgan. Qishloq xo’jaligiga aloqasi yo’q qurilish sohasi mutaxassisi.

"Endi esa fermer bo’ldim. Xoh ishoning, xoh ishonmang", - deydi u.

Emilining talabalik paytidagi loyihalaridan biri universitetda ferma ochish edi. Va u buning uddasidan chiqdi. Ferma birinchi yili ikki tonna hosil berdi. Sabzavotlar universitet oshxonasiga yetkazildi.

Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar
Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar

Oshxona boshqaruvchisi Neyt Petersonning aytishicha, fermada yetishtirilib, kafeteriyga topshirilayotgan mahsulotlarning sifati a’lo.

Emilining qiziqishi qanday qilib qurilishdan fermerlikka o’tdi?

"Sog’lom oziq-ovqatga o’tish kerakligini tushunib yetdim. Shunday qilmasam bo’lmasdi", - deydi u.

Morin Mudi ham Emili qatori bir kasbni tanlab, so’ng fermerlikka o’tgan yoshlardan. Antropologiyada qolmasdan yosh fermerlarning bu kasbni tanlashga yetaklagan omillarni o’rganuvchi nodavlat tashkilotga ishga kirdi.

Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar
Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar

"Dehqonchilikni xayoliga umuman keltirmagan odamlar hozir fermer bo’lmoqda. Men va ko’plab boshqa do’stlarim qishloq joyda voyaga yetmaganmiz. Qishloq xo’jaligini o’rganmaganmiz", - deydi u.

Shu paytgacha ovqatlarni yerkanmizu, lekin qanday yetishtirilgani haqida qiziqmagan ekanmiz, deydi Morin.

Yangi ishlangan filmlar va ko’plab kitoblarda Amerikada oziq-ovqat sanoati, uning inson salomatligi va atrof-muhitga zarari tanqidga olinadi. Natijada tabiiy va mahalliy sharoitda yetishtirilgan mahsulotlarga talab kuchaymoqda. “Ovqat” deb nomlangan filmga o’xshash kartinalardan so’ng yoshlarda qishloq xo’jaligiga qiziqish uyg’onmoda. Ammo hamma ham fermer bo’lib ketavermaydi. Hozirgi sharoitda biznes yuritish oson emas.

Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar
Dehqonchilikni ma'qul ko'rayotgan yosh amerikaliklar

Morin Mudining aytishicha, ko’plar bu ishni eplay olmayapti.

"Ba’zilargina ishni yo’lga sola bilib, qiyinchiliklarga chidab, foyda qilishni o’rganyapti. Ammo hech ham oson emas", - deydi u.

Dyuk universiteti fermasi boshqa dehqonchilik xo’jaliklaridan shunisi bilan farq qiladiki, talabalar unda bepul ishlaydi, universitet moliyaviy yordam ko’rsatib turadi. Emili Slossning aytishicha, fermerlikka qiziqqanlar bu yerda ish o’rganib, tajribadan kelajakda foydalanmoqchi.

Universitetda yerga ijara haqi yo’q, ish kuchi bepul, shunga harakat qilib, foyda qilishni o’rganishimiz kerak, aks holda mamlakat bo’ylab bu ishni yo’lga solish qiyin bo’ladi, deydi Emili.

Universitetda oziq-ovqat harakati tashkil etib, Morin Mudi uni mamlakatga yoymoqchimiz, deydi.

Buyam ijtimoiy harakatga o’xshash narsa. Vaqtini, bilimini ayamaydigan fidoiy faollarsiz ish bitmaydi, deydi u.

Dyuk universiteti fermasi endi oyoqqa turmoqda. Oldinda hali so’qmoqlar ko’p. Yosh fermerlar uchun ham qiyin, ham zavqli davr.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG