Breaking News

Bugungi Markaziy Osiyo: AQSh, Ukraina, G'azo, terrorizm, fuqaro jamiyati


Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi qoshida yillik anjuman, Vashington, 28-mart, 2024
Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi qoshida yillik anjuman, Vashington, 28-mart, 2024

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi - AQSh poytaxtida mintaqa muntazam ravishda muhokama qilinadigan ilmiy maskan. Yillik anjumanda ko'tarilgan yirik mavzular bilan tanishing.

Qozog'iston va Qirg'iziston ahlining Ukrainadagi urushga nisbatan qarashlari

Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson universiteti professori Erik Makglinchi Markaziy Osiyodagi ijtimoiy dinamikani uzoq yillardan beri tahlil qilib keladi.

O'tgan oylar ichida Makglinchi Qozog'iston va Qirg'ziston jamoatchiligining Rossiyaning Ukrainadagi urushiga nisbatan munosabatini o'rgandi. Tadqiqotlari shundan darak bermoqdaki, bu ikki mamlakat aholisining 40 foizi bu mojaroda Kremlni ayblaydi.

Bu natijaga qarab, Qozog'iston va Qirg'izistonda ommaning aksariyati, ya'ni kamida yarmidan ko'pi Rossiyani yoqlaydi, uning Ukrainaga bostirib kirishini to'g'ri deb hisoblaydi, deya xulosa qilish mumkin.

Lekin Makglinchi e'tiborni urushni yoqlamayotganlarga qaratadi. Uningcha, har 10 qozog'istonlik va qirg'izistonlik Rossiya rahbari Vladimir Putin va uning hukumati Ukrainaga qo'shin tortgani uchun javob berishi lozim deb fikrlashi - o'ta muhim omil.

"Rossiya dezinformatsiyasining qudrati haqida ko'p eshitamiz va uning ta'sirini odatda yuqori baholaymiz. Ammo, tadqiqotlarimiz bu dezinformatsiya har doim ham va katta foizlarda ishga yaramayotganini ko'rsatadi", - deydi Makglinchi.

Salmoqli sondagi markaziy osiyoliklar, deydi u, Ukrainadagi mojaroni asossiz deb biladi.

Makglinchi Tojikiston va O'zbekistonda ham so'rov o'tkazishga uringan, ammo ruxsat ololmagan.

Har ikki davlatda Rossiyaga nisbatan yondashuv ayniqsa so'nggi oylarda keskinlashgani kuzatiladi, xususan rus shovinistlari bu o'lkalarni da'vo qilib chiqqani qarshilik uyg'otgan.

Ommadan so'ralsa, deya taxmin qiladi Makglinchi, Rossiyadan norozilik hissi yuqori bo'lishi mumkin.

22-mart kuni Moskvada qilingan teraktda tojikistonliklar ayblanishi, buning markaziy osiyolik migrantlar uchun ayanchli oqibatlari, federatsiya bo'ylab diskriminatsiya avj olishi, putinparast elitaning mintaqaga qo'lini bigiz qilishi, bularning barchasi Markaziy Osiyoni Rossiyadan uzoqlashtiradigan faktorlar, deydi Makglinchi, Kreml propagandasi qanchalik "o'tkir" bo'lmasin.

US-Central Asia, Ukraine, Gaza, IS-K, Civil Society - Security Workshop/Central Asia Program, GWU
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:52 0:00

Olim deydiki, shu paytgacha xalqaro hamjamiyatga taqdim etilgan aksariyat tahlilnomalarda mintaqa hamon Kreml ta'siri ostida, axborot urushida ruslarning qo'li baland, deb kelinadi. Real manzara biroz boshqacha, deydi Makglinchi.

Bugungi Markaziy Osiyoga ta'sir o'tkazayotganlar doirasi kengaygan, Rossiya ulardan biri xolos.

Makglinchi o'z izlanishlariga tayangan holda deydiki, Markaziy Osiyo ahli tashqi siyosatni va xalqaro jarayonlarni qiziqish bilan kuzatadi.

"Ukrainadagi urushda G'arbni, xususan AQShni ayblaydiganlar ham talay. Ular keltiradigan asoslarni eshitsangiz, Amerika ham o'z xatolarini tan olishi kerakmasmi, degan xayolga borasiz".

Shu bilan birga, deydi ekspert, jamoatchilik Rossiyani o'z ichki muammolaridan qochib, qo'shni davlatda qonli va keraksiz urush olib borayotganlikda tanqid qiladi.

Makglinchi tadqiqotlari, umuman olganda, mintaqaning bu mojaro yuzasidan barcha tomonlarni savolga tutishini aks ettiradi. So'ralganlar Putinni o'zboshimchalikda, Ukrainani esa Rossiya va G'arb orasida "o'yinchoq" ekanlikda ayblaydi.

Jorj Vashington universitetida Markazi Osiyo xususida anjuman, Vashington, 28-mart, 2024
Jorj Vashington universitetida Markazi Osiyo xususida anjuman, Vashington, 28-mart, 2024

G'azodagi urush yuzasidan Markaziy Osiyo hukumatlari pozitsiyasi

"Century" kollejidan tadqiqotchi Kollin Vud Markaziy Osiyo hukumatlarining Isroilning G'azodagi urushiga munosabatini monitoring qilib kelmoqda.

"Hukumatlar begunoh odamlarning qon to'kilishiga qarshi ekanini bayon qilgan, insonparvarlik yordami taklif qilgan va uzatgan, shu bilan birga xalqaro tashkilotlar orqali diplomatik harakatda", - deya sharhlaydi Vud.

Uning nazarida yangilik shuki, Markaziy Osiyo rahbarlari Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi kabi platformalarda ham bu masalani ko'targan. Turkiy davlatlar hamkorligini shakllantirishni maqsad qilgan doirada ham G'azo qizg'in muhokamaga chiqqan.

Bu minbarlardan turib, mintaqa liderlari Isroil-Falastin mojarosiga nuqta qo'yishga, Falastin mustaqil davlat sifatida oyoqqa turishi uchun imkon berishga, sulh va murosaga chaqirayotgani ahamiyat kasb etadi, deydi tadqiqotchi, ya'ni region azaliy va katta muammolarga o'z yechimini taklif qilmoqda. Qozog'iston vositachi bo'lishga, diplomatik ko'prik bo'lishga shay.

Falastin masalasida Markaziy Osiyo davlatlari suverenitet va mustaqillik tushunchalariga urg'u berayotgani, bu mavzuni Turkiya va Eron singari davlatlar bilan muhokama qilayotgani ham qiziq, deydi Vud, chunki bu tuzumlar xalqaro maydonda oldindan kattaroq o'yinchilar va Isroil-Falastin hamda global tizim haqidagi pozitsiyalari keskin.

Markaziy Osiyo hukumatlari Islomiy hamkorlik tashkilotida ham G'azo yuzasidan keskin bayonotlar qilgan, xususan Tojikiston Isroilni agressiyada qoralagan.

"Mintaqa rahbarlari Ukraina va uyg'urlar masalasida boshqacha pozitsiyani bildirib kelar ekan, ayni damda G'azodagi mojaroga boshqacha qarayotgani diqqatga molik", - deydi Vud.

Siyosat va jamiyat: Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi - AQSh poytaxtida mintaqa muntazam ravishda muhokama qilinadigan ilmiy maskan
Siyosat va jamiyat: Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi - AQSh poytaxtida mintaqa muntazam ravishda muhokama qilinadigan ilmiy maskan

"Islomiy davlat - Xuroson" va Afg'oniston

AQSh Tinchlik institutidan afg'on tadqiqotchi Barmak Bajvok tahlilicha, Rossiyadagi so'nggi teraktda ""Islomiy davlat" va "Islomiy davlat - Xuroson" qanchalik ayblanmasin, voqea chuqur tergov qilinishi, faktlar yuzaga chiqishi va xalqaro hamjamiyat masalaga kengroq qarashi lozim.

"Bir narsa aniq - radikallashish davom etmoqda, terrorizm - real muammo", - deydi Bajvok.

"Xususan Markaziy Osiyoda ham terror guruhlariga qo'shilishga undash va ektremizm targ'iboti to'xtamagan. Terror to'dalari yo'qolib ketmagan. Ular hamla qilish uchun fursat va imkoniyat poylaydi".

Boshqa qator amerikalik ekspertlar fikricha, Afg'onistonda toliblar hokimiyatga kelganida ular bilan hamkorlikni terrorizmga qarshi kurashning bir qismi deb oqlashga uringan Markaziy Osiyo hukumatlari strategiyani qayta ko'rib chiqishi kerak. Chunki toliblar "Islomiy davlat - Xuroson" ga bas kela olmayotgani ayniqsa so'nggi yildagi xurujlardan ayon.

AQSh Markaziy Osiyoda qanchalik faol?

Mintaqa bilan o'tgan uch o'nyillikda yaqindan ishlagan Erik Rudenshiold, AQSh hukumatining sobiq rasmiysi, hozirda Vashingtondagi aql markazlaridan birida, Kaspiy tadqiqot maskanida faoliyat yuritadi.

So'nggi yillarda Markaziy Osiyo diplomatik jihatdan kuchaydi va G'arbga yaqinlashdi, deydi u.

AQSh bunga qanday javob berdi? "Amerika Ovozi" unga shunday savol berdi. Mintaqada Amerika passiv, degan qarash keng.

Yaqingacha Oq uyda Markaziy Osiyo bo'yicha mas'ul bo'lgan Rudenshiold deydiki, global raqobat maydonida uning davlati Xitoy va Rossiya singari qadam tashlamaydi, xususan sarmoya va biznesda.

"Amerika hukumati ular kabi investitsiya qilmaydi. Biz infrastruktura qurmaymiz. Biz ular barpo etilishi yo'lida ekspert maslahat beramiz, xalqaro moliyaviy institutlar orqali yordam ko'rsatamiz", - deydi u.

Sobiq rasmiy nazarida O'rta koridor, Rossiyani chetlab o'tgan holda sharqdan g'arb tomon kengayishi rejalangan savdo yo'llari tizimi Amerika ko'magiga muhtoj va Vashington bu borada harakatda.

"Biz donorlarni bir joyga yig'amiz. Muvofiqlashtirishda va hamjihatlikni ta'minlashda madad ko'rsatamiz".

Vashington mintaqa o'z strategik tovarlarini jahon bozoriga osonroq chiqarishida uni quvvatlashga bel bog'lagan, deydi Rudenshiold.

"Dunyoning eng yirik iqtisodiyoti Markaziy Osiyoga e'tibor qaratayotgani bag'oyat muhim".

3-4 yil oldin mintaqa bilan g'arb, janub va sharq tomon tijorat qilish borasida hozirgidek ko'lamda dialog mavjud emas edi, deydi ekspert. Amerika va mintaqa orasidagi muloqot, uningcha, misli ko'rilmagan darajada jadal.

Rudenshiold fikricha, Kongress ildamroq harakat qilishi lozim, chunki ma'muriyat olg'a surgan tashabbuslarni qonunchilar ma'qullab, zarur mablag'ni ajratishi kerak.

Markaziy Osiyo jamiyatlari hamon erkin emasligi AQSh siyosiy va ilmiy doiralarida tez-tez qayd etiladigan asosiy muammo
Markaziy Osiyo jamiyatlari hamon erkin emasligi AQSh siyosiy va ilmiy doiralarida tez-tez qayd etiladigan asosiy muammo

Markaziy Osiyoda fuqaro jamiyati, erkinlik bosim ostida

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTning tegishli organlari tahlilicha, mintaqa bo'ylab erkinlik, adolat va shaffoflik darajasi bugun yanayam pasaygan.

Qirg'izistondan boshqa biror davlat shu kungacha nisbatan bo'lsa-da erkin sanalmagan, ammo bu respublika ham hozirda qo'shnilar singari yakkahokimlik girdobida, tuzum tobora avtoritar.

Mintaqada o'nlab jurnalistlar, blogerlar, siyosiy faollar va muxolifatchilar qamoqda. Mustaqil axborot vositalari juda oz. Hukumatlarni tanqid qilish jinoyatga tenglashtirilib, fuqaro jamiyati, ya'ni nohukumat sektor faoliyati har doimgidan ham sustlashgan.

Rudenshiold deydiki, xalqaro donorlardan mablag' olayotgan hukumatlar qonun ustuvorligi va oshkoralik shartlariga bosh egishi kerak.

U yana bir omilga urg'u beradi: mintaqa aholisining aksariyati yoshlardir va ular oldingi avloddan farq qiladi, chunki ular orasida dunyoni ko'rganlar ko'p, global me'yorlar bilan tanish, iqtisodiy va ijtimoiy adolat mezonlarini biladi. Hukumatlarda, bizneslar va boshqa sektorlarda ishlayotgan bu mutaxassislar tizimlarni o'zgarishiga turtki bera oladi, deydi Rudenshiold.

"Fuqaro jamiyati va inson huquqlari bilan bog'liq og'ir muammolarni pastroq darajaga qo'ymayman, shu bilan birga, pastdan yuqoriga bosim oshib borayotganini bilaman".

Ekspertga ko'ra, mintaqa hukumatlarida hali ham omma dardini tinglab, unga xizmat qilish tushunchalari rivojlanmagan. Fuqaro va siyosiy tizim orasidagi tafovut keng.

"Hukumat xalq bilan, xalq hukumat bilan qanday muomala qilishni va ishlashni o'rganishi kerak va bunday zarurat hozir ayniqsa sezilmoqda", - deydi Rudenshiold.

"Har ikki tomon bir-biri bilan konstuktiv ishlashga odatlanmagan, bu borada tajriba yetishmaydi, o'zaro ishonch shakllanishi lozim".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG