Breaking News

Adolatsizliklarga qaramay Rossiyaga mehnat migratsiyasi kamaymaydi


22-martdagi terror xurujida Moskvada qariyb 150 kishi halok bo'ldi. Voqea ketidan migrantlarga nisbatan nafrat kuchaygan.
22-martdagi terror xurujida Moskvada qariyb 150 kishi halok bo'ldi. Voqea ketidan migrantlarga nisbatan nafrat kuchaygan.

O'tgan oy Moskvadagi terror hujumida bir necha tojikistonlikning ayblanishi Rossiyaga Markaziy Osiyodan kelib ishlayotgan odamlarga e'tiborni va ularga nisbatan adolatsizliklar ko'lamini oshirgan. Hukumat bu jarayonda boshchi, deydi migrantlar, biroq diskriminatsiya hollari ko'payishi ularning sonini kamaytiradimi?

O'tgan yilgi rasmiy hisobga ko'ra, Rossiya bo'ylab 10 milliondan oshiq markaziy osiyolik bor. Mehnat muhojirlari, talabalar, ularning yaqinlari, allaqachon fuqarolikka kirgan odamlar - hammasi shu statistikaga kiritilgan.

AQShning Garvard universiteti o'tkazgan virtual forumda so'zlar ekan, tahlilchi Yan Matusevich deydiki, aslida sharoit hech qachon oson bo'lmagan.

"Kuzatishimizcha, aslida eng og'ir davrlar 2000-yillarning oxirida kuzatilgan. Migrantlarga nisbatan jinoyatlar ham o'sha payt eng yuqori sonda bo'lgan", - deydi Matusevich.

22-mart kuni sodir etilgan qonli xuruj, 145 kishini hayotdan olib ketgan voqealar , markaziy osiyoliklar uchun Rossiyada tahlika darajasini ko'targan. Ammo, ekspert nazarida, migrantlar kamaymoqda yoki ular vatanga salmoqli sonda qaytmoqda, deya xulosa qilishga hali erta.

"Rossiya ularni qanchalik ezmasin, bu mamlakatda ularning mehnatiga talab bor. Ular uchun tirikchilik qilish imkoniyati bor", - deydi Matusevich.

Moskva ko'chalarida Rossiya va Moskva bayrog'ini ko'tarib yurgan tojikistonlik, 30-aprel, 2015
Moskva ko'chalarida Rossiya va Moskva bayrog'ini ko'tarib yurgan tojikistonlik, 30-aprel, 2015

Mehnat muhojirlari bilan bog'liq jarayonlardan ko'zini uzmaydigan yana bir mutaxassis, Malika Bahovadinova tahlilicha ham markaziy osiyoliklar bu kunlar o'tib ketadi, deya qiyinchiliklarga bardosh berishga odatlangan.

"Ular murakkab muhitga moslashgan. Shartlar naqadar keskinlashmasin, murosa qiladigan qatlam", - deydi Bahovadinova, migrantlarni tasvirlar ekan.

Rossiya urushdagi davlat. Sanksiyalar ostida bu mamlakatda imkoniyatlar ozaygan, deyish xato bo'ladi, deydi u. Urush iqtisodiyotida yangi ishlar va sektorlar paydo bo'ladi.

"Hozirgi Rossiyada ko'proq pul topish uchun fursat ko'ra olayotganlar talay, ayniqsa mehnat muhojirlari", - deydi tadqiqotchi.

Bahovadinova jang qilishni nazarda tutmayapti. U xizmat ko'rsatish sektori va qora ishlar sanaladigan sohalarga ishora qilmoqda.

U xavfsizlik masalasi jinsga qarab farq qilishini kuzatadi. Ayni damda, deydi u, Rossiyada ayol migrantlar erkaklarga qaraganda bemalol yurishi mumkin. Ularga ish taklif qiladiganlar ham ko'proq. Ammo, umuman olganda, har ikki jins uchun imkoniyatlar ozaymagan. Fuqarolikka kirganlarga yengilroq, lekin oliy ma'lumotli va hunarli bo'lmasa, ular baribir qiynalaveradi.

Terror xurujidan keyin ... Krokus markazi, Moskva, 26-mart, 2024
Terror xurujidan keyin ... Krokus markazi, Moskva, 26-mart, 2024

Ekspert Noa Taker fikricha, so'nggi terror xurujlarida markaziy osiyoliklar ayblanayotgani, bu ishni "Islomiy davlat - Xuroson" qilgan degan xulosalar yetarlicha asosli emas.

Taker nazarida Rossiyaning Ukraina va uning G'arbdagi quvvatlovchilaridan gumonsirashi ham safsata. Faktlarni analiz qilmay turib, keskin pozitsiyada bo'lish aqldan emas, deya sharhlaydi u.

Mutaxassis deydiki, o'tmishdagi terror xurujlari yuzasidan ham puch xulosalar qilingan.

"Moskvadagi xurujlar bizga "Islomiy davlat - Xuroson" haqida biror darak bermaydi. Bu guruh va mehnat migrantlari orasidagi aloqa borasida ma'lumot yo'q", - deydi Taker.

U "Islomiy davlat - Xuroson" real terror guruhi ekanini inkor etmaydi, ammo ekstremizm bahonasi bilan siyosiy maqsadlar olg'a surilishini, hukumatlar terrorizmdan o'z manfaatlari uchun foydalanishini ham ta'kidlaydi.

Tojikistonlik Lutfulloiy Nazrimad, 22-martda Moskvadagi terrorda ayblanayotganlardan biri, sudda, 29-mart, 2024
Tojikistonlik Lutfulloiy Nazrimad, 22-martda Moskvadagi terrorda ayblanayotganlardan biri, sudda, 29-mart, 2024

Taker Rossiya rahbariyatiga ishonchli tomon deb qaramaydi. Unincha, Kreml bu xuruj va uning oqibatlariga o'z pozitsiyasini mustahkamlash fursati deb qaramoqda.

Tadqiqotchi 2017-yilda Rossiyada amalga oshirilgan terror harakatini qayd etib, unda ham markaziy osiyoliklar ayblanganini aytadi. Ular ham jangarilarga aloqador deb gumon qilingan. 11 kishi o'shanda hibsga olinib, qiynoqqa solingan. Masalaning oxiri mavhum, deydi Taker.

Ekspert Edvard Lemon tahlilicha, "Islomiy davlat - Xuroson" Rossiyani dushman deb bilishi, uni musulmon va islomga qarshi siyosat va harakatlarda ayblashi aniq. Moskvada qo'lga olinganlarning ayrimlari Suriyada jangarilik qilgani haqida ma'lumotlar mavjud va ularni oilalari tasdiqlagan, lekin hozirda hibsdagilarning ko'pi terrorchilarga aloqador ekani xususida biror fakt yo'q.

Lemon Moskva va Dushanbe orasidagi rishtalar mahkamligicha qolishini taxmin qiladi. Tojikiston Rossiya bilan Moskvadagi terror xuruji yuzasidan hamkorlik qilmoqda. Mehnat migratsiyasi respublika uchun o'ta muhim iqtisodiy omil ekan, uzilish bo'lmaydi, deydi u, garchi nafrat va kamsitilish azobini oddiy tojikistonliklar tortadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG