Breaking News

Turkiya Afg’oniston va Pokistonni yarashtirmoqchi


Turkiya Afg’oniston va Pokistonni yarashtirmoqchi
Turkiya Afg’oniston va Pokistonni yarashtirmoqchi

O’nlab mamlakat tashqi ishlar vazirlari shu hafta Turkiyada yig’ilib, Afg’oniston tinchligi va taraqqiyoti haqida fikr almashmoqda. Ekspertlar ko’p narsa qo’shni Pokistonga bog’liq, deydi, ayniqsa, jangarilar bilan muzokara.

AQSh va NATO kuchlari Afg’onistonni mahalliy kuchlar zimmasiga toshirib, 2014-yilda bu davlatdan chiqadi.

Joriy hafta Turkiyaning Istanbul shahrida o’tayotgan majlisdan maqsad Afg’onistonni yolg’iz qo’ymaslik, xalqaro qo’shin ketgach, mintaqadagi barcha davlatlar Kobulga suyanchiq bo’lishini ta’minlash.

Lekin so’nggi paytlar qator rasmiyni hayotdan olib ketgan xurujlar afg’on armiyasi ishini bilmaydi, degan qarashni avj oldirdi - NATO ketib, Afg’oniston qurolli kuchlarining pachavasi chiqadi.

Ba’zi tahlilchilar pozitsiyasi – zo’ravonlikni tugatishning yagona usuli al-Qoida va Haqqoniy jangarilar bilan kelishishdir.

Maliha Lodi Pokistonning AQShdagi sobiq elchisi.

“Menimcha, Istanbul anjumani Tolibon bilan muzokara uchun muhim. Ishtirokchi davlatlar buning ahamiyatini tushunib, murosa yo’lini tanlaydi degan umiddaman”, - deydi sobiq elchi.

Afg’on va Amerika rasmiylarining aytishicha, jangarilarni ko’ndirishda Pokiston hal qiluvchi rol o’ynashi mumkin.

“Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda barcha guruhlarni jalb etgan holda yurt taqdirini muhokama qilish tarafdori”, - deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton. “Biroq gapga tushunmaydigan qurolli guruhlarga qarshi musht qo’llash zaruratini ham tushunamiz”, - degan edi u.

“Koalitsiya va afg’on askarlari Tolibonni har tomondan qurshovga olmoqda. Pokistondan ham jangarilarni o’z sarhadlariga yo’latmaslikni so’raymiz. Toliblar tushunsinki, qurol tashlashdan boshqa iloj yo’q”, - deydi Xillari Klinton.

Lekin rasmiy Islomobod jangarilarga panoh bergan emasmiz, deb javob qiladi. Bu davlat Tashqi ishlar vazirasi Xina Rabboniy Xar Afg’oniston tinchligi uchun qo’ldan kelgancha harakat qilamiz, deydi. “Afg’onistondagi urush, jinoiy illatlar Pokistonga ham o’tayotgani sir emas”.

“Ham Afg’oniston, ham Pokiston xalqi osuda hayot kechirishga haqli. Uzoq yillik urush, tinimsiz tortishuvdan charchagan odamlar uchun yechim bilan chiqishimiz kerak”, - dedi Pokiston tashqi ishlar vazirasi.

Kuz boshida Afg’onistonda sobiq prezident, toliblar bilan kelishuv izlab kelgan Burhoniddin Rabboniy jangarilar qo’lidan o’ldi. Natijada toliblar bilan muloqot taqa-taq to’xtatildi.

Rasmiy Kobul Pokiston razvedkasini voqeaga aloqadorlikda ayblasa, Islomobod buni qat’iyan rad etdi.

Tanqid shuki, Pokiston jangarilarni moliyalab Afg’oniston ustidan nazorat o’rnatmoqchi va azaliy raqibi Hindistonga choh qazimoqchi.

O’shandan beri ikki davlat rahbari seshanba ilk bor Istanbulda yuzma-yuz gaplashdi. Tomonlar qotillikni birgalikda tergov qilishga kelishib oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG