Breaking News

AQSh: Iqlim o’zgarishi davlat xavfsizligiga raxna soladi


Iqlim o’zgarishi va milliy xavfsizlik bir-biri bilan chambarchas bog’liq masalalar, deyiladi AQSh Tadqiqot kengashi chiqargan tahlilnomada. Unda global iqlim o’zgarishining ijtimoiy va siyosiy ta’siri haqida so’z boradi.

Iqlim o'zgarishi va xavfsizlik/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00
Yuklab oling

AQSh Kongressidan shunday tadqiqot o’tkazish vazifasini olgan kengash hisobotida avvalo global harorat ko’tarilib borayotgani haqiqat ekaniga urg’u berilgan.

Inson faoliyati oqibatida atmosferaga chiqayotgan zaharli gazlar hajmi tobora ko’payar ekan, tabiiy ofatlar ham tez-tez yuz bermoqda. Dengiz sathining ko’tarilishi, suv toshqinlari, qurg’oqchilik, o’rmonlar yonishi – bular har bir davlat xavfsizligiga hatto terrorizmdan ham jiddiyroq tahdid soladi, deyiladi hujjatda.

Izlanishga boshchilik qilgan Jon Staynbruner fikricha, AQShning xavfsizlik va razvedka muassasalari iqlim o’zgarishi bilan bog’liq tahdidlarni ustuvor deya belgilashi zarur.

“Hozir tayyorgarlik darajasi yetarli darajada yuqori emas. Ayrim choralar ko’rib qo’yilgan. Bu muassasalar iqlim o’zgarishini kuzatmayapti, demoqchi emasman. Lekin tashkiliy ishlarni yaxshilash kerak”, - deydi olim.

Jon Staynbruner fikricha, toshqin va qurg’oqchilik kabi tabiiy ofatlarni o’rganish orqali dunyoning qaysi burchaklari beqarorlikka yuz tutishini aytish mumkin. Bu esa migratsiya oqimi, ijtimoiy nizolarni bashorat qilish imkonini beradi. Masalan, Afrika va Janubiy Osiyoda qashshoqlar ko’p, hukumatlar zaif bo’lgani sababli tabiiy ofatlar u yerdagi aholiga ayniqsa katta ta’sir ko’rsatadi.

Hisobot mualliflari jahon hamjamiyatini iqlim o’zgarishiga oid ma’lumot to’plashda hamkorlikni oshirishga undaydi. Kengash raisi Staynbruner Pokiston va Hindistonni hamkorlikning salbiy misoli sifatida keltiradi. Bu ikki davlat yog’ingarchilikka doir ma’lumotlarni AQSh bilan o’rtoqlashmaydi, vaholanki bu bilan Janubiy Osiyoda toshqinlar va qurg’oqchilikka tayyorgarlik darajasini oshirish mumkin.

“Global miqyosda diplomatik va ilmiy muloqotni yo’lga qo’ymasa bo’lmaydi. Birgalikda qoidalar ishlab chiqaylik, ularga hamma birdek rioya qilsin. Ayni mezonlarni qo’llab, iqlimni kuzatamiz va ma’lumotni bir-birimiz bilan o’rtoqlashamiz, deyishi kerak siyosatchilar. Bundan hamma foyda ko’radi”, - deydi olim.

Arktika okeanidagi muzlar sathining pasayishi oqibatida davlatlar orasida u yerdagi tabiiy boyliklar uchun raqobat kuchayishi aniq. AQSh bunga javoban nima qilishni oldindan rejalashtirsin, deydi Staynbruner.

Worldwatch instituti nomli nodavlat tashkiloti rahbari Aleksandr Oksga ko’ra, izlanish iqlim o’zgarishiga jiddiy yondashish kerakligini namoyish etadi.

“Zaharli gazlar hajmini kamaytirishga qaratilgan barcha urinishlar kelajakda muammo ko’lamini ham kamaytirishi shubhasiz. Demak, bunday harakatlardan katta foyda ko’ramiz”, - deydi u.

Hisobotda atmosferani zaharlayotgan gazlarni qanday qilib kamaytirish haqida hech narsa deyilmagan. Asosan hozirgi ahvol hamda tabiiy ofatlarni o’rganib, bashorat qilish haqida so’z boradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG