Breaking News

Obama Putinga: Rossiya xalqaro qonunlarni buzmoqda


Rossiya qaroridan qaytmasa, Amerika Yevropadagi ittifoqchilari bilan unga qarshi chora ko'radi. "BMT, NATO va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida maslahatlashib, bir yoqadan bosh chiqaramiz", - deydi Obama.

Amerika rahbari Barak Obama telefonda Rossiya prezidenti bilan bir yarim soat muloqot qilgan - Ukrainadagi vaziyat yuzasidan.

Obama Rossiyaning Qrimga qo'shin tortish qaroridan norozi va bu harakatni Ukraina hududiy yaxlitligini buzish deb hisoblaydi. Rossiya, BMT a'zosi sifatida, xalqaro qonunlarni buza olmaydi. Harbiylarni o'zga davlatga olib kirish Ukraina bilan mavjud harbiy kelishuvlarga taalluqli emas, deya bildiradi Oq uy.

Prezident Obama Rossiya rahbarini hozirgi qaltis yo'ldan qaytib, vaziyatga bu usulda aralashmaslikka chaqirgan.

"AQSh Rossiyaning Ukraina bilan tarixiy va madaniy bog'liqligini biladi va tan oladi. Kreml Qrimdagi rus elati vakillarini himoya qilishni o'z burchi deb bilayotganini ham tushunadi. Lekin ular Ukraina fuqarolari. Bu insonlar manfaatini ko'zlash va huquqlarini ta'minlash Ukraina davlati bo'ynida va uning xalqaro majburiyati",- deyiladi Oq uy bayonotida.

Obama nazarida rusiyzabon ukrainaliklarni harbiy usullarsiz, tinch yo'l bilan ham himoya qilish mumkin va buning uchun diplomatik vositalarni ishga solish kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti jonbozlik ko'rsatishi lozim, deydi prezident. Qo'shma Shtatlar ham bu borada faol rol o'ynashga tayyor.

Rossiya qaroridan qaytmasa, Amerika Yevropadagi ittifoqchilari bilan unga qarshi chora ko'radi. "BMT, NATO va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida maslahatlashib, bir yoqadan bosh chiqaramiz", - deydi Obama.

AQSh Katta Sakkizlik sammiti oldidan kutilgan uchrashuvlarga bormaydi va vaziyat ijobiy tomonga o'zgarmasa, keskinroq qadamlar ham tashlanishi mumkin. Rossiyani siyosiy va iqtisodiy jihatdan yakkalash xususida ham o'ylab ko'riladi.

Ukraina kelajagini uning fuqarolari, qay elat vakili bo'lishidan qat'i nazar, o'zlari hal etishi kerak. Chet el ularni quvvatlaydi, moddiy va texnik yordam beradi, ammo mamlakat hayotida yangi sahifa ochish bu xalqning o'zining ishi, deydi Obama.

Vashington Xalqaro Valyuta Jamg'armasini Ukrainaga katta miqdorda kredit ajratishga undamoqda. Mamlakat iqtisodi oyoqqa turishi va eng zarur tizimlar tiklanishi uchun bu madad suv va havodek zarur, deydi AQSh diplomatlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG