Breaking News

Ukraina sharqida referendumga tayyorgarlik


Ukraina sharqidagi Rossiyaga xayrixoh kuchlar markaziy hukumatga bo’ysunmaydigan “xalq respublikalari” barpo etish ahdida qat’iy.

Donetsk va Lugansk shaharlarida referendum 11-mayga belgilangan. Kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu yerdagi qurollangan guruhlarni ovozni kechiktirishga chaqirgan edi.

O’zini Donetsk Xalq respublikasining rahbari deb tanishtirayotgan Denis Pushilin so’zlariga ko’ra, “Donetsk mustaqil davlatga aylanishiga rozimisiz”, degan savol xalq hukmiga havola etiladi.

Luganskda o’tadigan referendumda ham mustaqillik masalasi ovozga qo’yiladi.

Bo’lginchilar yakshanba kunga belgilangan tadbirga tashkiliy jihatdan qanchalik tayyor ekani no’malum. Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rovlar sharqda 70 foiz aholi Ukraina tarkibida qolish istagida ekanini ko’rsatgan edi.

Kremlda so’zlar ekan, prezident Vladimir Putin separatist kuchlarni referendumni kechiktirishga undadi. Rasmiy Kiyev bilan dialog boshlash uchun muhim bu, deydi u.

Rossiya rahbari Ukrainada 25-may kuni o’tadigan prezident saylovlarini ijobiy qadam deya ilk bor ma’qulladi.

Bu orada, Ukraina vaqtli hukumati bir necha shaharni qo’lga olgan ayirmachi kuchlarga qarshi harbiy operatsiya davom etishini bildirmoqda.

Putin Ukraina chegarasidagi rus qo’shinlari, AQSh va Yevropa Ittifoqi talab qilganidek, o’z bazalariga qaytganini ham ta’kidlagan.

Ammo Oq uy, Pentagon va NATOning bildirishicha, hozircha chegarada uning so’zlarini tasdiqlovchi biror harakat bo’lgani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG