Breaking News

Jinsiy tajovuzga uchragan harbiylar Kongressda ko'rsatma berdi


Jinsiy tajovuz qurboni bo’lgan to’rt sobiq harbiy Kongressning Vakillar palatasida maxsus qo’mita a’zolariga armiyadagi vaziyat, xususan zo’rlangan ayol va erkaklar taqdiri haqida so’zlab berdi. Biz va bizga o’xshaganlarga muomala o’zgarsin, yaxshiroq yordam ko’rsatilsin, deydi ular.

Amerika armiyasidagi jinsiy tajovuzlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00
Yuklab oling

AQSh Mudofaa vazirligining yangi hisobotiga ko’ra, o’tgan yilda armiyadagi 26 ming harbiy jinsiy tajovuzga uchragan.

Buni birinchi bo’lib Vakillar palatasining Salomatlik bo’yicha qo’mitasi raisi, respublikachi Den Benishek ma’lum qildi:

“O’tgan moliyaviy yilda har kuni harbiy forma kiyganlar orasida 71 tajovuz yuz bergan”, - deydi u.

Jinsiy tahqirlash qurbonlaridan to’rt nafari Vashingtonda qonunchilar bilan uchrashib, o’z kechinmalari haqida so’zlab berdi va ularga tibbiy, ruhiy madad ko’rsatish yo’llari o’zgarishi kerakligini aytdi.

Viktoriya Sandersni safdosh askar zo’rlagan:

“Buni rahbariyatga ma’lum qilsangiz, hammaning ko’ziga balodek ko’rinasiz, eng katta dushmanga aylanasiz. Hech kim siz bilan gaplashmaydi. Ayb o’zingda, deyishadi”.

Hamlalar haqida ma’lumot olgach, boshliqlar na jinoyatga, na qurbon ahvoliga e’tibor bergan, vaholanki, Sanders tushkunlikka tushib, ancha vaqt qiynalgan. AQSh armiyasidagi vaziyat o’zgarmasa bo’lmaydi, deydi ayol.

Liza Uilken bu gapga qo’shiladi. Armiya safida xizmat qilgan davrda uning ham boshiga shunday kunlar tushgan.

“Biz armiyada jinsiy tajovuz haqida rahbariyatni ogoh qilsak, darhol jinoyatchiga aylanamiz. Har bir xatti-harakatimizni kuzatib borishadi”, - deydi ayol.

Uilken va kasbdoshlari – ham ayol, ham erkaklar faqat Pentagon belgilagan klinikada emas, balki istagan joyda tibbiy yordam olish imkoniga ega bo’lishimiz kerak, deydi.

“Urush qatnashchilari ishlari bilan shug’ullanadigan idora hozirda jinsiy tajovuz qurbonlariga kerakli yordam ko’rsatishga qodir emas,” – deydi yana bir qurbon, sobiq dengizchi Brayan Lyuis.

Harbiylar orasidagi zo’rlashga ayollar muammosi deb qaraladi, vaholanki, erkaklar ham tajovuz qurboni bo’ladi, deydi Lyuis.

Bunday bayonotlarni eshitib bo’lgach, Urush faxriylari vazirligi rasmiysi Rajiv Jeyn vaziyat jiddiyligini yaxshi tushunaman deb, chora ko’rajagini aytdi:

“Bugun bizga nisbatan, mavjud tizim haqida qattiq tanqidlar yangradi. Muammolarni qanday hal qilish haqida fikr bildirildi. Takliflar juda ma’qul. Biz ularning hammasini o’rganib chiqamiz va inobatga olamiz”.

Qo’mitaning demokrat va respublikachi a’zolari tajovuz qurbonlari bo’lmish sobiq askarlarga yaxshiroq g’amxo’rlik qilish yo’llarini birgalikda izlashga kelishib oldi. Armiyada jinsiy zo’rlash hollarini nafaqat harbiy, balki fuqaroviy sudlarda ko’rish taklifi ham yangramoqda. Ammo Mudofaa vazirligi, Pentagon bunga qat’iyan qarshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG