Breaking News

O'zbekiston-HRW: Progress nimadan iborat?


HRW eksperti Stiv Sverdlov Farg'ona viloyatida yaqinda qamoqdan chiqqan huquq himoyachisi G'anixon Mamatxonov bilan, 11-noyabr, 2017
HRW eksperti Stiv Sverdlov Farg'ona viloyatida yaqinda qamoqdan chiqqan huquq himoyachisi G'anixon Mamatxonov bilan, 11-noyabr, 2017

Bugungi O’zbekiston, fuqarolar va ularning huquqlari… Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” (HRW) 2010-yildan beri respublikaga kira olmay kelar edi. Toshkent bu tashkilotni oddiy qilib aytganda, dushman deb bilar edi. HRW esa O’zbekiston hukumatini dunyodagi eng shafqatsiz, huquqbuzar tuzumlardan biri deya tamg’alagan edi. Hozirga kelib, munosabatlarda katta burilishlarni kuzatayapmiz. “Skype” orqali HRWning ayni damda O’zbekistonda yurgan eksperti, vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) bilan muloqot qildik.

Vashington choyxonasi: HRW O'zbekistonga qaytdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:19:48 0:00
HRW: What progress in Uzbekistan?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:25:51 0:00

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Kim ham o’ylagan edi shunday kunlar kelishini… Ikki yil oldin hukumat va boshqalar bilan muloqot u yoqda tursin, hatto mamlakatga kirish siz uchun tasavvur qilib bo’lmaydigan holat edi. Toshkentda idora ochayapsizmi? Harakatlar qanday ketayapti?

Stiv Sverdlov, HRW: Oxirgi marta siz bilan suhbatlashganimdan beri vaziyat 180 gradusga o’zgardi. O’zbekiston eshigi biz uchun ochilgani quvonarli hol. Hukumat bilan muloqot boshladik va mamlakatda faoliyatimizni qayta yo’lga qo’yayapmiz. Idora ochish uchun astalik bilan harakat qilamiz. Bu borada hukumat bilan ishlayapmiz. Shu bilan birga izlanishlarimizni ham olib borayapmiz, chorak asrdan beri bu mamlakatni kuzatib kelamiz.

Bu yerda ekanimizdan xursandmiz. Ajoyib. Mazmunli vaqt o’tkazayapmiz. Ahvolni shu yerda turib kuzatish, o’rganishga nima yetsin. Oldinlari internetda, Skayp orqali gaplashib yurgan hamkorlarimiz bilan endi yuzma-yuz muloqot qilish imkoniyatiga egamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Boshqa mavzularga o’tishdan oldin, 31-oktabr kuni Nyu-Yorkda sodir bo’lgan terror xurujiga to’xtalsak. Amerikaliksiz. O’zbek tilini bilasiz. O’zbek-amerikaliklar bilan yaxshi tanishsiz. Radikalizm, ekstremizm va Markaziy Osiyo davlatlari bu muammolarga qarshi qanday kurashib kelayotganini bilasiz. Qanday fikrdasiz?

Stiv Sverdlov, HRW: Avvalo fojiadan jabr ko’rganlar, yaqinlarini yo’qotgan odamlarga hamdardlik va ta’ziya bildiraman. Bu hamma uchun dahshatli voqea. O’zbeklarning dardiga ham sherikman. Jamoa uchun og’ir damlar. Ularni xavotir va qo’rqinch qamrab olgani tabiiy. Prezident Tramp aytayotgan gaplar ayniqsa ularni sarosimaga solayotgan bo’lsa ajabmas.

Radikalizm, o’zingiz bilasiz, juda murakkab masala. Bu shaxsni bunday qonli, shafqatsiz xurujga nima yetakladi, buni bilmaysiz. Uning o’zbek ekaniga ortiqcha urg’u berish, millatini ayblash adolatsizlik bo’ladi. O’zbekistondagi vaziyatni tushunish va uni to’g’ri tahlil qilish kerak. Radioda eshitdim. G’arb axborot vositalari mavzuni juda sayoz va o’ta umumiylashtirib yoritmoqda. O’zbekistonni ekstremizm o’chog’i deb ko’rsatish katta xato. Bundan hech kim foyda ko’rmaydi. Bu faqat qo’rqinch uyg’otadi, egri siyosatga yetaklaydi.

Turkiya, Shvetsiya va Rossiyada ham o’zbeklar bu yilgi terror xurujlarida ayblandi. Bu jiddiy muammo va o’zbeklar nima uchun bunday ishlarga qo’l urayotgani, radikallashayotganini izchil o’rganish kerak. Bir narsa aniq: bu shaxslar O’zbekistonda emas, xorijda radikallashgan. Ular yolg’iz harakat qilgan migrantlar. Ular vatandoshlar jamoasidan ajralib qolgan insonlar ekanini bilamiz.

O’zbekistondagi vaziyat ham muhim omillardan biri. Mamlakatda uzoq vaqt inson huquqlari toptalgani, korrupsiya chuqur ildiz otgani, qashshoqlik, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar keng qanot yozgani millionlab yoshlarni chet eldan ish izlashga majbur qildi. Ulardan bir qismi, juda oz sonda, “Islomiy davlat” va boshqa radikal to’da va oqimlarga qo’shilgani hech kimga sir emas. Bu omilni hisobga olmay bo’lmaydi.

Prezident Tramp AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyatini beruvchi grin-karta lotereyasini bekor qilaman deya bong urmoqda. Bu juda muhim dastur. Markaziy Osiyodan minglab odamlar lotereyani yutib AQShga boradi. Amerika orzusiga erishgan, u yerda muvaffaqiyat qozongan ko’plab o’zbeklarni bilaman. Grin-karta dasturini yopish fojia bo’ladi deb hisoblayman. O’zbekistonga cheklovlar qo’yish ham ulkan xato bo’ladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Stiv, Nyu-Yorkdagi xurujning Toshkent va Vashington siyosatiga ta’siri va oqibatlari qanday bo’lishi mumkin?

Stiv Sverdlov, HRW: O’zingiz “Twitter” tarmog’ida yozganingizdek, O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi ilk bor bayonot berdi. Prezident Mirziyoyev hamdardlik izhor etgan kuni. Bunday faollikni oldin ko’rmaganmiz. Hukumat tez harakat qildi. Voqeani qoralab, o’z pozitsiyasini tushuntirayotgani va hamkorlikka tayyor ekani bag’oyat konstruktiv yondashuv.

Albatta, terrorizmga qarshi hozirgacha qo’llanilgan choralarga guvoh bo’lishimiz mumkin, masalan, AQShda tintuvlar, O’zbekistonda tintuvlar. Terrorizm bahonasi bilan odamlarning huquqlarini poymol etish nomaqbul siyosat.

Hozircha bunga guvoh emasmiz. AQSh tomonidan qanday qadamlar qo’yilishi mumkinligi haqida Prezident Trampdan eshitayapmiz. Grin-kartani yo’q qilmoqchi. (Sayfullo Soipovni) Guantanamoga yubormoqchi. Bu qonunga va bosh qomusga qarshi ish bo’ladi. Bu masala bilan, qonunga ko’ra, AQSh federal adliya tizimi shug’ullanishi kerak. Isbot-dalil, sud degan narsalar bor. Radikalizm ortidagi sabablarni tushunishimiz uchun ham bu jarayon juda muhim. Bu tergov ishi va sud jarayoni bizga yangi ma’lumotlar berishi va yechim topishda ko’maklashishi kerak. O’zbek-amerikaliklar ham boshqa amerikaliklar qatori e’zozlanishi va aslo biror jihatdan nishonga olinmasligi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Stiv, Toshkentdasiz, nimalar deyishayapti u yerda? Muloqotlarda qanday mulohaza va fikrlar yangramoqda? Sizga nima deyishapti bu borada?

Stiv Sverdlov, HRW: Odamlar dahshatda. Uyalishayapti buni eshitib. Qanday qilib shu ishni qildi, deya hayron. Bizdan borgan odam-a, deya hayratda.

Kim bilan bu haqda gaplashgan bo’Isam, shunga o’xshash fikrlarni eshitdim. Odamlarda yetarlicha ma’lumot yo’q. Ko’p narsa yuzaki tahlilda. Lekin loqaydlik, ilmsizlik, imkoniyatsizlik, vaziyatni tushunmaslik… bu muammolar ko’plarning og’zida.

Bu muloqotlardan yana bir haqiqat ayon: ta’lim tizimidagi kamchiliklar va ijtimoiy muammolarga qarshi kurashish kerak. Yoshlar to’g’ri yo’lda bo’lishi uchun hamma o’z hissasini qo’shishi kerak.

Va albatta, bu muammolar boshqa mamlakatlarda ham bor. Biroq o’zbekistonliklar uchun bu voqea qattiq zarba bo’lgani aniq.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Stiv, O’zbekistondagi bugungi vaziyat va davlatning yangi rahbari haqida gap ketganida eskpertlar, jurnalistlar va xalqaro hamjamiyat vakillari progress degan so’zni tez-tez tilga olmoqda. Inson huquqlariga kelganda, progress nimadan iborat?

Stiv Sverdlov, HRW: Ehtiyotkor optimizm degan so’zlarni ishlatayapmiz. O’zgarishlar sezilmoqda, lekin orqaga ham qadam tashlanmasin, deymiz. Mamlakat taraqqiyotini va inson huquqlari ahvolini kuzatib kelayotgan bir mutaxassis sifatida fakt va dalillarni tahlil qilaman. O’zbekiston uzoq davr mobaynida inson huquqlari juda qo’pol ravishda buziladigan davlat bo’lib keldi. Bu yo’nalishda qilinayotgan ijobiy ishlarni ko’rib chiqib, o’tgan bir yil mobaynida hukumat ancha ijobiy qadamlar qo’yganini ko’rib turibmiz.

Bu ishlar davom etishi va sistematik jarayonlarga aylanishi kerak. Strukturada tub o’zgarishlar bo’lishi lozim. Tuzum yangi uslublarni o’zlashtirishi va bu uslublar uning ajralmas qismiga aylanishi zarur. Yangi hisobotimizda hukumatni shu yo’ldan borishga undaymiz.

3-4 sohada real, konkret progressga guvohmiz. Birinchidan, siyosiy mahbuslar ozod etilgani. Kamida 10 siyosiy mahbusga erkinlik berildi. Lekin minglab siyosiy mahbuslar hamon panjara ortida. Biroq taniqli va uzoq vaqt mobaynida qamoqda o’tirgan insonlar qo’yib yuborilgani salmoqli o’zgarish. Muhammad Bekjon, muxolif gazeta bosh muharriri bo’lgan odam, masalan. Men sentabr oyida O’zbekistonga kelganimda qamoqdagi jurnalist Solijon Abdurahmonovning rafiqasi bilan uchrashgan edim. Oradan sal otmay, bu inson ozod bo’ldi.

Hukumat va xalq bir-biriga yaqinlasha boshlagani, nazarimizda, ikkinchi sezilarli o’zgarish. Prezident mutasaddilarni odamlar bilan muloqot qilishga, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lishga va mas’uliyat bilan ishlashga undab kelayotgani ham ijobiy hol. Karimov davrida ham shunday gaplar yangrab turar edi, lekin hozir amalda ham ko’zga ko’rinarli ishlar qilinmoqda. Masalan, xalq qabulxonalari tashkil etilgani.

Izlanishlarimiz shuni ko’rsatmoqdaki, prezidentning qabulxonasiga murojaat qilganlarning ko’pi masalasi hal etilgani yoki etilayotganini aytmoqda. Gaz yo’qligi, korrupsiya, mulk yoki pasport bilan bog’liq muammolardan norozi omma davlatga murojaat qilib, javob olayotgani quvonchli hol.

Oldingi O’zbekistonda bunday muammolar deyarli tan olinmas edi. Fuqarolarga hukumat befarq edi. Noliganlarni urushishar edi. Fuqaroni pisand qilishmas edi. Islom Karimov hatto milionlab fuqarolarni chet elga ketgani uchun yomonlab chiqqan. Ular axir imkoniyat izlab, tirikchilik yo’lida ketgan edi. Hozirgi prezident hozirgi yondashuvini o’zgartirmasligi kerak. Prezident davlatni mas’uliyat bilan ishlaydigan tuzumga aylanishi uchun qo’lidan kelgan barcha chorani ko’rishi kerak.

Axborot va matbuot erkinligi yo’nalishida ham ayrim ijobiy o’zgarishlar sezildi va sezilmoqda. Jonli teledasturlar efirga chiqa boshlagani iliq kutib olindi. Ularni keyin bosh vazir aralashuvi bilan to’xtatishdi, biroq xalq orasida bunday shoularga talab borligi ayon bo’ldi. Lekin oldin ko’tarilmagan muammolar maydonga chiqqani, muhokama qilina boshlangani juda muhim. Bu jarayonlar davom etadi degan umiddamiz. Davlat axborot vositalarida ham ozgina bo’lsa-da jasorat sezilmoqda. Onlayn manbalar, masalan, Kun.uz ancha ildam harakat qila boshladi. Jurnalistlar va ularning tashkilotlari uchun sinov davri. Cheklov qayerda ekanini bilishga harakat qilishmoqda. Prezident berk yo’llarni ochishda yordamlasha oladi.

Salbiy o’zgarishlar ham bor. Sentabr va oktabr oylarida jurnalistlar qamoqqa olindi. Eski usullar asosida olib borilayotgan tergovlar, tekshiruvlar, tazyiqlar haqida ma’lumotlar oldik. Jurnalist Bobomurod Abdullayev bedarak ketdi va keyinroq bildikki, unga og’ir ayblovlar qo’yilmoqda. 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

27-sentabrda Turkiyadan qaytgan adib Nurulloh Raufxon hibsga olindi va ekstremizmda ayblandi. Keyin uni qo’yib yuborishdi lekin ish yopilmadi. U oldin qora ro’yxatda bo’lgan va “olib tashlandingiz” degan ma’lumotga ishonib qaytgan. Yozuvchining “Bu kunlar” degan kitobi oldingi rahbar Islom Karimovni tanqid qiladi, lekin uni ekstremist adabiyot deb tamg’alashgan. Bizning vazifamiz inson huquqlari poymol etilgan hollarga e’tibor qaratish va bunday hollar, afsuski, hamon ko’p.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanadigan doirani qanday baholaysiz? Kim bilan ishlashni istaysiz, sheriklaringiz kim O’zbekistonda? Bilamiz, hukumatdagilar, qonunchilar, xususiy sektor, fuqaro jamiyati va mustaqil faollar bilan muloqotdasiz. Kim siz bilan hamkorlik qilishga moyil?

Stiv Sverdlov, HRW: Hozir siz aytgan tomonlarning hammasi bilan ishlagan bo’lar edik. O’zbekistonning ajoyib jihati - aholining yosh ekani. Ularning aksariyat qismi qishloq joylarda yashaydi. Biz juda ko’p yo’nalishlarda ishlaymiz, jumladan, dehqon va fermerlar huquqlari himoyasi. Biz hamma bilan ishlashga shaymiz.

Oliy Majlis faollashib, bosh qomusda belgilangan vakolatlari asosida va mustaqil organ sifatida oyoqqa turishni boshlagani ijobiy hol. Biz parlament, xususan uning huquq bilan bog’liq qo’mitalari bilan ishlashni xohlaymiz. Davlatning boshqa organlari bilan ham hamkorlik qilishni istaymiz.

Karimov davrida bu organ kuchsizlikda ayblanar edi. Zaif, der edik. Bugunga kelib, qonunchilar ham, hukumat ham buni o’zgartirishga bel bog’lagandek. Uchrashuvlarda bu yaqqol sezildi va biz mamnunmiz.

Ichki ishlar vazirligi va diniy ishlar bo’yicha qo’mitada qizg’in bahslar kechdi. Siyosiy mahbus degan atama ustida tortishdik. Hukumat “bizda siyosiy mahbus yo’q” deydi, biz buning aksini aytamiz. Lekin biz bu organlar bilan ishlamoqchimiz. Maqsad axir mamlakatda huquq va qonun ustuvorligi bilan bog’liq vaziyatni yaxshilash. Shunday ekan, rolimiz boshqa-boshqa bo’lgani bilan, hamkorlik qila olamiz. Fuqaro jamiyati va jurnalistlar bilan ham sherikmiz. Ular har bir davlatda eng ko’p narsani biladigan odamlar. Shuningdek, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi faollar. Viloyatlardagi huquq himoyachilari ham bizning azaliy hamkorlarimiz. Ular hamma narsadan xabardor, fuqaro ravnaqi uchun tinim bilmaydigan odamlar. Paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatayotganlar ham shular. Xullas, sheriklar ro’yxati uzun.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Stiv, lekin ko’plab huquq himoyachilari tazyiq va bosim ostida chiqib ketgan yoki qamalgan. Huquq himoyasi bilan mashg’ul odamlar juda kam hozir O’zbekistonda… Yangi avlod haqida gapirish mumkinmi?

Stiv Sverdlov, HRW: Yangi avlod ko’rina boshlagan. Lekin ular hamon soyada. Fuqaro jamiyati va huquq himoyasi degan narsalarni odatda juda tor ma’noda tushunamiz. Aktivist bo’lishingiz shart emas. Lekin o’z mahallangizda muammolar yechimi va adolat uchun kurashib kelayotgan bo’lishingiz mumkin. Chet elda o’qib kelib, ilmini amalda qo’llashga urinayotgan, turli tashabbuslar bilan chiqayotgan odamlar bor. Ayrimlarga qarab lol qolasiz. Tasanno, deysiz. Tarjimonlar deysizmi yoki umuman boshqa sohadagi odamlar, lekin vatani va xalqi foydasi uchun xizmat qilayotgan fidokor insonlar. Inson huquqlari oyoqosti qilinmasin, ular buzilgan hollarda adolat ta’minlansin, real vaziyatga loqayd bo’lmaylik deb yurgan mutaxassislar bor.

Huquq himoyachilari sifatida maydonga chiqqanlar bosimga uchrayotganiga ham guvohmiz. Masalan, Malohat Eshonqulova. Paxta terimini yaqindan kuzatishga uringan faol. Qiynoqlar masalasini ko’tarib chiqqan. Lekin propiskasiz yuribdi. Hukumat, xususan prezident, inson huquqlarini himoya qilgan fuqarolarga tazyiq o’tkazilmasin, ularga qarshi kuch ishlatilmasin deb chiqishi kerak. Prezident ular bilan muloqotni yo’lga qo’yishi zarur. Parlament balki bu insonlar dardini tinglashi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O’zbekiston hukumati va sizning orangizda ishonch hosil bo’lishi uchun, bir-biringizga nisbatan konstruktiv munosabatga ega bo’lishingiz uchun nimalar qilayapsiz va qilmoqchisiz? Til topishish juda qiyin va orada keskin kelishmovchiliklar bor. Bu jarayonni qay yo’sinda eplamoqchisiz?

Stiv Sverdlov, HRW: Hukumat bizni yaxshi tushunadi deb o’ylayman. Uchrashuvlarda shunga amin bo’ldimki, ular bizning maqsadimizni bilishadi va bizdan boshqa narsani kutishmayapti. Ya’ni, “Human Rights Watch” inson huquqlarini himoya qiladigan tashkilot. Mustaqil tashkilot. Bizni tanqidchi organ sifatida qabul qilishadi. Biz bundan mamnunmiz. Dolzarb mavzularni ko’taraveramiz.

Prezident Mirziyoyevdan huquq bobida ijobiy qarorlar chiqarishni kutib qolamiz. Qamoqdagi faollarni ozod etishni davom ettirish kerak. Shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi mamlakatdagi faoliyatini qayta yo’lga qo’yadi degan umiddamiz. BMT maxsus vakillari uchun ham eshik ochiq turishini istaymiz. Yaqinda diniy erkinliklar bo’yicha maxsus vakil kelib ketdi. Bu juda yaxshi.

Prezident Mirziyoyev fuqaro jamiyati bilan yaqindan ishlab, mustaqil huquq himoyachilari va faollarga ham davrani ochishi kerak. Ular ham islohotlarga hissa qo’shishi uchun zamin yaratilishi lozim.

Rahbariyat va butun hukumat tanqiddan qo’rqmasligini ko’rsata olishi zarur. Tanqid sistemani to’g’ri yo’lga solib, o’sha yerda turishida muhim rol o’ynaydi.

Umidga to’lamiz. Xalqaro axborot vositalari uchun ham eshik ochilishi kerak, masalan “Amerika Ovozi”ga.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz buni juda xohlaymiz.

Stiv Sverdlov, HRW: “Ozodlik” va BBC ham qaytishi kerak. O’zbekistonda xalqaro tashkilotlar va matbuot qanchalik faollashsa, jamiyat shunchalik ochiladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Rahmat, Stiv. Suhbat uchun katta rahmat. Mavzu ko’p, vaqt esa har doimgidek oz. O’zbekistonga safaringiz maroqli va sermazmun o’tsin.

Stiv Sverdlov, HRW: Sizga ham katta rahmat!

Uzbekistan: What progress in human rights?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:25:51 0:00
Bugungi O’zbekiston, fuqarolar va ularning huquqlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:19:37 0:00

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG